Oʻzbekistonda havo harorati hafta oxirida 40 darajagacha chiqishi mumkin
Antitsiklon chekkasi hafta oʻrtalariga borib hududlardan butunlay chekinadi hamda uning oʻrniga Turkmanistondan past bosimli issiq ob-havo sharoiti kirib keladi.

Oʻzbekistonda hafta quruq kechib, haroratning asta-sekin koʻtarilib borishi kuzatiladi. Hafta boshlaridagi biroz salqinlik dam olish kunlariga borib yana issiq va quruq ob-havo bilan oʻrin almashadi.
Antitsiklon chekkasi hafta oʻrtalariga borib hududlardan butunlay chekinadi hamda uning oʻrniga Turkmanistondan past bosimli issiq ob-havo sharoiti kirib keladi.
Dam olish kunlariga borib harorat choʻl hududlarida yana +40 daraja issiqlikkacha qaytadi. Bir soʻz bilan aytganda, hafta deyarli quruq va haroratning asta-sekin, bosqichma-bosqich koʻtarilib borish tamoyili bilan kechadi, deyiladi "Oʻzgidromet" maʼlumotida.
Haftaning dushanba, seshanba kunlari vodiy viloyatlari va togʻlarda qisqa muddatli yogʻinlar kuzatilishi mumkin. Haftaning boshqa kunlari joylarda quruq ob-havo kuzatilib, yogʻingarchilik kutilmaydi.
Hafta boshlarida kunduzlari biroz salqin ob-havo, hafta oʻrtalarida yana issiq muhiti, dam olish kunlari esa +40 daraja issiqlik kuzatiladi. Demak, hafta boshlari kunduzlari respublika boʻylab +25…+30 daraja issiq boʻlsa, chorshanba, payshanba kunlaridan +30…+35 daraja, payshanba kunidan Buxoro, Navoiy viloyatlarida, juma kunidan janub viloyatlarida +38, yakshanba kuni esa hatto +40 darajagacha issiq kuzatilishi mumkin.
13−14 may kunlari havo oqimlarining oʻrin almashinish payti choʻl hududlarida kuchli shamol va ehtimoliy chang toʻzonlari koʻtarilishi mumkin.
