platina.uz
Jamiyat

Andijonda Davaktiv bosh mutaxassisi 15 ming dollar bilan ushlandi

Boshqa holatlarda esa "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ muhandisi,  kadastr boʻlimi boshligʻining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi. 

Andijonda Davaktiv bosh mutaxassisi 15 ming dollar bilan ushlandi

Davlat mulki, elektr va yer uchastkasi bilan bogʻliq korrupsion holatlar fosh etildi.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Jumladan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Davlat mulki obʼektlaridan samarali foydalanish markazining Andijon viloyati hududiy boshqarmalari tomonidan mahalliy tadbirkor bilan Izboskan tumanidagi koʻchmas mulk obʼektini asosiy toʻlovlarini toʻlash sharti bilan sotib olish haqida tuzilgan uch tomonlama shartnoma shartlariga tadbirkor rioya qilmagani roʻkach qilingan. Soʻngra shartnomani bekor qilish, ustama va jarima undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga apellyatsiya shikoyati kiritilgan.

Bundan xabardor boʻlgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali sud ajrimini tadbirkor foydasiga hal etish va tuzilgan shartnomani bekor qilmaslik evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.

Bosh mutaxassis soʻralgan pul mablagʻini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.

Boshqa holatda esa “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali muhandisi Andijon tumanida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning sholi quritish sexida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi holati yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma boʻyicha 650 mln soʻm zarar hisoblanishini aytgan. Uni 40 mln soʻmga kamaytirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Viloyat tumanlaridan birining Kadastr boʻlimi boshligʻi 1959 y.t. fuqaroga uy-joy qurishi uchun 8 sotix va dehqon xoʻjaligi tashkil qilishi uchun 17 sotix yer ajratib berish evaziga muqaddam 3 ming AQSh dollari olgan.

Shuningdek, u fuqaroga 8 sotix yer ajratilganligi haqida soxta hujjat rasmiylashtirib bergan.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida oʻtkazilgan xatlov jarayonida ushbu yer maydoni noqonuniy ajratilganligi aniqlanib, fuqaroga nisbatan 82 mln soʻm jarima qoʻllanilgan.

Kadastr mansabdori esa 3 ming AQSh dollarini uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida fosh etildi.

Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid