platina.uz
Jamiyat

Qurilishni boshlash uchun talab etiladigan 8 hujjatdan 2 tasi bekor qilinadi

Yangi tartibga koʻra, loyihalashga ruxsatnoma va arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi berish jarayonlari yagona hujjatga birlashtiriladi. 

Qurilishni boshlash uchun talab etiladigan 8 hujjatdan 2 tasi bekor qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish va nazorat ishlari natijadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Qurilish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar aholi uchun zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy obʼektlar va qulay infratuzilma yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, qurilayotgan yangi uy-joylar xavfsiz, sifatli, ekologiya va shaharsozlik talablariga toʻliq javob berishi zarur.

Taqdimotda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish, ruxsat berish jarayonlarida byurokratiyani kamaytirish, qurilish obʼektlari ustidan nazoratni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, hozirda qurilishni boshlash uchun ruxsat olishda jami 8 ta hujjat talab etiladi. Bu jarayon ayrim hollarda 3 oydan 12 oygacha choʻzilmoqda. Shu bois 2 ta hujjatni talab qilishni bekor qilish, yana 2 ta hujjatni esa raqamli integratsiya hisobiga shakllantirish taklif etildi. Natijada ariza berish va koʻrib chiqish uchun ketadigan vaqt 7 barobar qisqaradi, buyurtmachilarning ortiqcha ovoragarchiligi kamayadi.

Yangi tartibga koʻra, loyihalashga ruxsatnoma va arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi berish jarayonlari yagona hujjatga birlashtiriladi. “ShaffofAI” tizimi orqali ushbu jarayon inson omilisiz, avtomatik tarzda amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Buning natijasida 30 ish kunigacha davom etadigan jarayon toʻliq avtomatlashtiriladi.

Loyiha-qidiruv, qurilish-pudrat va ekspertiza tashkilotlarini litsenziyalashda ham yangi tartib joriy etiladi. Bugungi kunda ariza berishda 3 tadan 30 tagacha hujjatni ilova qilish talab etilib, qaror qabul qilish 14 ish kunigacha choʻzilmoqda. Taklif etilayotgan tizimda maʼlumotlar elektron bazalar orqali avtomatik tekshiriladi, hujjat ilova qilish talabi bekor qilinadi. Litsenziyani rasmiylashtirish muddati 14 ish kunidan 5 daqiqagacha qisqaradi, qaror qabul qilish jarayoni 97 foizga tezlashadi.

Qurilish obʼektlarini foydalanishga qabul qilish jarayoni ham soddalashtiriladi. Oʻtgan yili bu borada berilgan 20 mingdan ortiq arizalar turli sabablar bilan rad etilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun buyurtmachilar 1 oydan 3 oygacha vaqt sarflamoqda.

Endi davlat obʼektlarini foydalanishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar soni 3 tadan 1 taga qisqartiriladi. Texnik va mualliflik nazoratchilari xulosalari, muvofiqlik deklaratsiyasi va boshqa maʼlumotlar raqamli tizimlar orqali shakllantiriladi. Bu orqali obʼektni qabul qilish muddati 2 oydan 15 kungacha qisqaradi.

Shu bilan birga, binoning mustahkamligi va yongʻin xavfsizligiga taʼsir qilmaydigan arxitekturaviy yoki rejaviy oʻzgarishlar sabab obʼektni foydalanishga qabul qilishni rad etish amaliyoti qayta koʻrib chiqiladi. Bunday holatlarda zarur korrekturalar kiritilib, obʼektni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.

Taqdimotda qurilish obʼektlarini onlayn nazorat qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Amaliyotda qurilish obʼektlariga kuzatuv kameralarini majburiy oʻrnatish talabi mavjud emas. Shu bois birinchi bosqichda qiymati 3 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan ijtimoiy soha obʼektlari, koʻp qavatli uylar, yirik savdo va sanoat obʼektlari, mehmonxona va turizm majmualariga kameralar oʻrnatish taklif etildi.

Bu orqali loyihadan oʻzboshimchalik bilan chetga chiqish holatlarini barvaqt aniqlash, qurilish maydonidagi ishchilar hisobini aniq yuritish, “konvert” usulida maosh toʻlash holatlarining oldini olish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va mehnat xavfsizligini taʼminlash imkoniyati kengayadi.

Qurilishda texnik va mualliflik nazorati samaradorligini oshirish masalasi ham koʻrib chiqildi. 2025 yilda texnik va mualliflik nazoratchilari obʼektlarda 42 mingta kamchilikni qayd etgan boʻlsa, inspektorlar keyinchalik yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlikni aniqlagan. Bu ayrim hollarda nazoratchilar faoliyati yetarlicha samarali tashkil etilmayotganini koʻrsatadi.

Shu munosabat bilan “Shaffof qurilish” platformasida texnik va mualliflik nazoratchilarining reyestri va reyting tizimini joriy etish taklif qilindi. Ularning faoliyati masofadan monitoring qilinadi, ish yurituv hujjatlari elektron shaklga oʻtkaziladi. Reyting koʻrsatkichi past boʻlgan nazoratchilar qayta oʻqitishga yuboriladi, yaxshi natija koʻrsatganlarning sertifikat muddati uzaytiriladi.

Qurilish materiallari sifatini nazorat qilishda ham taʼsirchan mexanizmlar joriy etiladi. Obʼektga kiritilgan har bir qurilish materiali nazorat.mc.uz platformasi orqali elektron roʻyxatga olinadi, sifatni tasdiqlovchi hujjatlar majburiy ravishda tizimga yuklanadi. Sifatsiz materiallardan foydalangan quruvchilarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilash taklif etildi.

Laboratoriya sinovlari boʻyicha ham yangi yondashuvlar belgilanmoqda. Uzoq hududlardagi qurilish massivlarida sinovlarni oʻz vaqtida oʻtkazish uchun koʻchma qurilish-sinov laboratoriyalarini tashkil etish taklif qilindi. Bu obʼektlar qamrovini ikki barobar oshirish, sinov natijalarini tezkor aniqlash va standart talablariga rioya etilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Taqdimotda noqonuniy qurilishlarning oldini olish masalasi ham atroflicha koʻrib chiqildi. 1 aprel holatiga respublika boʻyicha 3 ming 791 ta noqonuniy qurilish obʼekti aniqlangan. Shundan 1 ming 933 tasi sanoat zonalari hududiga toʻgʻri keladi. Ayrim obʼektlarda yerga boʻlgan huquq, loyihalashga ruxsatnoma, kengash yoki ekspertiza xulosalari mavjud emasligi aniqlangan.

Buning oldini olish uchun yerga oid huquq vujudga kelgan vaqtdan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslarga qurilish sohasidagi qonun talablari boʻyicha elektron eslatmalar yuborish, “Onlayn mahalla” va “Shaffof qurilish” tizimlarini integratsiya qilish, qonunchilikdagi obʼektlarni ruxsatnomasiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif etildi.

Koʻp kvartirali uy-joy fondini boshqarishda nazoratni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.

Qonunchilikda koʻp kvartirali uylardagi toʻsiq konstruksiyalarini oʻzboshimchalik bilan buzgan shaxslarga maʼmuriy choralarni tezkor koʻrish mexanizmi yetarli emas. 2023 yilda bunday holatlar 563 ta boʻlgan boʻlsa, 2025 yilda 2 ming 484 taga yetgan.

Ayniqsa, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan uylarda oʻzboshimchalik bilan rekonstruksiya qilish xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Mamlakatimizda bunday koʻp kvartirali uylar

15 ming 270 tani tashkil etadi. Shu bois ularda toifani oʻzgartirish va rekonstruksiya qilishni cheklash, toʻsiq konstruksiyalarni buzganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jarima qoʻllash vakolatini inspeksiyaga berish taklif etildi.

Kadrlar salohiyatini oshirish masalasi ham eʼtibor markazida boʻldi.

Toshkent, Namangan va Qarshi shaharlaridagi oliygohlarda Avstriyaning Vena va Italiyaning Sapiyensa universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish, istiqbolli kadrlarni rivojlangan davlatlarga stajirovkaga yuborish va ularning yangi bilim-koʻnikmalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz sohadagi yangiliklar amaliyot bilan uzviy bogʻlangan boʻlishi zarurligini taʼkidlab, hududiy studiyalardagi sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning fikrlarini tingladi. Takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid