AQShdagi otishmada halok boʻlgan shaxsning yaqinlari OpenAIʼni sudga berdi
Ular ChatGPT otishma sodir etgan shaxsga hujumni rejalashtirishda yordam berganini daʼvo qilgan.

2025 yil Florida shtati universitetida sodir boʻlgan otishmada halok boʻlgan erkakning oilasi AQSh sudida OpenAIʼga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qildi.
Ular ChatGPT otishmada oʻq uzgan shaxsga hujumni rejalashtirishda yordam berganini daʼvo qildi, deb xabar beradi Reuters.
Marhum Tiru Chubbaning oilasi tomonidan berilgan daʼvoda ChatGPT otishmada sherik boʻlganligi, chunki Feniks Ikner sunʼiy intellekt tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlardan foydalangan holda hujumni rejalashtirgan va amalga oshirganligi aytilgan.
Daʼvogarlar shuningdek, OpenAIʼni chatbotlar bilan ishlash bilan bogʻliq xavflar haqida jamoatchilikni ogohlantirmaganlikda ayblamoqda.
"Oʻtgan yili Florida shtati universitetida sodir boʻlgan ommaviy otishma fojia boʻldi, ammo ChatGPT bu dahshatli jinoyat uchun javobgar emas. Bu holatda ChatGPT internetda osongina mavjud boʻlgan maʼlumotlarga asoslangan savollarga faktik javoblar berdi va noqonuniy yoki zararli faoliyatni ragʻbatlantirmadi yoki targʻib qilmadi", dedi OpenAI vakili Dryu Pusateri oʻz bayonotida.
Uning taʼkidlashicha, otishmadan soʻng kompaniya gumondor bilan bogʻliq deb taxmin qilingan akkauntni aniqlagan va uni proaktiv ravishda huquqni muhofaza qilish organlariga topshirgan. Uning qoʻshimcha qilishicha, kompaniya zararli niyatlarni aniqlashni yaxshilash ustida doimiy ravishda ish olib bormoqda.
2025 yil aprel oyi oʻrtalarida sherif oʻrinbosarining oʻgʻli Tallaxasseye shahridagi Florida shtati universiteti kampusida ikki kishini oʻldirdi va toʻrt kishini yaraladi. Politsiya hibsga olish paytida oʻt ochdi, hujumchini yaraladi. Unga qotillik va suiqasd ayblovlari qoʻyildi.
