Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilinadi
Daryoning davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer uchastkalari ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilinadi.
Prezidentning 2026 yil 4 maydagi PQ-164-sonli qaroriga muvofiq, Ugom daryosining tabiiy ekotizimini saqlab qolish va suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga koʻra, Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilinadi. Daryoning Toshkent viloyati hududidan oqib oʻtuvchi 13,3 km qismiga “Davlat gidrologik tabiat yodgorligi” maqomi beriladi.
2026 yil 1 iyundan daryoning sohil boʻyi mintaqalari hamda suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizim va ekologik muvozanatga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan har qanday qurilish, yer ishlari va sunʼiy inshootlarni barpo etish qatʼiyan man etiladi.
Bunda:
- daryo havzasi va uning irmoqlari doirasida gidrotexnik, gidromeliorativ ishlar, bino va inshootlar, gidroenergetika, suvni tartibga solish va derivatsiya inshootlarini qurish toʻliq taqiqlanadi (faoliyat yuritayotgan gidroenergetika obʼektlarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno);
- daryoning davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer uchastkalari ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ugom daryosining sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan obʼektlarning atrof-muhitga salbiy taʼsiri va ekologik talablarga muvofiqligini oʻrganish yuzasidan Hukumat komissiyasi tarkibi tasdiqlandi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi. Hukumat komissiyasi 2026 yil 1 avgustga qadar daryo boʻyidagi barcha bino va inshootlarni xatlovdan oʻtkazadi. Ekologik talablarga javob bermaydigan obʼektlarning faoliyati toʻxtatiladi yoki koʻchiriladi.
2026 yil 1 oktabrga qadar Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash boʻyicha kompleks Master reja tasdiqlanishi belgilangan.
