platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekiston OTB bilan 12 mlrd dollarlik yangi hamkorlik dasturini imzoladi

Prezident Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt koʻlamini oshirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etdi. 

Oʻzbekiston OTB bilan 12 mlrd dollarlik yangi hamkorlik dasturini imzoladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59 yillik yigʻilishida nutq soʻzlamoqda.

Prezident Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining oʻrnini alohida eʼtirof etdi.

Ishonchli strategik sherigimizga aylangan bank bilan hozirgi kunga qadar qariyb 16 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Osiyo taraqqiyot banki mamlakatimizdagi qayta tiklanuvchi energetika, qishloqlarda uy-joy qurilishi va Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik yoʻnalishlarida ilk kunlardan yelkadosh boʻlgan.

Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, Oʻzbekistonni doimo qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda hamda bank Boshqaruvchilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga, yaqin hamkorlik uchun Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga, shuningdek, barcha xorijiy sheriklarga alohida tashakkur izhor etildi.

Kuni kecha OTB bilan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturi imzolandi.

“Barqaror taraqqiyotni taʼminlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va taʼsirchan yondashuvlarni joriy etishni davrning oʻzi bizdan taqozo etmoqda”, – dedi Prezidentimiz.

Bugun raqamli texnologiya va sunʼiy intellekt deyarli barcha sohalarni mutlaqo yangi formatga olib chiqmoqda. Jahon savdo tashkiloti prognozlariga koʻra, 2040 yilga borib, sunʼiy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qoʻshimcha 40 foizga oshadi.

Oʻzbekistonda ham axborot texnologiyalarini rivojlantirishga jiddiy kirishildi. Innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sunʼiy intellekt xabini tashkil qilish boshlandi. Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalari ustida ishlanmoqda.

Hududlarda data markazlar, super kompyuterlar va sunʼiy intellekt laboratoriyalarini koʻpaytirish, “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash boʻyicha dasturlar amalga oshirilmoqda.

“Bu yoʻnalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSh, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman”,
– dedi Prezidentimiz.

Albatta, taʼlim, tibbiyot, suv xoʻjaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur boʻlgan yoʻnalishlarda ham ochiq sunʼiy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda.

Buning uchun Prezidentimiz Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt koʻlamini oshirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qoʻshilishini maʼlum qildi hamda Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid