platina.uz
Jamiyat

50 yildan ortiq aholiga xizmat koʻrsatgan poliklinika butkul yangilandi

Davlat rahbarining topshirigʻiga koʻra, Urgut tumanidagi “Navoiy” oilaviy poliklinikasi tubdan qayta qurildi. Endi bu yerda shifokorlar ham zax, yogʻingarchilik boʻlsa tomidan suv oʻtadigan ayanchli ahvoldagi binoda emas, balki zamonaviy, yorugʻ va qulay sharoitlarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi.

50 yildan ortiq aholiga xizmat koʻrsatgan poliklinika butkul yangilandi

Urgutning chekka qishloqlaridan birida — “Bahrin” mahallasida “Navoiy” nomli 21-sonli oilaviy poliklinika bor.

Tashqaridan qaraganda oddiy bino. Lekin atrofdagi 16 ta qishloq aholisi uchun u yagona tibbiyot maskani hisoblanadi. Tugʻruq ham shu yerda, davolanish ham shu yerda, qariyalar ham, yosh onalar ham, bolalar ham shu binoga umid bilan keladi.

Bu poliklinika 1972 yilda qurilgan. Yarim asrdan oshiq vaqt davomida u deyarli jiddiy taʼmir koʻrmagan. Devorlari zax bosgan, oynalari xiralashgan, tomdan suv oʻtadigan xonalarida esa shifokorlar bemor qabul qilgan. Ana shu sharoitda ham minglab insonlarga xizmat koʻrsatilgan. Chunki odamlarning boshqa tanlovi yoʻq edi.

Viloyat markazigacha yoʻl uzoq. Ayniqsa, tungi payt yoki shoshilinch holatlarda vaqtning har bir daqiqasi muhim. Shu sabab shifokorlar ham, bemorlar ham mavjud sharoitga moslashishga, ana shu abgor ahvoldagi poliklinikadan foydalanishga majbur boʻlib kelgan.

Bugun esa bu manzara oʻzgaryapti. 2025 yil dekabr oyida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 13 mingdan ortiq aholi uchun birlamchi tibbiy yordam koʻrsatadigan ushbu muassasaga tashrif buyurib, mazkur bino kapital taʼmirga, yangi standartlar va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtojligini taʼkidlagan edi.

Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat boʻylab birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi tubdan yangilanmoqda. Diagnostika standartlari zamonaviylashtirilmoqda, yangi davolash usullari joriy qilinmoqda, hududlar kesimida alohida master-rejalar ishlab chiqilmoqda. Asosiysi, bu islohotlar eng chekka qishloqlargacha yetib boryapti.

Davlat rahbarining topshirigʻiga koʻra, “Navoiy” oilaviy poliklinikasi tubdan qayta qurildi. Bu yerdagi 16 ta qishloqning ayollariga xizmat koʻrsatayotgan tugʻruq boʻlimi eng zamonaviy talablarga javob beradigan sharoitlarga ega boʻldi. Endi bu yerda shifokorlar ham zax, yogʻingarchilik boʻlsa tomidan suv oʻtadigan ayanchli ahvoldagi binoda emas, balki zamonaviy, yorugʻ va qulay sharoitlarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi.

Eng muhimi, bu faqat bitta qishloqdagi oʻzgarish emas. Bugun mamlakatning turli hududlarida yillar davomida eʼtibordan chetda qolgan poliklinikalar, shifoxonalar va tugʻruq boʻlimlari tubdan yangilanmoqda.

Chunki sogʻliqni saqlash qogʻozdagi statistika emas. Bu — yarim kechasi bolasining isitmasidan vahimaga tushgan onaning boradigan joyi. Bu — uzoq qishloqdagi ayol toʻlgʻoq tutganda yetib borishga ulguradigan eng yaqin tugʻruqxonasi. Bu — inson hayoti va uning ortidagi taqdirlar masalasi.

Ana shu joylar oʻzgarmasa, hech qanday islohot haqiqiy boʻla olmaydi. “Bahrin”dagi yangi poliklinika balki katta bino emasdir, ammo uning ortida juda katta maʼno va signal bor: davlat rahbariyati har bir insonni, u qayerda yashashidan qatʼi nazar, koʻradi, eshitadi va uning salomatligi uchun qaygʻuradi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid