Avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yigʻimidan ozod etish muddati uzaytiriladi
Ish sifatini oshirish uchun bir avtobusga toʻgʻri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish, harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yigʻimidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yanada yaxshilash va bu boradagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgan.

Taqdimotda avtobus haydovchilari uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.
“Bugungi kunda ayrim haydovchilar meʼyordan ortiq ishlayotgani xizmat sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi. Oʻtgan yili poytaxtning oʻzida haydovchilarning xatti-harakatlari va muomalasi yuzasidan aholidan 1 ming 670 ta shikoyat kelib tushgan. Avtobuslar ishtirokida 109 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan”, deyiladi axborotda.
Shu munosabat bilan brutto-shartnoma tizimini takomillashtirish, bir avtobusga toʻgʻri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish, harakat xavfsizligi va xizmat madaniyatini kuchaytirish vazifasi qoʻyilgan.
Taqdimotda koʻtarilgan asosiy masalalar:
- shahar jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga oʻtkazish, bunda shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha boʻlgan hududlarga qatnaydigan avtobus yoʻnalishlari ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi;
- Toshkent viloyatining Nazarbek, Mineral suvlar va Uch qahramon hududlarini poytaxt bilan bogʻlash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish, poytaxtda 19 ta, viloyat markazlarida 79 ta shunday yoʻnalish tashkil etish;
- poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yoʻl qatnovlarini oʻzaro bogʻlash maqsadida “elektropoyezd – avtobus”, “elektropoyezd – metro” kabi qulay tariflarni joriy etish;
- zamonaviy avtobuslar olib kelishni ragʻbatlantirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, kredit liniyalarini yoʻlga qoʻyish;
- jamoat transportida bajarilgan ish hajmi va sifatini baholash uchun har bir viloyatda tashkil etilgan dispetcherlik markazlariga endi sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali yoʻlovchilar oqimiga mos ravishda avtobuslar harakatini tashkil qilish;
- Samarqand va Namanganda aholi va sayyohlar uchun zamonaviy “yashil transport” yoʻnalishlarini koʻpaytirish;
- Xiva, Shahrisabz, Margʻilon, Qoʻqon kabi yirik turizm maskanlarida ham jamoat transportini rivojlantirish dasturini boshlash.
Maʼlumot uchun, oxirgi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2 ming 650 ta zamonaviy elektrobus va avtobuslar olib kelingan. Brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yoʻnalish yoʻlga qoʻyilgan.
Natijada har kuni yoʻnalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetdi. Kunlik qatnovlar soni 2022 yildagi 18 mingtadan 45,2 mingtaga, yoʻlovchilar oqimi esa 900 ming nafardan 2,3 million nafarga oshgan. Shu orqali 4,8 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.
