Xususiy sektorning tibbiyotdagi ulushi 30 foizga yetkaziladi
Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sugʻurtasi hamda litsenziya doirasida barcha yoʻnalishlarda bemorlarga byudjet mablagʻlari hisobidan tibbiy xizmat koʻrsatishga ruxsat beriladi.

Prezidentning "Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni eʼlon qilindi.
Unga koʻra, tibbiyot sohasida xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlashning asosiy maqsadlari belgiladi:
- xususiy sektorning tibbiy xizmatlar koʻrsatishdagi ulushini 2030 yilga qadar 30 foizga yetkazish;
- sogʻliqni saqlash sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik (keyingi oʻrinlarda – DXSh) asosidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda investorlarga kompleks xizmat koʻrsatish;
- hududlarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini va qulayligini oshirish;
- nodavlat tibbiyot tashkilotlarini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash orqali tibbiy xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish.
2026 yil 1 iyuldan boshlab:
- nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sugʻurtasi hamda litsenziya doirasida barcha yoʻnalishlarda bemorlarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy xizmatlarni koʻrsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi;
- milliy akkreditatsiya yoki Sogʻliqni saqlashda sifat boʻyicha xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan (keyingi oʻrinlarda – xalqaro akkreditatsiya) oʻtgan tibbiyot tashkilotlari uchun bemorlarni Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davolash boʻyicha Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) bilan shartnoma tuzishda Sogʻliqni saqlash vazirligi ekspert komissiyasining xulosasini olish talabi bekor qilinadi;
- Jamgʻarmaga ajratilgan mablagʻlar doirasida bemorlarga tibbiyot tashkilotlarida ixtisoslashtirilgan ambulator tibbiy xizmatlar koʻrsatish va jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish uchun yoʻllanma berish tartibi joriy etiladi;
- bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi hamda kasalliklar yoʻnalishlari kesimida oylik mablagʻlar hajmini belgilash tartibi joriy qilinadi;
- tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini faqat bunday buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida toʻxtatib turish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
-tugʻuruqni qabul qilish yoʻnalishida tibbiyot tashkilotlarini tashkil etishda bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida yoʻlga qoʻyishga ruxsat beriladi.
Milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga 2027 yil 1 maydan boshlab qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida transplantatsiya amaliyoti bilan shugʻullanishga ruxsat beriladi.
Transplantatsiya jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgandan soʻng bemorlarni reabilitatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi. Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotining reabilitatsiya muddati davomida javobgarligi, shuningdek, bemorlarning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya toʻlab berish masalalari belgilanadi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga 2026 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatiladi:
(a) nodavlat tibbiyot tashkilotlari tarmogʻini rivojlantirish, ularning sogʻliqni saqlash tizimiga integratsiyasini taʼminlash, ilgʻor tibbiy texnologiyalarni joriy etish borasida ularni qoʻllab-quvvatlash;
(b) tibbiyot tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar (keyingi oʻrinlarda – investitsiya)ni jalb etish, DXSh va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
(v) davlat tibbiyot tashkilotlarini strategik rivojlanish dasturlari asosida boshqaruvga berishda ishtirok etish;
(g) sogʻliqni saqlash tizimida “yagona darcha” tamoyili asosida mahalliy va xorijiy investorlarga konsalting va boshqa xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash;
(d) sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning master rejasini ishlab chiqishga va uni takomillashtirib borishga koʻmaklashish.
2027 yil 1 yanvardan boshlab sogʻliqni saqlash sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishning yangi tizimi joriy etiladi.
