Bu oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan boʻlmadi — shoir Usmon Azimdan katta maqola
Gazeta-jurnallarda yozganlarimni nashr etish nari tursin, ism-familiyamni ham oʻchirib tashlaydigan boʻlishdi. Men nima qilgan edim? Bir koʻrsatuvda “birovlar harom-xarish yoʻl bilan pul toʻplayapti – payti kelgach, pullarini koʻtarib xorijga joʻnab ketadilar”, degan rost gapni aytgan edim xolos.

Haqiqiy yozuvchi-shoirlar haqiqatni yozishni xush koʻradilar.
Dunyoning qaysi bir chetidagi adolatsizlik ularga xuddi oʻzining uyida roʻy berayotgandek tuyuladi. Qaydadir adolatning barqarorligi yoki gʻalabasi ularning ruhini koʻtaradi. Ular uchratgan har bir yaxshi odamning muvaffaqiyatidan quvonadi, odamlarning muammolari esa ularning ham muammolariga aylanadi.
Ular – vatanparvar. Har holda Oʻzbekistonda xuddi shunday. Vatanning gullab-yashnashi, ijobiy oʻzgarishlar har bir fuqaroning hayotini yuksaltirish sari qoʻyilgan qadam ekanini teran his qiladilar, kayfiyatilari koʻtariladi. Xudoga ming shukurkim, bu oʻzgarishlar har soatda, har kun roʻy berib turibdi. Butun mamlakat harakatda. Eng muhimi, bu islohotlar jaydari tusda emas, balki jahonning eng ilgʻor texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Sharoitlar yaratilgani tufayli investitsiyalar bemalol kirib kelyapti. Rivojlanish shiddati butun mamlakatni qamrab olgan.
Qalam ahli bu va koʻplab boshqa yutuqlardan boxabar. Muammolarni bartaraf etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni ham mudom sezib turadilar.
Yaqinda bir dasta ijodkor doʻstlar bilan qoʻshni doʻst mamlakatga safarda boʻldik. Bir kech oʻz-oʻzidan badiha davra tuzilib, suhbat gurillab ketdi. Avval mezbon mamlakatni Oʻzbekiston bilan taqqos qila boshladik. Baravariga “biz oldinga ketibmiz” degan xulosaga keldik! Bugungi Oʻzbekiston haqida gaplashdik. Men yetmish olti yil umr koʻrganimni, ammo xalqimiz hech qachon bunday yayrab yashamaganini aytib qoldim. Davradagilar bu gapimni ham bir ogʻizdan tasdiqladi. Ha, shunday! Hech qachon bunday yashamaganmiz!
Yuraklarni faxr bilan toʻldirgan bu eʼtiroflar qachon koʻnglimizni toʻldirdi?
Axir biz eʼtirof etgan yutuqlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq-ku?
Uning ortida kimning mehnati-yu zahmati, betinim harakati yotibdi?
Mamlakatimizning barcha mintaqalarida yoyilgan bunyodkorlikka kim gʻayrat-shijoat bagʻishlayapti?
Bu savollarga javob bitta: bu olamshumul zafarlarning ortida bir kishining, ha, bir kishining – Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fidokorligi turibdi.
Oz emas, koʻp emas, Yangi Oʻzbekistonni qurmoqchi boʻlgan shu azamat insonning misli koʻrilmagan fidokorligi!
Men bu inson haqida koʻp oʻyladim. Oxiri bu odam haqida yozmasam, adolatdan boʻlmas ekan, degan qarorga keldim.
Yoʻq, xushomad qilish niyatim yoʻq. Nimaga xushomad qilaman? Yoshim bir joyga borgan boʻlsa, mukofot-u unvonlarni ham hech kimga likillamay olgan boʻlsam...
Bu islohotlar boshlanganda mamlakat qay ahvolda edi?
Odamlar qanday yashayotgan edi?
Oʻzimning boshimdan oʻtkazganlarimni bir eslay.
Men koʻp qavatli uyda yashayman. Uyimiz necha-necha qishlar boʻyi isimasdi. Bir farzandim keyinchalik “shu uyda bir umr sovuq qotib ulgʻaydik”, deb esladi.
Nafaqaga chiqdim. “Nafaqangni yarmi” toʻlanadi deyishdi. Nima deyman? Xoʻp-da... Koʻpga kelgan toʻy.
Maosh hemiri. Yarim pensiyaga qoʻshib, oydan-oyga arang yetkazamiz.
Toʻlov plastik kartasi bilan mashmashalarni-ku aytmay. Doʻkonga borasan. Kerakli molning narxini soʻraysan. “Naqd olsangiz sakson soʻm, plastik karta bilan toʻlasangiz yuz”...
Denovda bozorning naq oʻrtasida plastik kartalardagi pullarni naqdga almashtirish “punkti” ochildi. Oʻsha bezbet shaklda – yuz soʻm yechib olishsa, sakson soʻm qoʻlingga berishadi. Eng dahshati, bu punktni bunday hollar yuz bermasligini nazorat etuvchi tashkilotlarning odamlari amalga oshirdi. Dodingni kimga aytishni bilmaysan..
Bu loʻttibozliklar butun xalq koʻz oʻngida roʻy berdi. Hech kim “miq” etolmadi. Qoʻrquv. Bu qoʻrquvdan yaralgan taqdirsizlik – ertani oʻylashdan choʻchish mudom yelkadan toshday bosib turdi.
Qarz koʻtardim. Dollarda qarz berganlarga, dollarda qaytarib berish kerak. Bank kassalarining yoniga ham borolmaysan. Banklar dollarni sotuvga chiqarib, oʻzlari sotib olib yotibdi – odamlarini qoʻyib qoʻyishgan – allaqanday shanqi xotinlar...
Bozorga borasan. “Dollarchi”lar shaykasi har qadamda... Dollarning narxi rasmiy narxdan ikki barobar baland. Koʻr boʻlib olasan.
Surxondaryodan gʻalla yetishtirgan bir tadbirkor menga uchrashib gʻallasini topshirganini, ammo haqini yeb ketishganini aytdi. Men bir-ikki amaldorga aytgan boʻldim. Biror natija chiqmadi. Tadbirkor shu xoʻrlikning jabridan oʻlib ketdi...
U-bu joylardagi oʻzgarishlar odamlarning dasturxoniga yetib kelmadi. Mamlakatni firibgarlar bosdi.
Bu ishga qarshi kurashishi lozim boʻlgan tashkilotlar davlat ichida davlat tuzdi. Odamlar ustidan zoʻravonlik joriy etildi.
Masalan, Surxondaryoda Xavfsizlik xizmati allaqanday fashistik (boshqa soʻz ularning qilmishini ifodalab berolmaydi) tizim oʻrnatdi. Odamlarni pashsha oʻrniga koʻrmadilar. Xoʻrladilar, mulklarini tortib oldilar, misli koʻrilmagan qiynoqlarga soldilar, oʻldirib ham yubordilar. Qiynoqlarning Stalin zamonida kechgan usullarini qoʻlladilar. Ularni yanada yangi “pogʻona”larga koʻtardilar.
– Tirnoqlarimni sugʻurib oldilar, deb zorillab eslaydi ularning qoʻliga tushgan bir begunoh. – Hammasini baravariga sugʻursalar ham mayli edi, har kun bittasini sugʻuradilar”...
Hatto hokimlarga ham tayziq oʻtkazildi. Bu yurtda ular ham ishlashdan bezib qoldi. Noiloj, ishdan ketish haqida ariza yozdilar.
Mustaqillikdan odamlarning koʻngli qola boshladi.
Bitta-yarim tanishlar menga ham taʼna qila boshladilar. “Ana, siz orzu qilgan istiqlol”...
Rosti, men ham bebaxt yashadim. Gazeta-jurnallarda yozganlarimni nashr etish nari tursin, ism-familiyamni ham oʻchirib tashlaydigan boʻlishdi. Men nima qilgan edim? Bir koʻrsatuvda “birovlar harom-xarish yoʻl bilan pul toʻplayapti – payti kelgach, pullarini koʻtarib xorijga joʻnab ketadilar”, degan rost gapni aytgan edim xolos. Bu koʻrsatuv tufayli televideniyedagi necha-necha ijodkorlar jazolandi, ishdan ketdi...
Tan olaylik, mustaqillikning ilk davrida yangi tizimli mamlakatni bunyod etish, nochorlikdan qutulish uchun bir qadar qattiqqoʻllik ham zarur edi. Ammo mamlakat rivojlanib borgan sari bu qattiqqoʻllik oʻrnini, adolat oʻlchamlariga mos yoʻriqlar asta-asta egallab borishi kerakligi ham barchaga ayon edi. Biroq bunday boʻlmadi. Chunki eng tepadagi odam ham nayrangbozlarning qoʻlida asirday yashadi. Joylarda roʻy berayotgan, hatto oʻz oilasida roʻy berayotgan voqealardan ham gʻofillikda qoldi. Barcha adolatsizliklar sir tutildi.
Yuqoridagi yozganlarimni hech kim rad etolmaydi. Ularni bor boʻyicha koʻrsatish uchun esa necha jildlab kitoblar yozilsa boʻladi. Men faqat boshimdan oʻtkazganlarimning va tugʻilgan yurtim Surxondaryoda roʻy bergan mashhum voqealarning bir qisminigina eslayapman.
Avj olgan muammolarni bartaraf etish yoʻllarini hech kim bilmasdi.
Biroq Parvardigor bilguvchidir! U mamlakatni rivojlanish sari yoʻnaltirish uchun nima qilish kerakligini aniq bildi.
Mamlakat prezidentligiga Shavkat Miromonovich Mirziyov saylandi va… birdan moʻʼjizalarga oʻxshash hodisalar roʻy bera boshladi.
Yuqorida aytib oʻtganim koʻrguliklar bitta-bitta yechimni topib ketaverdi. Toʻlov plastik kartalari risoladagiday ishlay boshladi, pensiyalar toʻliq beriladigan boʻldi, banklar yangicha ishlash tizimiga oʻtishdi – xohlasalaring, mana, soʻm; istasalaring dollar, marhamat... Surxondaryodagi odam qiyofasidagi hayvonlar ham jazosini oldi. Ammo bu yechimlarni topish uchun qanchalar sabot va jasorat kerak boʻlgani faqat va faqat Shavkat Miromonovichning bir oʻziga ayon. Axir qalamga olganim hodisalardan tashqari, u kishining zimmasida yana qancha qancha tashvishlar bor edi.
Birgina Surxon xalqini zor qaqshatgan mustaqillikning zararkundalari shaykasini tugatish naqadar qiyin boʻlganini tasavvur qilaman. Axir ular osmondan tushmagan – bu gumrohlarni Toshkentdan martabasi baland, beli baquvvat, birovni nazar-pisand qilmaydigan homiylari qoʻllab-quvvatlab turardi. Bu jinoyatchilar toʻdasining koʻlami juda katta – bir-birlari bilan zich bogʻlanib ketgan; xalqning manfaati degan muqaddas tushunchani tushida ham koʻrmagan, odamlar hayotini xasdan ham arzon bilgan bedavolardan iborat edi. Avval mana shu toʻdaning boshi kesildi. Bu ish oson boʻlmadi.. Boʻshangroq bir odam boʻlganda, ular bilan murosa–madora etib ketaverardi. Ammo Shavkat Miromonovich bunday qilishni oʻziga ep bilmadi. Chunki oʻrtada vatan, xalq taqdiri bor edi. Boʻlajak vatanni bunday toʻdalarga panja orasidan qarab emas, balki bu toifa noqislardan tozalab, pokiza niyat va ezgu harakatlar bilan yaratish lozimligini Shavkat Miromonovich mudom teran his etib turardi.
Vatanni halol odamlar yaratishini bu inson juda teran tushunadi.
Qotillik illati yuqqan bu kaslarlar el-yurt ozod qilindi. Avval “tepa”dagi, kiyin pastdagi qatlam ildizi bilan sugʻurib tashlandi. Bu gaplar aytishga oson...
Mamlakatimiz tarixida bu voqealar kimgadir juda kichik bir epizod boʻlib tuyular, ammo xalqning boshiga chiqib olgan bunday jirkanch toʻdalardan ozod etish rahbarimizdan qanchalar matonat va qatʼiyat kerak boʻlganini bir tasavvur qilib koʻring!
Esimda, bu voqealar nihoyasiga yetkazilgach, prezidentimiz Surxonga tashrif buyurib, “Surxondaryo xalqi endi ozodsan!” deb elga murojaat qilgan edi.
Haqiqatan ham Surxondaryo erkin nafas oldi.
Men faqat yaxshi bilganim Surxondaryo haqida yozyapman. Oʻzbekistonda esa oʻn ikkita mintaqa bor. Ularning muammolarni hal etishdagi prezidentimizning mardonavor saʼy-harakatlarini qalamga olish uchun esa bu maqola torlik qilishini, sezib turibman.
Odamlar yaxshilikka tez koʻnikishadi. Bir-ikki “yaxshi boʻldi-ye!” deb quvonishadi-yu, xuddi hamisha shunday boʻlganday oʻtib ketaveradilar. Nazarimda shunday boʻlgani ham durust! Odamlar odamga oʻxshab yashashni oʻrganyaptilar! Munosib yashash moʻʼjiza emas, shunchaki har kun biz yuzma-yuz duch keladigan voqelik ekaniga koʻnikib boryapmiz-da!..
Ammo men rivojlanish jarayoni shu qadar jadal boryotganidan baribir quvonaman.
Avliyolar, olimlar maskani boʻlgan Termiz es bilganimdan buyon koʻrimsiz, chang-toʻzonga qorishgan, soya-salqindan yiroq – yopiq harbiy bir shaharcha edi. Unga kirishning oʻzi ham bir mashaqqat – harbiylarning posti oʻrnatilgan, har bir yoʻlovchining pasportini sinchiklab tekshirishar, agar Surxondaryo hisobida boʻlmasang, oʻtib koʻr-chi!
Mustaqillikdan keyin esa, xabaringiz bor, bunday tekshiruvlar yanada avj oldi. Endi har bir viloyat oʻrtasida sunʼiy toʻsiqlar – militsiya postlari oʻrnatildi. Bu hol xalqimizning mamlakatimiz boʻylab erkin harakatlanishiga xalaqit beradigan ortiqcha mashmasha edi. Pasportni unutgan boʻlsang, bu postlardan oʻtishning yagona yoʻli – yoʻlini topib, bu posbonlarga pora berish... Boshqa ilojing yoʻq. Nazarimda, bu postlar xuddi shunday vaziyatni yaratish uchun qoʻyilgan tuzoq edi...
Surxondaryoda esa bu hol yoʻlovchini jiddiy tahlikaga soladigan darajada murakkab – viloyatga kirishda – Darband postida xuddi xorijga ketayotganingday bor-yoʻgʻing tintilar; yuklaring esa lentaga solib, oʻtkir koʻzli uskunalar yordamida, koʻzdan kechirilardi. Bu ham yetmaganday, chamadon-u sumkalar ham ochib tekshirilardi... Tintuv. Xullas, pora bermasang qutulib boʻpsan. Termizga va Sariosiyoga kiraverishda yana shu holga duch kelinar edi.
Bu toʻsiqlarning hammasi Shavkat Miromonovichning bir shashti bilan yoʻq boʻldi.
Chang-u gʻuborga qorishgan Termiz ham birdan oʻzgara boshladi.
Hozir bu shahar koʻchalarining ikki chetida anvoyi daraxtlar soya tashlab turibdi. Ketgunicha yam-yashil chimzor. Gullar ajib bir did bilan ekilgan. Yaqinda mehmonxonadan mashinada chiqib, aeroportgacha mana shunday goʻzal – bir qarich ham uzilmagan manzarani oralab, aeroportgacha bordim. Xorijiy kurort shaharchalarini eslatadi. Yangi qurilgan shinam, koʻrkam turar joy imoratlari ham yarashiqli. Menga oʻqituvchilardan biri “odamlarning uy-joy boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondirilgan, bir xonadonda ikki-uch oila tiqilib yashashdan xolis boʻlgan”, deb qoldi. Amaldor emas, oʻqituvchi aytdi.
Termiz esa oʻsyapti. Baland-baland binolar qad koʻtaryapti. Hatto shahar erkin nafas rostlab – tiqilmay kengayishi uchun qoʻshimcha yerlar kerakligi koʻzga tashlanib qoldi. Shavkat Miromonovich bu masalani ham hal qilib berdilar, shaharga qoʻshimcha joylar ajratildi.
Oʻquvchida Surxondaryoda faqat Termiz gullab-yanayotgan ekan, degan taassurot qolmasligi uchun aytib qoʻyay, viloyatlardagi barcha tumanlar oʻzgacha qiyofa kasb etgan. Chamasi besh-olti yil avval bir guruh sanʼatkorlar bilan Surxonning shimoliy hududlari sari ketayotgan edik. Yoʻlda bir zum chalgʻibman. Oʻzimga kelib qarasam, bir notanish shaharning yonidan oʻtyapmiz. Koʻp qavatli uylar, oralarida orasta yoʻlkalar, daraxtlar, bolalar oʻynaydigan maydonchalar lip-lip oʻtadi. Qayerga kelib qoldik? Surxondaryoning har bir qarich yerini bilaman. Nahotki tush koʻryotgan boʻlsam? Biroz yurgach, angladim, bu – Denov. Ha, oʻzim boshdan-oyoq kezib-bilib yurganim Denov! Ey, xudo! Bu shahar ichidagi shahar – moʻʼjiza qachon, qanday barpo boʻldi? Shuncha tezmi? Angladim – bu moʻʼjiza Prezidentimiz shijoati tufayli bunyod boʻlgan! Soʻng tasavvur qildim – mamlakatda qancha tuman bor, qancha shahar bor, boringki, mahallalar bor.... Barchasida mana shunday bunyodkorlik ketayotgan boʻlsa kerak-da! Ketyapti!
Butun mamalakatda bunday yoppa bunyodkorlikni qaysi qudrat harakatga keltiryapti? Bu savolga javob aniq: Shavkat Miromonovich Mirziyoyev!
Men majlislarga kam qatnashaman. Maqsad majlis oʻtkazishdangina iborat boʻlgan yigʻinlardan oʻzimni tortaman.
Ammo yaqin kunlarda ikki majlisda qatnashib, vaqt qanday oʻtganini sezmadim. Zavqlanib oʻtirdim. Oʻzbekistonni sevadigan bir vatanparvar sifatida faxr-u quvonchga toʻldim. Gap vatanimizning bir boʻlagi boʻlgan Surxondaryoning ertasi haqida ketdi. Prezidentimiz viloyatda oʻttizinchi yillarga qadar amalga oshiriladigan rejalar haqida soʻzladilar.
Majlisda rejalar haqida shunchaki gapirilmadi, balki uni amalga oshirish uchun puxta, koʻlamli va aniq tayyorgarlik koʻrilgani maʼlum boʻldi. Masalan, mana bu tarzda: reja loyihasi tayyor, mablagʻ bor (bank boshligʻi tasdiqlaydi, yoxud jahondagi qaysi investor bilan kelishilgani aytiladi), bu rejani amalga oshiradigan tashkilot ham shay turibdi. Ishni qachon boshlash sanasi ham avvaldan aniqlangan. Mutassadilar yana bir bor majlis ahli oldida axborot berdi. Har bir loyihada qancha ish joyi yaratilishi ham ochiqlanib borildi. Yuzlab, minglab...
Har bir reja haqida soʻz ketganda, shu tartib amalga oshirildi. Biror bir ishni amalga oshirish orzu sifatida aytilmadi. Aksincha, qatʼiy ishonch bilan axborot berildi.
Bu rejalarning bir uchi xorijga borib qadalganda esa, onlayn tarzda majlisda qatnashayotgan elchilarimiz chet ellik hamkorlarning hozir turganliklarini, Oʻzbekistondan imo boʻlgach, shu zahotiyoq uchib borishlarni maʼlum qildilar. Xorijlik hamkorlar ham unday-bunday mamlakatlardan emas – Xitoydan tortib, Janubiy Afrika Respublikasigacha!
Shavkat Miromonovich hech narsani unutmadi. Prezident bugun nima ishlarni bajarish lozimligini, ertaga nimani amalga oshirish kerakligini ichki – ong orti tuygʻu bilan his qilishini shundoq sezib turdim.
Katta-yu kichik muammolarning yechimini topishda bir xil masʼuliyat bilan yondashishlariga, baʼzan badihalarga ham guvoh boʻldim.
Majlisdan avval boysunlik – kurash boʻyicha birinchi jahon chempioni Toshtemir polvon Toʻraboyev bilan uning yosh kurashchilar uchun ochilgan internat-maktabi haqida suhbatlashgan edik. Majlis soʻngida prezident ana shu polvonga murojaat qilib qoldi.
– Sening internatingning maktabi yoʻgʻ-a?
– Yoʻq, – dedi polvon.
– Bolalar qayerga oʻqishga boradi?
– Shu atrofdagi qishloqlardagi maktablarga.
Shavkat Miromonovich koʻzlari bilan zaldan kerakli odamni izlab topdi:
– Puling bor-a?
“Ha”, deb, oʻrnidan qoʻzgʻaldi “kerakli odam”.
– Shu polvonning internatiga maktab qurib berolasanmi?
“Kerakli odam” jon deb rozi boʻldi.
– Bir sentabrgacha tayyor boʻlsin...
Zavqlanganimdan, sekingina boʻlsa-da “vo-ya” deb yubordim. Axir Shavkat Miromonovichning yelkasida oʻttiz toʻqqiz million xalqning tashvishi! Mamlakatda ehhe, qancha maktab bor! Endi kelib-kelib prezident Toshtemir polvonning maktab-internati muammosini eslab oʻtirsa!..
Yigʻinda menga ham soʻz berildi va men bu majlisni “surxondaryoliklar uchun bayram” deb atadim. Chunki tushunishimcha, Vatan degan muhtasham imorat rivoji uchun qoʻyilgan birgina har gʻisht bayram. Bugun esa qanchadan qancha gʻishtlar qoʻyildi!
Men bu majlisdagi amalga oshiriladigan har bir reja yurt xazinasi qanchalar boyishi, odamlar dasturxoniga qanchalar fayz-u barokat kirishi haqidagi raqamlarni eslab oʻtirmayman. Chunki ular matbuotda yetarlicha yoritildi.
Ammo bir qutlugʻ xabarni aytmasam boʻlmaydi.
Yigirma oltinchi aprelda Boysunga boradigan boʻldim.
Termizdan keladigan yoʻl manzilga olti-yetti kilometr qolganda, yuqoridagi majlisda tilga olingan – bir necha yillardan buyon qurilishi davom etayotgan Darband-Denov trassasiga qoʻshiladi. Biz boʻlajak trassaga tushdik. Pishiq qilib ishlangan beton yoʻl. Gʻizillab ketyapmiz. Faqat ikki joyda gavarasi koʻtarilib, qurilishi nihoyasiga yetmagan koʻpriklarni aylanib oʻtdik xolos. Ichimda bir-ikki oyda bitib qolar, deb oʻyladim.
Toʻrt kundan keyin, “Boysun bahori” bayramiga qatnashish uchun shu yoʻldan yana oʻtishga toʻgʻri keldi. Bu safar mashinamiz tayyor boʻlgan koʻpriklar ustidan gʻizillab oʻtib ketdi! Ha, tayyor boʻlgan koʻpriklar ustidan! Oradan faqat toʻrt kun oʻtib!.. Yana ruhimni quvonch seli bosdi! Qoyil! Va Termizdagi majlisda aytilgan barcha rejalar oʻz muddatida bajarilishiga imon keltirdim.
Prezidentimiz yigʻin soʻngida shu taxlit rejalar bilan har viloyatga va Qoraqalpoq respublikasiga borilishini taʼkidlab oʻtdilar! Yana mamlakat kelajagini yaratish yoʻlida yoppa, jadal harakat! Bir zum boʻshashmaydigan, el dasturxoniga barakat beradigan rejalar. Bu rejalarning asoschisi Shavkat Miromonovich ham bir zum tinim bilmaydigan, mudom xalq manfaati uchun kuyib-yonadigan inson! Ezgu niyatlariga farishtalar omin deydi! Parvardigor rahmat eshigini ochadi.!
Men yaqin kelajakda yurtimiz dunyodagi eng ilgʻor mamlakatlar qatoridan oʻrin olishiga ishonaman. Bu ishonchimga qoʻshilmaydiganlar boʻlsa, Jahon bankining Oʻzbekistonni rivojlanish surʼati haqidagi raqamlariga murojaat etsin. Bank 2026 yilda mamlakatimiz yalpi ishlab chiqarishi surʼatini 7,7 foiz etib prognoz beryapti. Xorijlik mutuxassislarning fikricha, oʻn-oʻn ikki yildan keyin Oʻzbekistonning yalpi ishlab chiqarishi trillion dollardan oshar ekan! Trillion! Bular osmondan olingan emas, aniq faktlar tahlili asosida yuzaga kelgan raqamlar! Koʻz tegmasin!
Uzr, xorijlik mutaxassislarni ham xijolat etib qoʻyyapmiz? Yuqoridagi raqamlarni yozgandan keyin – hozirgina oʻqib qoldim: oʻsishimiz surʼati ularning taxminidan juda yuqori – 8,7 foizdan ziyodroq ekan!
Dunyoning ulugʻ donishmandlari insoniyatni tutib turgan qadriyatlar haqida oxir-oqibat yagona xulosaga kelganlar. Insonlar, xalqlar, davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarga oʻzi ham aralashib, ne-ne gʻavgʻolarni boshidan oʻtkazgan Alisher Navoiy bir kun mana bunday satrlarni bitib qolganlar:
Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻling bir-biringizgaki, erur yorligʻ ish.
Bu bayt maʼnosini barcha anglab turgan boʻlsa ham, mayli, sharhlab qoʻyay: “Dunyo odamlari, deyapti shoir, bilib qoʻying, dushmanlik yaxshi ish emas. Bir-biringiz bilan doʻst boʻling, insonga faqat doʻstlik yarashadi”.
Shavkat Miromonovich, nazarimda, hali prezidentlik lavozimiga saylanmasdan oldin ham “dushmanligʻ ish emas” emas ekanini chuqur tushungan. Markaziy Osiyodagi qondosh-jondosh mamlakatlar oʻrtasida avj olgan noxushliklarni yuragi achishib kuzatgan. U kishi boshqargan Vazirlar Mahkamasining vazifasi xoʻjalik yurish boʻlgani uchun ham, qoʻshnilar bilan munosabatimiz yomonligi tufayli rivojlanish imillayotganini ham teran his qilganlar. Eng muhimi, bu gʻalvalardan odamlar ham azoblanayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan.
Albatta, shunday boʻlgan! Shu sababdan, Shavkat Miromonovich mamlakat boshqaruvi jilovini oʻz qoʻliga olgach, bir zum tin olmay, avvalo qoʻshnilar bilan qardoshlik-qarindoshlik rishtalarini tiklay boshladi. Bu ish qancha ogʻir-yengil kechgani faqat shu shu ezgu niyatli odamning oʻziga maʼlum. Ammo natija qutlugʻ – qoʻshni mamlakatlarga yoʻlimiz tushsa, Oʻzbekistonning bir fuqarosi sifatida biz ham izzat-hurmat koʻryapmiz.
Surxondaryo viloyati uchta mamlakat bilan chegaradosh. Shoʻrolar davrida masalan, Tojikiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasida chegara bor-yoʻqligi esimizga ham tushmasdi. Termiz yopiq shahar boʻlgani uchun Dushanbaga ham uchib borib, Surxonga oʻtib ketaverardik. Baʼzilar kattaroq bozor-oʻcharini Dushanbaga borib qilardi... Ammo mustaqillikdan keyin bir muddat oʻtgach, hamma oʻziga xon, oʻziga bek boʻlib oldi. Chegaradan oʻtish ushalmas bir orzuga aylandi!
Hozir tarixga aylangan bosh ogʻriq bu kunlardan bir shingil voqeani kuni kecha hikoya qilib berishdi. Sariosiyoda yashaydigan bir keksa ayolning Regardagi singlisi vafot etganda, jigarining qabrini ziyorat etish uchun sakkiz yil urinib, chegaradan oʻtolmagan ekan. Regar bilan Sarosiyoning orasi, ha boringki, yarim soatlik yoʻl!
Ikki mamlakat oʻrtasida doʻstlik-birodarlik munosabatlari oʻrnatilgach, qarindoshlar bu uzoq ayriliqdan soʻng yigʻlab-siqtab yuz koʻrishdilar. Dushanbedan shuvillab mashinalar Surxondaryoga keladigan, uch-toʻrt sariosiyolik doʻstlar “Dushanbeni bir aylanib kelaylik”, deb yoʻlga chiqadigan boʻldi. Bir qadam yoʻl! Ertalab borib, kechqurun qaytib kelasan!
Tojikistonning tirikchiligini bizning mamlakatimizsiz tasavvur etish qiyin. Ularning boshqa hududlar, qoʻyingki, jahon bilan bogʻlovchi asosiy yoʻllar bizning yurtimiz orqali oʻtadi! Endi bunday imkoniyatlarga ega boʻlgan tojik xalqining xurramligi nechogʻlik boʻlganini tasavvur eting!
Shu sababdan, Shavkat Miromonovich bu qoʻshnilarimiz yurtiga tashrif buyurganda, Imomali Rahmon sahnadan turib, hazil aralash juda zoʻr lutf etgan edi: “Bular, – dedi u zalni toʻldirib oʻtirgan tojik xalqi vakillariga ishora etib, – sizni mendan ham ortiq yaxshi koʻradi!” Mana, hurmat! Mana, qardoshlik!
Biz prezidentimizning bu tashrifidan soʻng bir necha paytlar oʻtgach, besh-olti yozuvchi jam boʻlib, Dushanbega bordik. Maqsadimiz Boysunda tugʻilgan doʻstimiz, Tojikiston xalq yozuvchisi Sattor Tursun vafoti munosabati bilan Dushanbedagi yaqinlariga hamdardlik bildirish edi. Yoz kunlari. Egnimizda jinsi-yu mayka... Aeroportda esa bizni oʻn-oʻn besh chogʻlik – oppoq koʻylak, qora kostyum-shim kiygan tojik doʻstlarimiz kutib olishdi. Ertasi kuni kutilmaganda Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida qardosh adabiyotlarimiz aloqalari haqida konferensiya oʻtkazdi. Yana hamma oʻsha rasmiy kiyimda. Koʻchada esa yoz... Birodarlar, bu tarzda majlisning nomini izzat-ikrom deydilar! Oʻzbeklarga boʻlgan izzat-ikrom!
Bizni Surxondaryoga olib ketgani yurtimizdan ogʻaynilar kelishdi. Men yoʻlda qanday ketsak boʻladi, avtomobillarni haydovchilar qaysi tezlikda haydasa maʼqul; militsiya toʻxtatsa, qanday muomila qilish kerak, deb soʻrab qoldim? Har holda mashinalarimiz raqamlari Oʻzbekistonniki-da! Tojik doʻstlarning javobi meni hayron qoldirdi!
– Har qanday tezlikda haydayveringlar! Militsiya toʻxtatmaydi! Prezidentimiz “oʻzbeklar mening mehmonim – ularga hech kim teginmasin”, deb yuqori minbardan aytgan!
Qalay?
Bu gaplar oʻzbek xalqiga boʻlgan hurmatning eng choʻqqisi edi.
Ikki xalq oʻrtasidagi bu izzat-hurmatning qaytishi, yanada yuqori darajaga koʻtarilishi Shavkat Miromonovichning jonkuyarligi, samimiy – diplomatik mahorati va insoniy fazilatlari bilan bogʻlik edi.
Yaqinda atoqli oʻzbek shoiri Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligini nishonlash uchun Oʻsh shahriga bir guruh ijodkorlar bilan yoʻlga chiqdik. Ilgari ham Oʻsh safarida boʻlganman. Chegara mashmashalarini oʻylab, koʻnglim xijil boʻlib borayotgandim. Ammo bezovtalikka oʻrin yoʻq ekan. Oʻzbekiston fuqaroligiga oid hujjatlarimizni koʻrsatib, bemalol oʻtib ketaverdik. Qirgʻizlar ham yurtimizga shunday kirib kelyapti.
Bu bemalollikni yaratgan, ikki xalq oʻrtasida ishonch va haqiqiy doʻstlikni qayta barpo etgan insonlarni alqadik. Axir bu ikki qoʻshni xalq oʻrtasida nimalar oʻtmagan edi!
Shavkat Rahmonning yubileyiga bagʻishlangan ijodiy kecha nihoyatda baland saviyada oʻtdi. Majlisda Qirgʻiston hukumatining bosh kotibi, nufuzli “Turksoy” tashkilotining boshligʻi, Oʻsh shahrining hokimi qatnashdilar va nutq soʻzladilar. Shavkat oʻqigan maktabga va shaharning katta koʻchalaridan biriga uning nomi berildi.
Albatta, bu katta shoir bunday ehtiromga arziydi. Shubha yoʻq. Ammo baribir bu samimy ehtiromning asosi Shavkat Miromonovich ekanini ham har daqiqada his qilib turdik.
Kamina Qozogʻiston safarida boʻlganimda, doʻstlarning xuddi shunday mehriga duch keldim. Bir emas, bir necha mukofotlar bilan taqdirlandim. Hatto bir xorij mamlakatining adabiy mukofoti ham qozoq doʻstlarimizning tavsiyasi bilan menga topshirildi. Agar munosabatlarimiz avvaldagiday gʻarazli kechganda, shunday hol roʻy berar edimi?
Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi bu ittifoqchilikning, bagʻrikenglikning va mehru muhabbatning bosh meʼmori Shavkat Miromonovich ekanini hozir barcha koʻrib turibdi. Xorijliklar ham bu mintaqani rivojlanish sari boshlab boradigan kuch sifatida Oʻzbekistonga qaramoqdalar.
Men, asosan, azaliy yaqin qoʻshnilarimiz bilan munosabatlar haqida yozdim. Har kun oʻzgarayotgan bu chigal dunyodagi boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarimiz ham aytarga arzigulik ekanini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Masalan, oʻzicha yashashni xush koʻradigan Afgʻoniston bilan ham yetarli darajada aloqalar oʻrnatganmiz. Axir bu mamlakat orqali okeanlarga chiqish orzumiz bor!.. Hozir shundoq Amudaryodagi koʻprikdan oʻtib, oʻzbek tuprogʻiga qadam qoʻyilgan joyda “Oʻzbekiton–Afgʻoniston chegara oldi savdo zonasi” bunyod etilgan. Qator-qator doʻkonlar, mehmonxonalar, oshxonalar... Savdo-sotiq avjida. Zona toʻlib-toshib ketyapti. Prezidentimiz bu zonaga yana qoʻshicha yerlar ajratish haqida topshiriq berdilar.
Albatta, bu yon qoʻshnilarimiz ham Oʻzbekiston rahbari shaʼniga iliq soʻzlar aytganlari-aytgan...
Dunyoda haqiqiy obroʻga ega boʻlish oson ish emas. Bu rutbaga isteʼdodli, oʻzini ayamay mehnat qiladigan, farosatli, boshqalarning ham manfaatini hurmat etadigan; oʻz mamlakatini ham jonidan yaxshi koʻradigan siyosiy arboblargina sazovor boʻladilar.
Mana shunday obroʻga ega boʻlganlardan biri esa bizning prezidentimiz – Shavkat Miromonovich! Ha, oʻzimizning prezident!
Mamlakatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarning oqimi juda katta. Ularning hammasi “men oʻzbekman!” deganlarni quvontiradi.
Masalan, keyingi oylardagina roʻy bergan bir qator yangiliklar hali-hanuz meni hayratga solib kelyapti.
Agar ikki-uch yil avval barchamizning jonimizga tekkan shu paxtadan birov sakson-toʻqson senterdan hosil olinadi desa, kamina “qoʻysang-chi”, deb kulishi aniq edi. Ammo xuddi shunday boʻldi! Yana qayerda deng? Sirdaryo viloyatida! Bu viloyatda talabaligimda paxta terganman. Oʻrtacha yigirmadan hosil olinsa, doʻppi osmonga otilardi! Endi esa!.. Odam ishonmaydi. Hatto dehqonlarning oʻzlari ham chanoqlari boshdan oyoq ochilgan paxtazorga qarab, hayrat bilan gapirishganiga guvoh boʻlganman. Xorijdan urugʻlik ketirildimi? Keltirildi. Ammo oʻzimiz ham qarab turganimiz yoʻq. “Porloq” navli gʻoʻzamiz xorijiy navlardan ortiq boʻlsa ortigʻ-u, kam emas!
Bir jumla bilan bilan aytilganda, paxtachilikda inqilob roʻy berdi!
Yana hayratlanarli bir voqea.
Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Bu sira fabrikalar qurilib, ishga tushirilish jarayoni butun jahonda oʻn yilga choʻzilar ekan. Bizda esa toʻrt yilda (ha, toʻrt yilda!) amalga oshirildi. Bu muddatga hatto oʻzimizning eng katta mutaxassislar ham, amerikalik hamkor ham ishonqiramagan ekan. Mana shu amerikalik endi butun jahonni Oʻzbekistonning bu tezkor tajribasini oʻrganishga chaqirdi.
Yana bir hayrat. Faqat men emas, hali oʻzbeklarning necha-necha avlodi gʻururlanadigan moʻʼjizaning – Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi. Bu markaz ajib did bilan qurilgan koshona. Devorlarida qoʻl bilan ishlangan naqshlar, butun dunyodan yigʻib kelingan – ilgari oʻzimizdan olib chiqib ketilgan noyob eksponatlar, Usmon qurʼoni, qadimiy qoʻlyozmalar... Ularni namoyish etish uchun eng zamonaviy texnologiyalarni qoʻllanishi...
Shavkat Miromonovich bu marakazning qurilishi haqida bir qiziq tushuntirish berdilar: “bu markazni qurilishida shoshmadik. Sakkiz yilda oxiriga yetkazdik...”
Bu izoh menga juda yoqdi. Chunki bir imorat emas, sanʼat asari qurilayotgan edi! Sanʼat asari yaratilishiga xuddi shunday sabr-toqat bilan yondoshiladi! Prezidentimiz mana shu noziklikni anglaganlar!
Xullas, asrlarga tatigulik inshoot dunyoga kelgan.
Men internetda bu moʻʼjizani tomosha qilish uchun borayotgan ikki kishining suhbatni eshitdim.
– Sen, – dedi ularning biri, imorat bor boʻyicha koʻringach, – “Tojimahal”ni ham koʻrgansan. Qaysi zoʻr?..
– Bu zoʻr-ov, – dedi hamrohi, binoga bir qur nazar tashlab. Soʻng ishonch bilan bir qarorga keldi: – bu zoʻr!
Tamom vassalom! Bu zoʻr!
Bunday yaratuvchiliklar haqida yozaversam, ado boʻlmaydi shekilli.
Bugun internetni ochdim. Mana, tilga olingan yangiliklar: Toshkent viloyati markazidan Bekoboddan aylantirilib, Yangiyerga boradigan yangi 111 km yangi temiryoʻl qurilishi, Samarqandga boradigan yangi tezkor yoʻl, tuproq ishlari ketayotgan Toshkentdagi yangi aeroportdagi asosiy ishlarning boshlanishi...
Nazarimda, hayratlarimning endi cheki boʻlmaydi.
Soʻngsoʻz oʻrnida
Sport ishqiboziman. Ishqibozligimni biladigan Xayrulla degan jurnalist ukam – toʻqsoninchi yillarning oxirda boʻlsa kerak – futbol gazetalaridan biriga intervyu olib qoldi.
– Mana, Yaponiya futbol jamoasi jahon chempionati finaliga yoʻllanma oldi, – deb qoldi u. – Biz qachon jahon chempionatiga chiqamiz?
– Endi, – dedim men atrofimdagi voqeliklarni bir zum koʻz oldimga keltirib, – mamlakatimizni Yaponiyaga mengzab rivojlanishni kutamiz-da, ukam.
Orzumizga erishdik. Futbolchilarimiz final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Demak... Yaponiyaga mengzab ketyapmizmi? Shunga juda oʻxshaydi. Har holda rivojlanishimiz surʼati “Kunchiqar yurt”nikidan anchagina baland.
Ishonchim komil, shunday boʻladi!
Chunki vatanimizning bugunini va ertasini yaratishga vatanparvar, xalqparvar, ishbilarmon va adolatli inson bel bogʻlagan!
May oyi 2026
