Oʻta yirik miqdordagi firibgarlikda gumonlangan shaxs Perudan Oʻzbekistonga keltirildi
U Turkiya fuqarosi boʻlib, Peru hududida tergov organlaridan yashirinib yurgan va xalqaro qidiruv doirasida qoʻlga olingan.

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan fuqaro Perudan Oʻzbekistonga olib kelindi.
Mazkur tadbir Interpolning Oʻzbekiston va Peru Milliy markaziy byurolarining muvofiqlashtirilgan harakatlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Xalqaro-huquqiy departamenti hamda Peru Respublikasi Adliya vazirligining faol koʻmagi natijasida amalga oshirilgan.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan oʻta yirik miqdordagi firibgarlikni sodir etganligi uchun qidiruvda boʻlgan Turkiya Respublikasi fuqarosi ekstraditsiya qilindi.
Gumonlanuvchi Peru Respublikasi hududida tergov organlaridan yashirinib yurgan va xalqaro qidiruv doirasida qoʻlga olingan.
Ekstraditsiya Toshkent va Lima Milliy markaziy byurolari xodimlarining hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari hamda ekstraditsiya jarayonida tranzit oʻtgan Fransiya va BAA vakolatli organlarining xalqaro huquq doirasida koʻrsatgan yordami tufayli amalga oshirildi.
Ekstraditsiya qilingan shaxs keyingi protsessual harakatlarni oʻtkazish hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun Interpol Milliy markaziy byurosi va Respublika Bosh prokuraturasi xodimlari hamrohligida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelindi.
