Xorazmda IIB inspektori ushlandi
U tanishini ichki ishlar organlariga ishga kiritib qoʻyish evaziga 4500 AQSh dollari talab qilgan. Toshkent viloyatida esa Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi metodisti qoʻlga olindi.

Ishga kiritish, ruxsatnoma olish va nafaqa tayinlash bilan bogʻliq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda hududlarda bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Xususan, Xorazm viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kichik inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Xonqa tumanida yashovchi, 1973 y.t. fuqaroning ishonchiga kiradi va uning 2001 y.t. tanishini ichki ishlar organlariga ishga kiritib qoʻyish evaziga 4500 AQSh dollari talab qiladi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda, inspektor oldindan 1800 AQSh dollari va 2,4 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda esa tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi metodisti xususiy oilaviy bogʻcha tashkil qilmoqchi boʻlgan fuqarodan xonadonning sanitariya talablariga mosligi boʻyicha ruxsatnoma tayyorlatib berish evaziga 1,5 mln soʻm hamda yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy xulosa olib berish uchun 200 AQSh dollari talab qiladi. U soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, metodistdan 200 AQSh dollarini olgan vaqtida tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi katta inspektorining ham noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Bu kabi qonunbuzilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham qayd etildi.
Jumladan, Chimboy tumanida yashovchi, 1970 y.t. ayol Kegeyli tumanida istiqomat qiluvchi, 1969 y.t. fuqaroga yoshga doir nafaqa tayinlanishida uning ish stajini koʻpaytirib berish evaziga 7 mln soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, ayol bu ishni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida masʼul lavozimda faoliyat yurituvchi oʻgʻli orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
