platina.uz
Maqola

Iqlim quroli qoʻllanilyaptimi?

Eron va AQSh oʻrtasidagi qurolli mojarolardan soʻng Eronda bir necha yil davom etgan uzoq qurgʻoqchilik sunʼiy ravishda keltirib chiqarilgani haqida daʼvolar tarqaldi.

Iqlim quroli qoʻllanilyaptimi?
Fotokollaj: Platina.uz

Ayrim konspirologik fikrlarga koʻra, 2024 yildan boshlab, globalistlar iqlim qurolidan jadal foydalanmoqda. Hamma joyda – nafaqat Rossiyada, balki Qozogʻiston, Xitoy, Braziliyada ham suv toshqinlari kuzatildi. Bunga qoʻshimcha ravishda, may oyi boshida ommaviy sovuq urishlar boʻldi.

Ayni siyosiy mojarolar paytida Turkiya yoki Afgʻonistonda zilzilalar yuz berishini global fitna bilan bogʻlashadi, garchi bu mintaqalar azaldan seysmik faol hudular hisoblansa-da. Goʻyoki bularning barchasini globalistlar hosilni yoʻq qilish va sunʼiy ochlik keltirib chiqarish uchun amalga oshirmoqda, ayrim davlatlarda iqlim quroli bor va u faol ishlatilmoqda.

Biroq bu qarashlar ilmiy dalillar bilan isbotlanmagan. Iqlim quroli va “ximtreyllar” haqidagi konspirologik nazariyalar ilmiy asosga ega emas. Hozirgi vaqtda ob-havoni global miqyosda boshqarish insonning imkoniyatlari – ilmiy, texnologik va logistik salohiyatlaridan ancha tashqarida hisoblanadi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, soʻnggi oʻn yilliklardagi iqlim oʻzgarishlari qandaydir maxfiy texnologiyalar taʼsiri bilan emas, asosan inson faoliyati natijasida parnik gazlari konsentratsiyasining oshishi bilan bogʻliq.

Iqlim quroli nima?

Iqlim quroli bu – dushmanga zarar yetkazish maqsadida ob-havo va iqlimni sunʼiy ravishda oʻzgartirish uchun moʻljallangan meteorologik qurol turi hisoblanadi. U bulutlarni tashkil etuvchi va atmosferada erkin holda mavjud zarrachalarning mikroskopik beqarorligidan foydalanishga asoslanishi mumkin. Global iqlim oʻzgarishiga shamollarni ajratuvchi togʻ tizmalarini buzish, ayrim boʻgʻozlarni toʻsib qoʻyish, yadroviy portlashlar va boshqa omillar sabab boʻlishi mumkin.

Internetda iqlimni qurol sifatida qoʻllash masalalari bilan shugʻullanuvchi markazlar haqidagi xabarlarni uchratish mumkin – ulardan biri AQShning Alyaska shtatida, ikkinchisi esa Rossiyada joylashgani aytiladi. HAARP (High Frequency Active Auroral Research Program) dasturi shular jumlasidandir. Ushbu dastur sayyoraning ayrim hududlarida iqlimni oʻzgartirish maqsadida geofizik qurol yaratishni koʻzda tutgan, degan daʼvolar mavjud.

HAARP – bu Alyaska shtatidagi Gakon hududida joylashgan ilmiy loyiha boʻlib, Yerning ionosferasini (yer yuzasidan taxminan 80-640 km balandlikda) kuchli yuqori chastotali uzatgichlar yordamida oʻrganishga qaratilgan. Dastur ilgari AQSh harbiy-havo kuchlari nazoratida edi. Lekin 2015 yildan beri Alyaska shtatidagi Ferbenks universitetining Geofizika institutiga topshirilgan boʻlib, yuqori atmosferadagi fizik jarayonlarni oʻrganish orqali aloqa va navigatsiyani yaxshilashni maqsad qiladi. Loyihada 180 ta radioantennadan foydalaniladi.

HAARP maqsadi ionosferani oʻrganish, sunʼiy chaqnash hosil qilish, past chastotali toʻlqinlarni generatsiya qilish va radiofizik tajribalar oʻtkazishdan iborat.

Lekin HAARP – iqlim yoki geoinjiniring quroli emas, u avvalo ilmiy tadqiqot vositasidir. U zilzila chaqirish yoki ob-havoni oʻzgartirish imkoniyatiga ega emas. Bu kompleksni “zilzila qiladi, iqlimni boshqaradi, hatto inson ongiga taʼsir etadi” deyishsa-da, aslida uning quvvatini tabiat kuchlari bilan taqqoslab boʻlmaydi, u global taʼsir koʻrsata olmaydi.

“Bu tasodif emas. Bu texnologiya”.

Iqlim quroli haqidagi gaplar Ikkinchi jahon urushi yakuniga yetib, kommunistik va kapitalistik blok orasiga temir parda tushib, “sovuq urush” boshlanganidan beri mavjud. Bu mavzudagi eng muhim jihat – hammasi ham fantastika emas.

Chunki iqlimni oʻzgartirish allaqaonlardan beri ochiqchasiga qoʻllanib kelinadi. Masalan, Moskvada bayramlar oʻtkazilishi arafasida yomgʻir tadbirga xalaqit bermasligi uchun samoga raketa yoki samolyotlar yordamida maxsus kimyoviy moddalar sochiladi va bulutlar tarqatib yuboriladi. Yoki doʻl va kuchli yomgʻir yogʻib ekinlarga va aholiga zarar yetkazishining oldini olish uchun sovet paytlarida ham osmonga shunday raketalar otilib, bulutlar tarqatib yuborilgan.

Haqiqat ustiga qurilgan taxminlar

Eron va AQSh oʻrtasidagi qurolli mojarolardan soʻng, ijtimoiy tarmoqlar va ayrim Telegram-kanallarda Eronda bir necha yil davom etgan uzoq qurgʻoqchilik sunʼiy ravishda keltirib chiqarilgani haqida daʼvolar tarqaldi. Unga koʻra, goʻyoki AQSh va Isroilga tegishli “iqlimiy qurilmalar” Erondan “yomgʻirni oʻgʻirlagan” va bu qurilmalar BAA hududida joylashgan, degan fikrlar ilgari surildi.

2026 yil aprel oyida Eron BAAdagi goʻyoki maxfiy bulutlarni ekish markaziga (“Piromidon” markazi) zarba bergani haqida xabarlar paydo boʻldi. Manbalarga koʻra, aynan shu voqeadan soʻng Eronda qurgʻoqchilik tugagan, daryolar toʻlgan va hatto choʻl hududlarida qor yogʻgan, degan iddaolar bildirildi.

Ekolog-mutaxassislar va olimlar bu kontekstdagi “iqlimiy qurol” nazariyasi tanqidga bardosh bermasligini taʼkidlamoqda. BBC va boshqa manbalarga koʻra, bunday nazariyalar mintaqadagi harbiy harakatlar fonida tarqatilayotgan manipulyatsiya va asossiz daʼvolar hisoblanadi. Xususan Eron va boshqa eronparast shia guruhlari Tehronning arab davlatlaridagi fuqarolik obʼektlariga dushmanona zarbalarini oqlash uchun davlat propagandasi shunday fikrni jamoatchilik onggiga singdirishga urinmoqda.

Bundan tashqari, “iqlim oʻzgartiruvchi qurilmalarga zarba berildi” degan iddaolardan keyin choʻl hududlarida kuzatilgan keskin ob-havo oʻzgarishlari (koʻp miqdorda yogʻingarchilik) inson omillari emas, balki tabiiy jarayonlar bilan izohlanadi. Xulosa qilib aytganda, 2026 yil may holatiga koʻra, Eronga qarshi “iqlimiy qurol” qoʻllanilgani haqidagi maʼlumotlar axborot-psixologik urush xarakteriga ega boʻlib, ilmiy faktlar bilan tasdiqlanmagan.

Lekin bu propaganda materiallari real faktlarga asoslangan. Masalan, BAA bulutlarni “ekish” (yaratish, jamlash) texnologiyasidan 1990-yillar oxiridan beri foydalanib kelmoqda va uni amalga oshirish uchun murakkab infratuzilma yaratgan. Bu infratuzilma tarmoqli meteostansiyalar, integratsiyalashgan radar tizimi va maxsus ekish ishlarini bajarish uchun moʻljallangan samolyotlarni oʻz ichiga oladi. BAAda bulutlar uchun kaliy xlorid va natriy xlorid kabi tabiiy tuzlar qoʻllaniladi va ular xavfsiz hisoblanadi.

Atrof-muhitga taʼsiriga kelsak, ekologik muvozanat buzilishi ehtimoli haqidagi xavotirlarga qaramay, BAAda bulut ekish amaliyotlarida ishlatiladigan tuzlar mavjud maʼlumotlarga koʻra atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. Biroq bunday texnologiyalarning uzoq muddatli oqibatlari hali ham tadqiqot va muhokama mavzusi boʻlib qolmoqda.

BAA 2024 yilda 300 tagacha bulut ekish missiyasini oʻtkazdi. Shu bilan birga, anʼanaviy ekish vositalariga ekologik jihatdan toza muqobillarni ishlab chiqish boʻyicha qoʻshimcha tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu mamlakatning iqlim oʻzgarishi sharoitida milliy suv xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi ekinlari oʻsishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

Shuningdek, Xitoyda ham yomgʻirlarni koʻpaytirish uchun urinishlar kuchaygani aytiladi. Avvalroq esa Hindiston hukumati maxsus zarrachalar yordamida bulutlarni urugʻlash orqali yomgʻir chaqirish boʻyicha tajriba oʻtkazgan.

Bu usul bulutlar ichiga reagentlar, jumladan, kumush yodidi va natriy xloridi kabi moddalarni tarqatish orqali yogʻingarchilikni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. Dehli atrof-muhit vaziri Manjinder Singh Sirsa ushbu loyiha ustidagi ishlar yetti oy davom etganini maʼlum qilgan.

Oʻzbekistonda ham 2026 yil 1 martdan boshlab yomgʻirni sunʼiy chaqirish texnologiyasini joriy etish boʻyicha pilot loyiha boshlandi. Buning uchun Fransiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni tajribasi oʻrganiladi. Bu choralar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yilga moʻljallangan davlat dasturi toʻgʻrisidagi farmonida nazarda tutilgan.

Loyihani ishlab chiqish bilan Ekologiya va iqlim oʻzgarishi boʻyicha milliy qoʻmita, Fanlar akademiyasi hamda Toshkent viloyati hokimligi shugʻullanadi. Moliyalashtirish manbai – umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan davlat maqsadli jamgʻarmasi. Pilot sinovlar doirasida kamida 3-5 ta amaliy tajriba oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirish natijasida yogʻingarchilik hajmi 10-20 foizga oshishi kutilmoqda.

Tizim 2027 yil 1 oktabrga qadar toʻliq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, qisqa vaqt ichida havodagi chang zarrachalari va zararli aralashmalar miqdori kamayishi kutilmoqda. Rasmiylar taʼkidlashicha, agar poytaxt hududidagi tajriba muvaffaqiyatli deb topilsa, qurgʻoq iqlimdan aziyat chekayotgan Oʻzbekistonning boshqa viloyatlarida ham shunday qurilmalar joriy etilishi mumkin.

Lekin bu kabi urinishlar hammaga ham yoqib tushavermaydi. Masalan, Xitoyga va BAAga qoʻshni ayrim davlatlar “bizning yomgʻirimiz va namgarchiligimizni oʻgʻirlashyapti” degan ayblovlar bilan chiqishgan. Olimlarning aytishicha, hozircha bu urinishlar qoʻshni hududlar yoki umuman mintaqa iqlimiga katta taʼsir qilmaydi.

Masalan, Rossiya iqtisodiyot oliy maktabining Geografiya va geoinformatsion texnologiyalar fakulteti dekani, geografiya fanlari nomzodi Nikolay Kurichevning aytishicha, Toshkent va uning atrofida yomgʻirni sunʼiy chaqirish dasturining koʻlami butun mintaqadagi vaziyatga taʼsir koʻrsatish uchun juda kichik.

Shuni ham taʼkidlash kerakki, hozirgi vaqtda bunday loyihalarning oqibatlari boʻyicha toʻliq ilmiy tadqiqotlar mavjud emas. Masalan, Xitoyda amalga oshirilayotgan loyihalar Oʻzbekistondagidan ancha katta koʻlamga ega. Ayrim gʻarb ekspertlarining qoʻshni davlatlarda yogʻingarchilik va suv oqimiga taʼsir haqida fikrlari bor, lekin ular Pekinga nisbatan siyosiy qarashlar taʼsirida boʻlishi mumkin. Olimlar orasida yagona fikr shakllanmagan – masala yetarlicha oʻrganilmagani uchun aniq xulosa chiqarish qiyin.

Ammo shu fakultet dotsenti Mixail Varensovning aytishicha, yogʻingarchilikni bir joyda oshirish maqsadida taʼsir koʻrsatish haqiqatan ham boshqa joyda, ayniqsa, shamol yoʻnalishi boʻyicha quyi tomonda uning kamayishiga olib kelishi mumkin, Bu shunday kechadi: avval yogʻingarchilik sunʼiy ravishda tushiriladi, soʻng havo massasi namlik kamaygan holda harakatlanadi. Shuning uchun keyingi hududlarda yogʻingarchilik ehtimoli va uning intensivligi pasayadi. Masalan, Moskvada bulutlarni tarqatish amaliyoti yogʻingarchilik shaharga yetib kelishidan oldin tushirish orqali amalga oshiriladi. Yaʼni yogʻingarchilik Moskvada emas, balki Moskva viloyatida chaqiriladi. Har qanday holatda ham taʼsirning natijasi uning kuchiga, joylashuviga va boshqa omillarga bogʻliq boʻladi. Shu sababli uni baholash uchun taʼsir xususiyati haqida aniq maʼlumotlar va ular asosida chuqur tadqiqotlar talab etiladi.

Iqlim quroli qoʻllanilgan holatlar

Lekin iqlimga taʼsir qilish imkoniyatidan dushmanga qarshi qurol sifatida foydalanilgan real misollar ham mavjud.

Masalan, 1967-1972 yillarda AQSh tomonidan (asosan Laos, Kambodja va Shimoliy Vetnam hududlari ustida) amalga oshirilgan “Popay” (Popeye) maxfiy operatsiyasi tarixda yagona tasdiqlangan iqlimni qurol sifatida ishlatishga urinishdir. Operatsiyadan maqsad – Vetnamdagi Xo Shi Min yoʻlini – shimoliyVetnam partizanlarining asosiy taʼminot marshrutini – loy-botqoqqa aylantirish, shuningdek, sholipoyalarni suv bosishiga olib kelib, dushmanning harbiy logistikasini izdan chiqarish boʻlgan.

Buning uchun AQSh samolyotlari osmonda bulutlarga yodli kumush sepib chiqqan va yomgʻir sunʼiy ravishda kuchaytirilgan, yomgʻir mavsumi 30-45 kunga uzaytirilgan. Operatsiya davomida 2600 dan ortiq aviatsiya parvozi amalga oshirilib, minglab tonna kimyoviy moddalar sepilgan. Lekin u paytda yomgʻirni toʻla boshqarish imkonsiz boʻlgan. Bundan har qancha ulkan resurslar ham tabiatni toʻliq nazorat qilish uchun yetarli emas, degan xulosa chiqarish mumkin.

Iqlim quroli nega taqiqlangan?

1977 yilda BMT tomonidan iqlimdan qurol sifatida foydalanishni taqiqlovchi Konvensiya (inglizcha Environmental Modification Convention (ENMOD) qabul qilingan. Mazkur konvensiya iqlimni qurol sifatida ishlatishni rasman taqiqladi. Taqiq asosan iqlim oʻzgarishi, zilzilalar, okean va atmosfera jarayonlariga tegishli.

Konvensiya tabiiy muhitga taʼsir oʻtkazish vositalarini harbiy yoki har qanday boshqa dushmanlik maqsadlarida qoʻllashni taqiqlaydi. Lekin bir nozik jihat bor – faqat “keng koʻlamli, uzoq muddatli va jiddiy” taʼsirlar taqiqlangan. Bu esa “kulrang zona”ni yaratadi: mahalliy texnologiyalarga ruxsat etilgan, lekin boshqa jihatlar boʻyicha chegara noaniq qolmoqda.

Iqlim qurolining imkoniyatlari kattami?

Faraz qilaylik, iqlim quroli yaratilgan taqdirda ham, ayni paytda undan katta natijalar kutib boʻlmaydi. Masalan, dushmanni “suvga gʻarq qilish uchun” yoʻq joydan bulut chaqirib boʻlmaydi. Shuningdek, Eron tomonining oʻzini oqlash uchun “bizda sunʼiy qurgʻoqchilik chaqirishdi” degan gʻoyalari ham asossiz. Chunki butun bir davlatni yomgʻirli bulutlardan toʻsib qolib boʻlmaydi. Yaʼni sunʼiy qurgʻoqchilik chaqirish, siklon va boʻronlarni boshqarish imkonsiz.

Masalan, sunʼiy toʻfon va boʻron hosil qilish qiyin. Bitta boʻron kuniga ≈ 5×10¹⁹ joul energiya chiqaradi. Bu esa minglab atom bombalari kuchiga teng. Demak, toʻfonni boshqarish – sayyoralar miqyosdagi energiyani boshqarish degani.

Shuningdek, qayerdadir zilzila yoki dengiz toʻfoni hosil qilish uchun yuzlab bomba portlatishga toʻgʻri keladi. Bunday amaliyot, birinchidan maxfiy qolmaydi, ikkinchidan imkonsiz.

Zilzilalar oʻnlab kilometr chuqurlikda yuz beradi va tektonik plitalar harakatiga bogʻliq. Misol uchun, 7 ballik zilzila qoʻzgʻatish uchun yuzlab atom bombalari portlatish lozim. Xullas, insoniyat hali iqlimni oʻz istaganidek boshqarish darajasiga chiqqani yoʻq. Bu qurol mavjudligiga oid rasmiy dalillar yoʻq.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid