Metroda islohotlar: oynali toʻsiq, masofaga qarab toʻlov va boshqalar
Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati va xavfsizligini taʼminlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
2030 yilgacha metropolitenda kunlik yoʻlovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5-3 daqiqagacha qisqartirish koʻzda tutilgan.
2026-2028 yillarda xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi obʼektlari texnik bazasini takomillashtirish choralari koʻriladi.
Yoʻlovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya toʻsiqlarini oʻrnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga koʻra, bunday toʻsiqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80-90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular qoʻshimcha reklama maydonlarini yaratish orqali daromadlarni oshirishga ham xizmat qiladi.

Yangi liniyalar ham quriladi: “Mingoʻrik – Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi boʻyicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda “Mingoʻrik – Janubiy vokzal” yoʻnalishi, ikkinchi bosqichda esa “Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori” yoʻnalishini qurish imkoniyatlari oʻrganiladi.
Metropolitenda qoʻshimcha daromad manbalarini shakllantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Vagon va platformalarda raqamli reklama maydonlarini auksion orqali xususiy sektorga ijaraga berish, metro bekatlarida vending apparatlari, kichik savdo obʼektlarini joylashtirish, stansiyalar oldida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, boʻsh turgan bino va xonalarni kovorking va kichik ofis sifatida tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish taklif etildi.
Avtotransportdan metro tizimiga qulay oʻtishni taʼminlash maqsadida “Park&Ride” tizimini yoʻlga qoʻyish taklif qilindi.
Taqdimotda harakat tarkiblarini yangilash va elektrodepo qurish masalalari ham muhokama qilindi. 2027-2030 yillarda metropoliten uchun talab etiladigan harakat tarkiblarini xarid qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi. Shu munosabat bilan yangi harakat tarkiblari uchun elektrodepo qurishga zarur yer maydoni ajratiladi.
Shuningdek, 2027-2035 yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilanmoqda. Unda metropoliten tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish, yoʻlovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish, ekologik barqaror, energiya tejamkor va xavfsiz transport tizimini yaratish, servis sifati va yoʻlovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish vazifalari qamrab olinadi.
Xorijiy tajriba asosida masofaga qarab toʻlash, aholi toifalari uchun imtiyozlar, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimini joriy etish imkoniyatlari oʻrganiladi.
