Prezident Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi
Dastlab Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Soʻngra Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
Ezgu qadriyatlarimizga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Buyuk hadisshunos bobomiz maqbarasida Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi.
Maʼlumki, ushbu qutlugʻ qadamjo davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan maʼnaviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Bu yil Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun eshiklarini ochib, 60 mingdan ortiq yurtdoshimiz va xorijlik mehmonlar hayit namozini ushbu qutlugʻ qadamjoda oʻqidilar.
Keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Maʼlumotlarga koʻra, qutlugʻ qadamjo ochilganidan soʻng bir oy ichida buyuk muhaddis bobomiz maqbarasini 1 milliondan ortiq yurtdoshimiz va xorijiy fuqaro ziyorat qildi.
Prezidentimiz majmuaga tashrif buyuruvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish, ibodatlarini ado etishlari, buyuk muhaddis bobomiz merosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha imkoniyatlarni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shuningdek, majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun toʻxtash joylarini kengaytirish, ziyoratchilar sayr qiladigan hududlarni yanada obod qilish, ularning dam olishi uchun tabiiy va qulay muhit yaratish, bu boradagi ishlarni doimiy tahlil qilib borish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrganib, qoʻshimcha choralarni belgilab borish muhimligi taʼkidlandi. Butun yurtimizdan imom-xatiblarni majmuaga taklif qilib, malakasini oshirish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ziyorat madaniyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish, bunday maskanlarda kelib-ketuvchilar uchun munosib sharoit yaratish muhim ekanini, oʻtganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning oʻzligini anglashi va maʼnaviy tarbiyasida muhim omil boʻlishini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida OTB rahbari mamlakatimiz yetakchisiga bank Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishi Oʻzbekistonda oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatlagani va koʻrsatgan koʻmagi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi keng koʻlamli oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Hamkorlikni yuksak darajaga koʻtarishga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan 30 yilda OTB Oʻzbekistonning haqiqiy strategik sherigiga aylandi.
Loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda, amaliyotlar hajmi boʻyicha Oʻzbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biriga aylandi.
Temir va avtomobil yoʻllari, energetika va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, qishloq xoʻjaligi va xususiy sektorni rivojlantirish hamda boshqa yoʻnalishlar boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirildi va davom etmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti va bank rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan sheriklik boʻyicha 2030 yilga qadar boʻlgan davrga moʻljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.
Ipoteka bozori, xususiy sektor, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish, inklyuziv taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi islohotlarni ilgari surish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi sohalarda hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, bankning mablagʻlarni safarbar etishdagi yetakchiligini kuchaytirish orqali ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Prezidenti OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi yigʻilishi muvaffaqiyatli va samarali oʻtishini tiladi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida 2030 yilgacha moʻljallangan sheriklik dasturini almashish marosimi boʻlib oʻtdi.
