Qoraqalpogʻistonda kadastr boʻlimi rahbari qoʻlga olindi
U majburan buzilishi belgilangan binoga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga pul olgan.

Qoraqalpogʻistonda kadastr boʻlimi rahbari pora bilan ushlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlaridan biridagi Kadastr boʻlimi boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarodan 2 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, mazkur mansabdor shaxs 1987 y.t fuqaro tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan 132 m² yer maydonida qurilgan, lekin fuqarolik ishlari boʻyicha sudning 2024 yildagi hal qiluv qaroriga asosan majburan buzilishi belgilangan binoga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish va uning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Hozirda kadastr rahbariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
