Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasida yoʻlovchilardan pul talab qilgan shaxs qoʻlga olindi
U qoʻlidagi ashyo bilan odamlarga tahdid qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi Qoplonbek chegara oʻtish punktida olingan video tarqaldi.
Unda nomaʼlum shaxs fuqarolarni otverka bilan qoʻrqitib, ulardan pul talab qilgani aks etgan.
Qozogʻistonning Turkiston viloyati politsiya boshqarmasi matbuot xizmati noqonuniy harakat boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.
Bayonotda aytilishicha, Turkiston viloyatida doimiy yashash joyi boʻlmagan, ishsiz 43 yoshli fuqaro jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib hibsga olingan.
Gumonlanuvchi Turkiston viloyati Sariagash tuman politsiya boshqarmasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
Hozirda tergov choralari olib borilmoqda. Chegara hududida, jumladan, davlat chegarasidan oʻtayotgan fuqarolarning jamoat tartibini va xavfsizligini taʼminlash alohida nazorat ostida, deyiladi xabarda.
