platina.uz
Iqtisod

BAA OPEKdan chiqdi, jahon neft bozori qanday oʻzgaradi?

Saudiya Arabistoni uchun bu – ogohlantirish. AQSh uchun – imkoniyat. Qolgan dunyo uchun esa navbatdagi noaniqlik.

BAA OPEKdan chiqdi, jahon neft bozori qanday oʻzgaradi?

2026 yil 1 mayga kelib, OPEK – neft eksport qiluvchi davlatlar tashkilotiga qariyb oltmish yil aʼzo boʻlib kelgan Birlashgan Arab Amirliklari ushbu tashkilotdan chiqishini eʼlon qildi. Xuddi shunday qaror 2016 yilda tuzilgan OPEK+ga nisbatan ham qabul qilindi. OPEK jahon neft qazib olish hajmi boʻyicha dunyo reytingida uchinchi oʻrinni egallab turgan aʼzosidan ayrildi. Endi BAA kartel ichidagi kelishuvlarga eʼtibor qilmagan holda neft qazib olish hajmini istaganicha oshirishi mumkin.

Eski tartib buziladimi?

Fransiyaning Causeur nashri yozishicha, BAAning OPEKdan chiqish qarori tashkilot uchun kutilmagan voqea boʻldi. Bu shunchaki texnik qadam emas, balki siyosiy uzilish sifatida jahon energetika tizimi uchun yangi noaniqlik bosqichini ochib bermoqda. Endi har bir davlat oʻz manfaati uchun alohida harakat qiladigan davr boshlanmoqda.

OPEKning oʻzi ham Hormuz boʻgʻozi yopilishi sabab ulkan bosim ostida qolgan edi. Ichki ziddiyatlar esa anchadan beri tashkilotni ichidan yemirib kelayotgandi.

BAA qarorini energetika vaziri Suhayl al-Mazruiy eʼlon qilib, uni “strategiyani qayta koʻrib chiqish” deb izohladi. Vazirning taʼkidlashicha, bu qaror mamlakatga oʻz neft qazib olish siyosatini mustaqilroq yuritish imkonini beradi.

OPEKda Saudiya Arabistoni va Iroqdan keyin uchinchi yirik ishlab chiqaruvchi boʻlgan davlatning chiqib ketishi shunchaki texnik oʻzgarish emas. Bu – allaqachon tarang holatda boʻlgan jahon energetika tizimi uchun yangi noaniqlik davrini boshlab berayotgan siyosiy ajralishdir.

Qatʼiy siyosiy ishora

BAAning bu qadami tarixiy burilish nuqtasi hisoblanadi. Yirik neft ishlab chiqaruvchi va Saudiya Arabistonining yaqin hamkori boʻlgan Abu-Dabi ishtirokchi davlatlar uchun belgilangan qazib olish kvotalaridan ozod boʻlishni maʼqul koʻrdi. Bu qaror koʻp yillik yirik sarmoyalardan keyin qabul qilindi: Amirliklar neft qazib olish quvvatini kuniga taxminan besh million barrelgacha yetkazdi – bu Eron koʻrsatkichidan qariyb 50 foizga yuqoridir.

Boshqacha qilib aytganda, mamlakat aynan koʻproq neft qazib olish imkoniyatiga ega boʻlgan paytda, har qanday cheklovlardan voz kechmoqda. Rasman bu iqtisodiy qaror sifatida taqdim etilmoqda. Ammo aslida bu qattiq siyosiy ishoradir.

Bu qanday yuz berdi?

Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti tashkil etilganidan buyon neft qazib olish hajmlarini muvofiqlashtirish tamoyiliga tayanib kelgan. Aynan shu mexanizm kartelga neft narxlariga taʼsir oʻtkazish imkonini bergan. Ammo bunday tizim jamoaviy intizomni, demak, har bir davlat tomonidan muayyan yon berishlarni talab qiladi. Bugun esa har bir ishlab chiqaruvchining oʻz siyosiy va iqtisodiy manfaatlari mavjud boʻlgan dunyoda bu intizom tobora moʻrtlashib bormoqda. BAA buni yashirmayapti: ular koʻproq va tezroq neft sotishni hamda eng muhimi, bu qarorlarni mustaqil qabul qilishni istaydi.

OPEK zaiflashmoqda

Bu qaror ortida umumiy tendensiya yotibdi. Yana 2019 yilda Qatar suyultirilgan tabiiy gaz sohasiga eʼtibor qaratish maqsadida OPEKdan chiqqan edi. Bu qarorlarni birlashtiruvchi yagona mantiq – energetika siyosati ustidan nazoratni qaytarib olish va uni milliy manfaatlarga moslashtirish hisoblanadi.

Saudiya Arabistonining “Vision 2030” dasturi va BAAning industrial strategiyalari kabi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish boʻyicha ulkan rejalar juda katta resurslarni talab qiladi. Koʻproq neft qazib olish va uni oʻz investitsion ehtiyojlariga moslashtirish – bu transformatsiyani tezlashtirish degani.

Ammo bu jarayonning yana bir, kamroq koʻzga tashlanadigan oqibati ham bor: u OPEKni ichidan zaiflashtirmoqda. Tashkilot hech qachon mutlaqo bir xil pozitsiyadagi blok boʻlmagan, ammo uning asosini Ar-Riyod boshchiligidagi qattiq yadro va bir nechta ishonchli ittifoqchilar tashkil qilar edi. Albatta, BAA ham ular qatorida boʻlgan. BAAning tashkilotdan ketishi mavjud muvozanatni buzmoqda.

Bu esa Saudiya Arabistonining neft qazib olishni qisqartirish talabini oʻtkazish imkoniyatini pasaytiradi va natijada narxlarni ushlab turish qobiliyatini ham zaiflashtiradi. Masala shundaki, bozorga oʻz irodasini oʻtkaza olgan kartel asta-sekin taʼsirini yoʻqotishi mumkin.

Koʻp qutbli energetika

Bu vaziyatda AQSh bilvosita manfaatdor tomon sifatida koʻrinmoqda. Slanets inqilobidan keyin AQShning maqomi tubdan oʻzgardi: u importga qaram davlatdan yirik neft ishlab chiqaruvchi va eksportyorga aylandi. Uning manfaati aniq – ichki iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun narxlarni yetarlicha past darajada ushlab turish va ayni paytda jahon bozorlarida raqobatbardosh boʻlib qolishdir.

OPEKning zaiflashuvi aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi muvofiqlashuv qanchalik kam boʻlsa, bozor shunchalik beqarorlashadi va odatda bu neft narxlarining pasayishiga bosimni kuchaytiradi.

Xoʻsh, bu jarayonni AQShning ataylab olib borgan strategiyasi natijasi deb hisoblash mumkinmi? Bunday fikrga moyil taraflar koʻp. Chunki Vashington soʻnggi yillarda ham diplomatik maydonda, ham oʻz neft ishlab chiqarishini oshirish orqali OPEK taʼsiriga qarshi chiqib kelmoqda. Ammo haqiqat ehtimol ancha oddiy va qattiqroq: kartelni ishlab chiqaruvchi davlatlarning oʻz milliy manfaatlari parchalab tashlamoqda. Amirliklar AQShni mamnun qilish uchun emas, balki OPEK endi ularning ehtiyojlariga javob bermay qoʻygani uchun tark etmoqda.

Shunga qaramay, bu voqeaning ramziy ahamiyati juda katta. Uzoq yillar davomida jahon energetika tizimining asosiy ustuni sifatida koʻrilgan OPEK bugun birdamligini yoʻqotayotgan tashkilotga oʻxshab qolmoqda. U hamon mavjud – ayniqsa, OPEK+ formatida – aytgancha, unga Rossiya ham kiradi. Ammo OPEK+ nufuziga putur yetgan, jamoaviy intizomni taʼminlash qobiliyati esa tobora susaymoqda.

Aslida BAAning chiqishi yanada kattaroq jarayon haqida signal bermoqda – bu jahon energetika tizimining hozirgi holatini aks ettiradigan hodisadir. Endi bir nechta oʻyinchi taklifni toʻliq nazorat qiladigan tizim davri ortda qolmoqda. Oldinda esa parchalangan, raqobat kuchli boʻlgan yangi voqelik turibdi, unda har bir davlat oʻz oʻyinini oʻynaydi. Bu yangi manzarada hamkorlik oʻrnini individual strategiya egallamoqda.

Saudiya Arabistoni uchun bu – ogohlantirish. AQSh uchun – imkoniyat. Qolgan dunyo uchun esa – navbatdagi noaniqlik. OPEK uchun esa, ehtimol, taʼsir kuchini asta-sekin yoʻqotishning boshlanishidir.

Rossiya qanday munosbatda?

Moskvada Birlashgan Arab Amirliklarining Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti va OPEK+dan chiqishi ortidan yuzaga kelgan vaziyatni diqqat bilan kuzatilmoqda, deb yozadi Al Jazeera nashri. Rossiyalik ekspertlar fikricha, bu qaror kelajakda neft bozori barqarorligi va narxlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Rossiya iqtisodchilari BAAning OPEK va OPEK+dan chiqish qaroriga turlicha baho bermoqda. Ayrim mutaxassislar buni eng faol neft ishlab chiqaruvchilardan birining “erkin suzish”ga oʻtishi sifatida baholab, vaqt oʻtishi bilan alyans birdamligiga putur yetkazishi va neft narxlarining pasayishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Qisqacha aytganda, bu qadam juda nozik pallada tashlandi: jahon neft bozori hozir ortiqcha taklif emas, balki Hormuz boʻgʻozidagi keskinlik sabab yetkazib berishdagi uzilishlar bilan toʻqnash kelmoqda.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning maʼlum qilishicha, Rossiya BAA chiqib ketganidan keyin ham OPEK+ faoliyati davom etishiga umid qilmoqda.

“Albatta, bu juda muhim hamkorlik yoʻnalishi. Ayniqsa, hozirgi sharoitda, energetika bozorlari, yumshoq qilib aytganda, qattiq beqarorlashgan bir paytda bu mexanizm alohida ahamiyat kasb etadi”, degan Peskov. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya energetika bozorlaridagi noaniqlik sharoitida muhim oʻrin tutayotgan ushbu mexanizmning saqlanib qolishidan manfaatdor.

Vaqt omili

Rossiya FA Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti qoshidagi Yevropa tadqiqotlari markazining katta ilmiy xodimi Vladimir Olenchenkoning fikricha, BAAning bunday qaror qabul qilishiga taʼsir qilgan asosiy omil – Hormuz boʻgʻozi bilan bogʻliq inqiroz boʻldi. Mazkur boʻgʻoz orqali jahon neft savdosining qariyb beshdan bir qismi oʻtadi. Uning soʻzlariga koʻra, Yaqin Sharqda davom etayotgan mojaro fonida bozor diqqati neft yetkazib berishdagi uzilishlar va ehtimoliy taqchillik xavfiga qaratilgan.

Olenchenko taʼkidlashicha, odatiy sharoitda yirik ishlab chiqaruvchining OPEK+dan chiqishi neft qazib olish hajmi ortishi kutilmalari tufayli narxlarning pasayishiga olib kelishi mumkin edi. Ammo hozirgi vaziyat boshqacha: qoʻshimcha yetkazib berishlar bozorni muvozanatlashtiruvchi va barqarorlashtiruvchi omil sifatida qabul qilinmoqda.

Rossiyalik iqtisodchi qoʻshimcha qilishicha, BAA juda qulay vaziyatga oʻtyapti. Chunki mamlakat kvotalar tizimidan aynan neft ishlab chiqarish hajmini oshirish narxlarga jiddiy bosim qilmaydigan pallada chiqish imkoniga ega boʻldi.

Ekspert BAAning OPEK+dan chiqish qarorini xavotirli deb ataydi. Uning fikricha, alyans kuchi tarixan yirik ishlab chiqaruvchilarning narxlarni ushlab turish maqsadida qazib olish hajmlarini muvofiqlashtirish qobiliyatiga tayanib kelgan. Uning baholashicha, BAAning ketishi tashkilot ichida bozor ulushi uchun raqobatni kuchaytirishi mumkin.

Albatta, BAAni chetdagi yoki ahamiyatsiz ishlab chiqaruvchi sifatida koʻrib boʻlmaydi. Masalan, avvalroq Angolaning OPEKdan chiqishi bozorga deyarli taʼsir qilmagan, chunki uning ishlab chiqarishni keskin oshirish imkoniyatlari cheklangan edi. BAA esa neft eksport hajmini tez oshirishga qodir boʻlgan sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi.

Shunga qaramay, Olenchenko bu qaror OPEK+ning zudlik bilan parchalanishiga olib keladi, deb hisoblamaydi. Uning taʼkidlashicha, Saudiya Arabistoni va Rossiya hali ham alyansning asosiy tayanchi boʻlib qolmoqda. Biroq birdamlik tobora jiddiy sinovdan oʻtmoqda.

Alyanslar parchalanishi va narxlar urushi

Yana bir rossiyalik iqtisodchi Mixail Zubov fikricha, BAA qarori Yaqin Sharqdagi mojaro yakunlanganidan keyin iqtisodiy tiklanishni tezlashtirish istagi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bu qadam bozor muvozanati va alyans birdamligiga taʼsir qilishi ehtimoliga qaramay qabul qilingan.

Uning soʻzlariga koʻra, Abu-Dabining qarori mantiqiy koʻrinadi. Chunki BAA Eron bilan mojaro oqibatlariga nisbatan zaif davlatlardan biri hisoblanadi va shu sababli alyans kvotalaridan tashqarida qazib olish sohasida koʻproq erkinlikka intilyapti.

Ayni paytda rossiyalik iqtisodchi bu masala oldindan muhokama qilinmaganidan hayratda ekanini aytdi. Uning qoʻshimcha qilishicha, bu qaror OPEK va OPEK+ni zaiflashtirishi mumkin. Bu esa boshqa ishtirokchilarni ham ushbu ikki birlashma doirasidagi ishlab chiqarish majburiyatlarini qayta koʻrib chiqishga undashi ehtimoldan xoli emas.

Zubovning taʼkidlashicha, Hormuz boʻgʻozi qayta ochilganidan keyin Abu-Dabi neft qazib olish va eksportni hech qanday cheklovlarsiz oshira oladi. Bu esa boshqa aʼzolarni ham kvotalarga amal qilish kerakmi-yoʻqmi, degan savol ustida oʻylab koʻrishga majbur qilishi mumkin.

Bu qarorning Rossiyaga taʼsiri haqida gapirar ekan, Zubov hozircha u Moskva manfaatlariga bevosita taʼsir qilmayotganini aytdi. Chunki Hormuz boʻgʻozidagi keskinlik BAAning ishlab chiqarishni keskin oshirish imkoniyatlarini cheklab turibdi.

Rossiyalik iqtisodchi narxlarga kuchli bosim boʻlishini kutmayapti. Biroq agar vaziyat kengroq ssenariyga aylanib ketsa, yaʼni Fors koʻrfazi davlatlari, avvalo Saudiya Arabistoni, OPEK+ zaiflashgan sharoitda urushdan keyin bozor ulushini qaytarishga kirishsa, vaziyat oʻzgarishi mumkin. Shu nuqtai nazardan Zubov, ayniqsa, Saudiya Arabistoni bilan BAA oʻrtasida neft narxlari urushi kelib chiqishi ehtimolini ham istisno qilmagan.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, Birlashgan Arab Amirliklarining OPEK va OPEK+dan chiqishi shunchaki navbatdagi iqtisodiy qaror emas, balki jahon energetika tizimida boshlanayotgan katta oʻzgarishlarning ramzi sifatida baholanmoqda. Bu qadam neft bozoridagi eski qoidalar zaiflashayotganini, milliy manfaatlar esa jamoaviy kelishuvlardan ustun kela boshlaganini koʻrsatdi. Bir paytlar bozorni birgalikda boshqargan davlatlar endilikda har biri oʻz strategiyasi va oʻz manfaati asosida harakat qilishga oʻtmoqda.

Bu jarayon nafaqat OPEKning kelajagi, balki butun global energetika arxitekturasi uchun ham jiddiy sinov boʻlishi mumkin. Agar yirik ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi muvofiqlashuv yanada zaiflashsa, dunyo neft bozorida keskin raqobat, narxlar urushi va yangi geosiyosiy qarama-qarshiliklar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas. Ayniqsa, Hormuz boʻgʻozi atrofidagi keskinlik saqlanib qolayotgan bir paytda bu oʻzgarishlar global iqtisodiyotga ham bevosita taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Shu maʼnoda, BAAning qarori faqat bir davlatning tanlovi emas – u XXI asr energetika siyosatining yangi bosqichi boshlanayotganidan darak beradi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid