Oʻzbekistonda salkam 600 dona noqonuniy qurol aniqlandi
Ushbu vaziyatlar boʻyicha 264 ta jinoiy ishi qoʻzgʻatilgan, hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp holatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 44 ta, Fargʻona viloyatida — 39 ta qayd etilgan.

Oʻzbekistonda 598 ta noqonuniy qurol aniqlandi
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi muvofiqlashtiruvida huquq-tartibot organlari orasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, joriy yilning boshidan buyon huquq-tartibot organlari hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlar natijasida 7,5 mingdan ziyod qurol muomalasiga doir qonunchilik buzilishi holatlari aniqlangan boʻlib, 598 ta noqonuniy qurol va 3.2 mingga yaqin oʻq-dorilar olib qoʻyilgan.
Ushbu holatlar boʻyicha 264 ta jinoiy ishi qoʻzgʻatilgan, hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp holatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 44 ta, Fargʻona viloyatida — 39 ta qayd etilgan. Eng kami Jizzax hamda Xorazm viloyatlariga - 5 tadan toʻgʻri keladi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 48 mingdan ortiq fuqaro ov qurolini saqlash va ishlatishga ruxsatnomaga ega. Ularning ovchilik faoliyati ham doimiy davlat organlari nazoratida.
Jumladan, muntazam ravishda brakonerlikka qarshi kurashish reydlari oʻtkazilib kelinadi. Joriy yilning oʻtgan davrida 2 mingga yaqin reydi tadbirlari tashkil etilib, 575 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Bevosita xayvonot dunyosi obʼektlarini noqonuniy ovlaganlik boʻyicha 55 ta holat aniqlangan. Eng koʻp holatlar Qashqadaryo va Xorazm viloyatlariga toʻgʻri keladi – 12 tadan. Brakonerlik faoliyati tufayli tabiatga jami 4.3 mlrd soʻm zarar keltirilgan, ularning deyarli teng yarmi Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga toʻgʻri keladi.
Oʻtkazilgan keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlari natijasida fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda 433 qurol va 3 mingdan ziyod oʻq-dorilar topshirilgan.
