platina.uz
Jahon

Ichki dengizlar va boʻgʻozlar joʻgʻrofiy qurol sifatida

Eronning Hormuz boʻgʻozidagi harakatlari kabi bosim va kuch namoyishi pretsedentlaridan ilhomlangan holda, boshqa davlatlar ham xavfli xulosaga kelishi mumkin.

Ichki dengizlar va boʻgʻozlar joʻgʻrofiy qurol sifatida
Fotokollaj: Platina.uz

Geosiyosatdan maʼlumki, davlatlarning qudratli va buyuk boʻlishidan ularning joʻgʻrofiy joylashuvi ham katta ahamiyatga ega. Tabiiy himoya nuqtalari – togʻlar, ummonlar va daryolar, hatto iqlim sharoitlari ham davlatchilik davomiyligiga salbiy yoki ijobiy taʼsir qila oladi.

Bugungi siyosiy voqelikda esa joʻgʻrofiy joylashuv boshqa davlatlarga taʼsir qila olish quroli sifatida maydonga chiqadi. Masalan, Amir Temur Samarqand shahrini nafaqat uning iqlimi, balki ehtimoliy hujumlarda daryo va togʻlar bilan oʻralgan, tabiiy himoyalanilgani uchun ham poytaxt sifatida tanlagan. Hozirda esa koʻpchilik qoʻshni davlatlar Tolibon bilan murosa qilishga intilishadi – chunki jahon okeaniga chiqishda Afgʻoniston hududidan oʻtish kerak. Yoki Oʻzbekiston oraliq hudud sifatida Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya va Xitoy uchun juda muhim. Afgʻonistondagi aksilterror urushda esa Gʻarb koalitsiyasi Termiz va Qarshi (Xonobod) shahrida aviabazalar ochib, Oʻzbekistondan Afgʻonistonga oʻtuvchi joʻgʻrofiy-siyosiy qulay oʻtish hududi sifatida foydalangan. Shu bois AQSh Islom Karimov bilan murosa qilishga, soʻz va vijdon erkinligi borasidagi eʼtirozlarini yumshatishga majbur boʻlgan va hokazo.

Ayni kunlarda esa Eronning Hormuz boʻgʻozini yopib olib butun jahon davlatlarini shantaj qilayotgani geosiyosiy joylashuvning harbiy va psixologik qurolga aylanishi mumkinligini yana bir bor isbotladi. Chunki Hormuz boʻgʻozini yopish butun jahon iqtisodiyotini garovga olish bilan barobar boʻlib, globallashuvning eng muhim omillaridan mahrum qiladi. Lekin boshqa davlatlar ham geografik joylashuvni bosim yoki moliyaviy shantaj vositasi sifatida qoʻllashni boshlasa, nima boʻladi?

Zero, Hormuz boʻgʻozi – dunyo xaritasida strategik ahamiyatga ega boʻlgan yagona “tor oʻtish nuqtasi” emas. Geografiya nuqtai nazaridan, Hormuzdan tashqari ham iqtisodiy va harbiy jihatdan hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan bir qancha “tor boʻyinlar” mavjud.

Malakka boʻgʻozi

Malakka boʻgʻozi orqali dunyodagi dengiz savdosining qariyb 40 foizi oʻtadi. U Indoneziya (gʻarbida) hamda Singapur va Malayziya (sharqida) oʻrtasida joylashgan 900 kilometrlik strategik yoʻlakdir. Ilgari bu yerda asosiy muammo qaroqchilik edi: har yili taxminan 100 ming yuk kemasi shu yerdan oʻtadi. Biroq inqiroz sharoitida boʻgʻozni harbiy vositalar bilan nisbatan oson yopish mumkin, bu esa butun dunyo boʻylab taʼminot zanjirlarini uzib qoʻyadi.

Malakka boʻgʻozi Xitoy uchun eng katta strategik “Axilles tovoni” – nozik joyi hisoblanadi va ekspertlar buni “Malakka dilemmasi” deb atashadi. Bu yerdan Xitoyga Fors qoʻltigʻidan energiya resurslari hamda uning asosiy import-eksport yoʻllari oʻtadi. Boshqa boʻgʻozlar orqali aylanib oʻtish yoki mumkin emas (masalan, Zond boʻgʻozi sayozligi sababli katta konteyner tashuvchi kemalar uchun mos emas), yoki Lombok boʻgʻozi orqali oʻtish kabi yoʻlni taxminan 1000 dengiz miliga uzaytiradi. Bu esa vaqt va xarajatlarni oshiradi.

Yaqinda Indoneziya ham Erondan “ilhom” olishga urinib koʻrdi. Indoneziya moliya vaziri Purbaya Yudxi Sadeva aprel oyida Jakartada boʻlib oʻtgan konferensiyada, Hormuzdagi kabi, oʻtish uchun boj joriy etish ehtimolini tilga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, “daromad Indoneziya, Malayziya va Singapur oʻrtasida uchga boʻlinsa, juda katta mablagʻ boʻlar edi”. Ammo keyinchalik Indoneziya hukumati bu gʻoyadan voz kechdi.

Bob ul-Mandib boʻgʻozi va Suvaysh kanali

Bob ul-Mandib boʻgʻozi va Suvaysh kanali Qizil dengizga kirish va chiqishdagi eng muhim “tor boʻyinlari”ni tashkil qiladi va Yevropa hamda Osiyo oʻrtasidagi asosiy dengiz yoʻlini nazorat qiladi. Ularning qanchalik zaif ekani 2021 yilda yaqqol koʻrindi: 400 metrlik konteyner tashuvchi Ever Given kemasi avariyaga uchrab, kanalni olti kunga toʻsib qoʻydi.

Yanada jiddiy holat esa Husiylar harakati tomonidan amalga oshirilgan hujumlar boʻldi. 2023 yil oktabridan boshlab ular Qizil dengizning janubida xalqaro kemalarga zarba berib, ikki yil davomida dengiz yoʻllarini xavf ostiga qoʻydi. Bu esa kompaniyalarni Janubiy Afrikadagi Yaxshi Umid burni orqali ancha uzoq va qimmat yoʻldan oʻtishga majbur qildi. Lloyd’s maʼlumotlariga koʻra, hozir husiylar rahbariyati ham “xavfsiz oʻtish” uchun toʻlov joriy etish masalasini muhokama qilmoqda.

Suvaysh kanali dastlab xususiy aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan qurilgan boʻlib, uning ahamiyati tufayli 1888 yilgi Konstantinopol konvensiyasiga muvofiq neytral hudud deb eʼlon qilingan. Ammo u har ikki jahon urushida ham harbiy toʻqnashuvlar maydoniga aylangan. Misr mustaqillikka erishgach, Buyuk Britaniya bilan nizo kelib chiqdi – Britaniya strategik ahamiyatga ega suv yoʻli ustidan nazoratdan voz kechishni istamadi.

1956 yilda Misr prezidenti Jamol Abdulnosir ushbu kanalni konsessiya muddati tugashidan 12 yil oldin milliylashtirdi va uni kuch bilan oʻz nazoratiga oldi. Bunga javoban Fransiya, Buyuk Britaniya va Isroil Suvaysh inqirozini boshlab, kanalni Misr nazoratidan chiqarishga urinishdi. Biroq AQSh bosimi ostida ular chekinishga va qoʻshinlarini olib chiqishga majbur boʻldi.

Tayvan boʻgʻozi

Jahon iqtisodiyoti uchun eng katta xavflardan biri Tayvan atrofidagi ehtimoliy mojaro bilan bogʻliq. AQSh mudofaa vazirligining yillik hisobotiga koʻra, Xitoy yaqin yillardayoq demokratik orol davlati atrofidagi qurolli toʻqnashuvda ustunlikka erishish imkoniyatiga ega boʻlishni rejalashtirmoqda. 2027 yil yana shu jihatdan muhimki, Si Szinpin Xitoy xalq ozodlik armiyasining 100 yilligini nishonlashni istaydi. Toʻliq miqyosli bosqindan tashqari, ekspertlar quruqlikdagi urushsiz ssenariylarni, masalan, dengiz blokadasi yoki “karantin”ni ham koʻrib chiqmoqda

Bloomberg tomonidan oʻtkazilgan kompyuter modellashtirishlariga koʻra, Tayvan boʻgʻozidagi hatto kichik uzilish ham jahon iqtisodiyoti uchun ogʻir oqibatlarga olib keladi. Chunki barcha konteyner tashuvchi kemalarning yarmidan koʻpi ushbu boʻgʻoz orqali oʻtadi. 2022 yilda bu hajm jahon dengiz savdosining beshdan bir qismidan ziyodni tashkil etgan. Deyarli barcha dengiz tashuv kompaniyalarining sugʻurta shartnomalarida BMT xavfsizlik kengashining doimiy aʼzolari oʻrtasidagi urush xavflari istisno qilinadi – bunday holatda zararlarni qoplash avtomatik ravishda toʻxtaydi va amalda dengiz tashuvlari toʻliq toʻxtab qoladi.

Bosfor va Dardanell

Turkiya jahon oziq-ovqat bozori uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan “tor nuqta”ni nazorat qiladi. Bir-biriga yaqin joylashgan ikki boʻgʻoz – Dardanell boʻgʻozi va Bosfor boʻgʻozi – Qora dengiz bilan okean oʻrtasidagi yagona dengiz yoʻli hisoblanadi. Har yili bu yoʻldan oʻn minglab kemalar oʻtadi va boshqa koʻplab yoʻllardan farqli ravishda bu yerda muqobil yoʻnalish mavjud emas. Agar ushbu boʻgʻozlar yopilsa, Qora dengizdan chiqadigan dengiz savdosi deyarli toʻxtab qoladi.

Bu avvalo don mahsulotlariga tegishli. Jahon bugʻdoy eksportining katta qismi Qora dengiz mintaqasiga toʻgʻri keladi: Rossiya va Ukraina 2022 yilgacha birgalikda taxminan 30% ni taʼminlagan. Hozir bu ulush taxminan chorak qismni tashkil qiladi. Deyarli barcha mahsulot Turkiya boʻgʻozlari orqali eksport qilinadi, ayniqsa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlari ushbu taʼminotga katta darajada bogʻliq. Agar bu yoʻl yopilsa, oziq-ovqat tanqisligi, siyosiy beqarorlik va migratsiya inqirozlari xavfi ortadi.

Bu tizimning qanchalik nozik ekani 2022 yildagi urushdan keyin ayon boʻldi: dengiz eksport yoʻllari vaqtincha yopildi va faqat BMT hamda Turkiya vositachiligida kelishilgan “Qora dengiz don tashabbusi” orqali xavfsiz yoʻlaklar qayta ochildi.

Turkiyaning ushbu yoʻlni nazorat qilishi xalqaro huquqqa asoslanadi. 1923 yildagi Montryo konvensiyasi Turkiyaning boʻgʻozlar ustidan suverenitetini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, u Bosfor va Dardanelldan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanishni cheklaydi. Hujjat tinchlik davrida savdo kemalari uchun erkin oʻtishni kafolatlaydi. Urush vaqtida ham, agar Turkiya mojaro tomoni boʻlmasa, oʻtishga ruxsat beriladi. Agar Anqara oʻzi ishtirokchiga aylansa, faqat u bilan urush holatida boʻlmagan davlatlar kemalariga oʻtish uchun ruxsat beradi.

Montryo konvensiyasi Turkiya olishi mumkin boʻlgan yigʻimlarni ham tartibga soladi. Shu sababli mamlakat hokimiyati koʻp yillardan beri Istanbul orqali Bosforga parallel kanal qurishni rejalashtirmoqda. Bu yoʻl konvensiyaning huquqiy taʼsiriga tushmaydi va Anqaraga tranzit hamda tariflar ustidan koʻproq nazorat oʻrnatish imkonini berishi mumkin edi. Ammo loyiha haligacha siyosiy bahslar tufayli amalga oshirilmayapti.

Eresunn

NATOga Shvetsiya va Finlyandiya qoʻshilgandan soʻng, Baltika dengizi amalda alyansning “ichki dengizi”ga aylandi. Qirgʻoq chizigʻining taxminan 8000 kilometridan faqat 700 kilometri NATOga kirmaydigan davlat – Rossiyaga tegishli. Shvetsiya va Daniya esa Baltikaga yagona dengiz kirish nuqtasi boʻlgan Eresunn boʻgʻozini nazorat qiladi.

Baltika dengizi va Eresunn mintaqaviy savdo, ayniqsa, Rossiya uchun muhim ahamiyatga ega. Kaliningrad – Rossiyaning gʻarbidagi yagona muzlamaydigan bandargohi, Primorsk va Ust-Luga portlari esa (Ukraina zarbalarigacha) Rossiya nefti dengiz eksportining yarmini taʼminlagan va tabiiy gaz eksportida ham qoʻllanilgan.

Inqiroz sharoitida Eresunni Rossiya kemalari uchun yopish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Biroq Shvetsiya va Daniya erkin savdo va xalqaro huquq tartibini qoʻllab-quvvatlagani sababli, hozircha ushbu boʻgʻoz orqali oʻtish uchun toʻlov joriy etish rejalari mavjud emas.

Gibraltar

Gibraltar boʻgʻozi Oʻrta yer dengiziga kirishni nazorat qiladi. Yaʼni Qora dengiz va Oʻrta yer dengizidan Atlantika okeaniga, Shimoliy va Janubiy Amerikaga hamda Afrikaning gʻarbiy sohillariga olib boruvchi dengiz yoʻllari ham shu tor joydan oʻtadi. Shu sababli turli dengiz davlatlari doimo Gibraltar ustidan nazorat oʻrnatishga intilgan – bu boʻgʻoz ustida joylashgan baland qoya va katta togʻ bilan mashhur strategik nuqtadir.

1704 yildan buyon Buyuk Britaniya Gibraltarni nazorat qiladi, demak, boʻgʻozning kamida shimoliy qismi uning qoʻlida. Bu esa Ispaniya noroziligiga sabab boʻlib kelmoqda, chunki u ushbu strategik hududni qaytarib olishni istaydi. Ikkinchi jahon urushi davrida bu tor nuqta fashist Germaniyasi va ittifoqchilar oʻrtasidagi suvosti kurashi maydoniga aylangan.

Hozircha boʻgʻoz orqali oʻtishni pullik qilish yoki uni yopish boʻyicha rejalar yoʻq. Ammo inqiroz holatida NATO uchun Gibraltar boʻgʻozini nazorat qilish va shu orqali ehtimoliy dushman kuchlarning Oʻrta yer dengizi hamda Atlantikaga kirishini cheklash muhim ahamiyat kasb etadi.

Panama kanali

Panama kanali Yevropa iqtisodiyoti uchun nisbatan kamroq ahamiyatga ega boʻlsa-da, Shimoliy va Janubiy Amerika uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu ikki qitʼa sohillari oʻrtasidagi yagona dengiz savdo yoʻli va Osiyodan Amerika qitʼalarining sharqiy sohillariga tovarlar yetkazishdagi eng muhim marshrutdir. Prezidentlik faoliyati boshida Donald Tramp kanalni xususiylashtirish gʻoyasini bir necha bor koʻtargan, chunki u ilgari AQSh tomonidan qurilgan. Ushbu yoʻlning yuqori strategik ahamiyati sababli Vashingtonni ayniqsa Xitoyning kanal hududidagi taʼsiri ortib borayotgani bezovta qiladi.

Bu yerda gap faqat savdo haqida emas, balki zarur hollarda AQSh harbiy kemalarini Osiyo yoki Atlantika tomon tezda koʻchirish imkoniyati haqida ham ketmoqda. Suvaysh kanali kabi, Panama kanali ham tabiiy emas, inson tomonidan yaratilgan suv yoʻli hisoblanadi, shuning uchun xalqaro huquq undan oʻtish uchun toʻlov olishga ruxsat beradi.

1977 yilda AQSh va Panama oʻrtasidagi shartnoma kanalni AQShdan Panamaga oʻtkazish tartibini belgiladi. Evaziga Panama kanalining siyosiy neytralligini saqlash majburiyatini oldi. Kanal faqat 1999 yilda toʻliq Panama suverenitetiga oʻtdi.

Panama kanalidan oʻtadigan dengiz yoʻllari

Xulosa

Koʻrinib turibdiki, global farovonlik va jahon iqtisodiyoti barqarorligi koʻp jihatdan kam sonli “tor nuqtalar” – strategik boʻgʻozlar va kanallar orqali erkin dengiz harakatiga bogʻliq. Ana shu yoʻllar orqali energiya resurslari va tovarlarning katta qismi oʻtadi.

Neft neʼmati muhim, ammo uni tashish jarayonida “tor nuqtalar”ning ahamiyati ham katta

Bu tor oʻtish nuqtalari nafaqat tovar va energetik resurslar uchun oʻtish yoʻli, ularning ostidan internet va aloqa kabellari ham oʻtgan. Hozirda Eron shu simlarni uzib tashlash bilan shantaj qilmoqda.

Eng yomoni, Eronning Hormuz boʻgʻozidagi harakatlari kabi bosim va kuch namoyishi pretsedentlaridan ilhomlangan holda, boshqa davlatlar ham xavfli xulosaga kelishi mumkin: dengiz “arteriyalari” ustidan nazorat – bu nafaqat xavfsizlik vositasi, balki kuchli siyosiy va iqtisodiy bosim qurolidir. Natijada, lokal mojarolar tizimli inqirozlarga aylanadi, chunki kemalar harakatiga qoʻyilgan cheklovlar geosiyosiy oʻyinning bir qismiga aylanadi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid