Notarial shartnomalardan "eski qarzdorlikni yangi mulkdorga yuklash" haqidagi bandni olib tashlash taklif etildi
“Samarqand suv taʼminoti” AJ tomonidan uy sotib olgan fuqaroga mazkur xonadonning sobiq egasiga tegishli boʻlgan 13 mln soʻm miqdoridagi qarzdorlik yuklatilgan.

Raqobat qoʻmitasi notarial shartnomalardan "eski qarzdorlikni yangi egasiga yuklash" haqidagi bandni olib tashlash tashabbusini ilgari surmoqda.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, fuqarolar koʻchmas mulkni sotib olgandan soʻng, ayrim hollarda sobiq mulkdorga tegishli boʻlgan kommunal qarzdorliklar yangi mulkdor zimmasiga yuklatilmoqda. Bu amaliyot “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga nomuvofiq hisoblanadi. Unga koʻra, shartnomada isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi har qanday shartlar noqonuniy deb topilishi belgilangan.
Mazkur holatlar asosan inson omili (maʼlumotlarni billing tizimiga notoʻgʻri kiritish), idoralararo elektron tizimlarda maʼlumotlarning oʻz vaqtida yangilanmasligi hamda oldi-sotdi shartnomalariga qonunchilikka nomuvofiq bandlarni kiritish natijasida yuzaga kelmoqda.
Amaldagi tartibga koʻra, koʻchmas mulk bitimlari notarial tasdiqlanishidan oldin “NOTARIUS” ATT orqali kommunal toʻlovlar boʻyicha qarzdorliklar majburiy tekshiriladi. Qarzdorlik mavjud boʻlmagan taqdirdagina shartnomani rasmiylashtirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar billing maʼlumotlarining haqqoniyligi va ularni elektron tizimlarga oʻz vaqtida kiritish uchun javobgar hisoblanadi.
Misol tariqasida, Raqobat qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqilgan murojaatda Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan xonadon sotib olingani, oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda rasmiylashtirilgani va jarayonda “Notarius” ATT tizimida hech qanday qarzdorlik aniqlanmagani maʼlum qilingan. Biroq maʼlum vaqt oʻtgach, “Samarqand suv taʼminoti” AJ tomonidan fuqaroga mazkur xonadonning sobiq egasiga tegishli boʻlgan 13 mln soʻm miqdoridagi qarzdorlik yuklatilgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq, koʻchmas mulk bitimlari notarial tasdiqlanishidan oldin “NOTARIUS” ATT orqali soliq va kommunal toʻlovlar boʻyicha qarzdorliklar, shuningdek mulkka nisbatan cheklovlar majburiy tekshiriladi. Faqat qarzdorlik va cheklovlar mavjud boʻlmagan taqdirdagina hujjatlarni rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikka asosan, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻz billing tizimlaridagi maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanib, ushbu maʼlumotlarni idoralararo elektron hamkorlik tizimiga aniq vaqt rejimida (onlayn) yuborilishini taʼminlashga majburdirlar.
Qoʻmita tomonidan “Oʻzsuvtaʼminoti” AJga yuborilgan soʻrov asosida oʻtkazilgan qayta xatlov natijasida mazkur qarzdorlik tashkilotning sobiq xodimi tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolik sababli billing tizimida asossiz shakllangani tasdiqlandi. Natijada fuqaroning huquqlari tiklanib, uning foydasiga 13 mln soʻm qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlandi.
Mazkur holatda, oldi-sotdi shartnomasida “Agarda qarzdorlik vujudga kelgan taqdirda sotib oluvchi toʻlaydi” degan mazmundagi bandlar mavjud boʻlsa-da, isteʼmolchining huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonunchilikka zid boʻlgan bunday talablar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Shartnomada monopol tashkilotning manfaatlarini ifoda etuvchi, isteʼmolchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsituvchi yoki cheklovchi shartlarni kiritish taqiqlanadi.
Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, Raqobat qoʻmitasining notarial idoralar tomonidan rasmiylashtirilayotgan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalaridan qarzdorlikni sotib oluvchi zimmasiga yuklovchi bandlarni chiqarib tashlash boʻyicha Adliya vazirligiga takliflari yuborildi.
