"Iqtidor" tanlovi: gʻolib jamoa xorijga taʼlim sayohatiga yuboriladi
Respublika "Kelajak" markazi tomonidan oʻtkazilayotgan ushbu tanlovda bu yil 13 665 ta jamoa (109 320 nafar oʻquvchi) ishtirok etish istagini bildirdi. Barcha bosqichlarda musiqa asarlari milliy cholgʻularida jonli ijro etiladi.

Ayni kunlarda har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan “Iqtidor” maktab ansambli respublika tanlovining hududiy bosqichlari boʻlib oʻtmoqda.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika “Kelajak” markazi tomonidan oʻtkazilayotgan ushbu tanlovda bu yil 13 665 ta jamoa (109 320 nafar oʻquvchi) ishtirok etish istagini bildirdi.
Uch bosqichdan iborat tanlovda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 6-10 sinf oʻquvchilari 5-8 nafardan oshmagan tarkibda jamoaviy tarzda oʻz isteʼdodlarini namoyon qilishmoqda. Tanlovning oʻziga xos ahamiyati shundaki, barcha bosqichlarda musiqa asarlari milliy cholgʻularida jonli ijro etiladi. Bu esa oʻzbek milliy sanʼat anʼanalari va yoʻnalishlarini saqlash qolish, uni rivojlantirish hamda davom ettirishga xizmat qiladi.
Hududiy bosqichida jamoalarning ijrolarini Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Munojatxon Yoʻlchiyeva, Oʻzbek milliy musiqa instituti professor-oʻqituvchilari – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Arabov, Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan artist Farangiz Mahmudova, Shomahmud Shorahmedov, Doniyor Yunusov va Sirojiddin Usmanov singari sohaning malakali mutaxassislar tomonidan baholab borilmoqda. Hakamlar xulosasiga koʻra, 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan jamoa tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqiga ega boʻladi.

Tanlovning hududiy bosqichini ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida har bir jamoaning chiqishi telekoʻrsatuv tarzida toʻliq tasvirga olinmoqda. Har bir hududga bagʻishlangan tahliliy koʻrsatuvlar tanlovning rasmiy YouTube sahifasiga joylashtirib boriladi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston 24” hamda “Mening yurtim” telekanallarida har bir hududga bagʻishlangan 10 daqiqalik maxsus koʻrsatuvlar efirga uzatiladi.

Tanlovning respublika bosqich joriy yilning iyun oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Hal qiluvchi bosqichida birinchilikni egallagan jamoa xorijga taʼlim sayohatini qoʻlga kiritadi.
Maʼlumot oʻrnida, oʻtgan yili Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanidagi 66-umumiy oʻrta taʼlim maktabining “Yosh havaskorlar” jamoasi gʻolib boʻlib, Ozarbayjon davlatlarida taʼlim sayohatida boʻlib qaytishgan edi.
