platina.uz
Jamiyat

2026 yil oxiriga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari malakasi baholanadi

Baholash natijalariga koʻra ularni lavozimda qoldirish, rotatsiya qilish, qayta tayyorlash yoki mehnat shartnomalarini belgilangan tartibda bekor qilish choralari koʻrilishi mumkin. 

2026 yil oxiriga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari malakasi baholanadi

"Sogʻliqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" Prezident farmoni imzolandi.

Sogʻliqni saqlash vaziriga tibbiyot sohasida davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha quyidagi qoʻshimcha huquq va vakolatlar beriladi:

(a) sohadagi ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirishni samarali tashkil etish maqsadida vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan, Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan loyiha ofislarini tashkil etish, ularning vazifalari va tuzilmasini belgilash;

(b) sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish bilan bogʻliq tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish;

(v) mahalliy va xorijiy mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida jalb qilish, shuningdek, konsalting, ekspertlik, tahliliy hamda tibbiyot menejmenti va moliyaviy boshqaruv boʻyicha malaka oshirish xizmatlarini “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomili asosida xarid qilish hamda ularga bozor konʼyunkturasini hisobga olgan holda milliy yoki chet el valyutasida, shu jumladan, mablagʻlarni ularning xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali haq toʻlash;

(g) sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish, axborot tizimlarini joriy etish va yagona raqamli ekotizimni shakllantirish boʻyicha talablar, standartlar va texnik reglamentlarni belgilash;

(d) vazirlikka yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda ayrim funksiyalar va xizmatlarni, shu jumladan, xodimlarning lavozim yoʻriqnomasida belgilangan vazifalarni shartnoma asosida va autsorsing xizmatidan foydalanib amalga oshirish.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilar tashkil etiladi:

-sogʻliqni saqlash sohasida davlat siyosatining samaradorligini baholash, aholi salomatligi koʻrsatkichlarini tahlil qilish va prognozlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda strategik qarorlar qabul qilish uchun tahliliy maʼlumotlar tayyorlash maqsadida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi;

- tibbiy xizmatlar sifati, bemorlar xavfsizligi, klinik protokol va standartlarga rioya etilishini baholash, tibbiyot muassasalari faoliyatini tahlil qilish hamda klinik nazorat tizimini joriy etish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari;

- sogʻliqni saqlash sohasidagi yangiliklar, tibbiy xizmatlar va davlat siyosatini jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazish, shuningdek, jamoatchilik fikr-mulohazalarini tizimli ravishda yigʻish hamda tahlil qilish va axborot siyosatini samarali tashkil qilish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi shaklida Kontent mediamarkazi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlarning Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari soni quyidagicha belgilanadi:

- Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati – 298 ta (shu jumladan, 1 ta vazirning birinchi oʻrinbosari va 5 ta vazir oʻrinbosari);

- Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi – 68 ta;

- Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi – 42 ta;

- Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari – 128 ta;

-Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi – 30 ta;

-Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri sogʻliqni saqlash boshqarmalari jami – 602 ta, tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari – 18 tadan.

Bunda soha uchun qoʻshimcha ajratiladigan shtat birliklari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tizimidagi tashkilotlardan 880 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.

2026 yil yakuniga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligining markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining malakasi egallab turgan lavozimi boʻyicha baholanadi.

Baholash natijalariga koʻra hamda mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq xodimlarning lavozimga muvofiqligini taʼminlash, shu jumladan, ularni lavozimda qoldirish, rotatsiya qilish, qayta tayyorlash yoki mehnat shartnomalarini belgilangan tartibda bekor qilish choralarini koʻriladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid