platina.uz
Siyosat

Prezident Janubiy Koreya iqtisodiyot va moliya vazirini qabul qildi

Yaponiya moliya vaziri Satsuki Katayama boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. 

Prezident Janubiy Koreya iqtisodiyot va moliya vazirini qabul qildi

Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston – Janubiy Koreya Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Yuqori martabali mehmon Oʻzbekiston Prezidentiga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Yetakchilarning Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Chuqur tarixiy doʻstlik rishtalari, oʻxshash mentalitet, anʼanalar va qadriyatlarga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Oʻzaro savdo va investitsiyalar koʻrsatkichlari barqaror oʻsib bormoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshdi. Mamlakatimizda qariyb 1 mingta qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi. Ushbu mamlakat kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Koreya Eksimbanki va uning jamgʻarmalari bilan koʻp yillik samarali hamkorlik yuqori baholandi. Ular ishtirokidagi loyihalarning umumiy portfeli 2 milliard dollardan oshdi.

Koʻp tarmoqli klinika, kimyo markazi va farmatsevtika parki qurilishi davom etmoqda. Bugun Toshkent – Xiva yoʻnalishida birinchi “Hyundai Rotem” poyezdi qatnay boshladi.

Oʻzbekiston Prezidenti ustuvor yoʻnalishlarda yangi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish va hududlararo almashinuvlarni jadallashtirish muhimligini qayd etdi. Davlat moliyasini boshqarish tizimini raqamlashtirishda Koreya tomoni koʻmaklashishiga umid bildirildi.

Joriy yil kuz oyida Seul shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Koreya” sammiti va boshqa oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yigʻilishi doirasida Yaponiya moliya vaziri Satsuki Katayama boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) katta vitse-prezidenti Masao Yahara ham ishtirok etishdi.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon mamlakatimiz yetakchisiga Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab bergani taʼkidlandi.

Muloqot chogʻida iqtisodiy hamkorlikning ijobiy surʼatlari alohida qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimiz moliya tizimini modernizatsiya qilish, xususan, gʻaznachilik sohasiga sunʼiy intellektni joriy etish, raqamli moliya transformatsiyasi va ushbu yoʻnalishda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha bir qator istiqbolli takliflarni ilgari surdi.

Qayta tiklanuvchi energiya, tibbiyot, axborot texnologiyalari, transport va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid