platina.uz
Tahlil

2025 yil jurnalistlar uchun eng halokatli yil boʻldi

Noni qattiq kasb egalari har yili turli tazyiqlarga duch keladi: aytgan soʻzi yo fikri, yozgan maqolasi yo reportaji hamda boshqa holatlarda ular eng koʻp tahdidga uchraydi.

2025 yil jurnalistlar uchun eng halokatli yil boʻldi

Har yili 3 mayda Jahon matbuot erkinligi kuni nishonlanadi. 1994 yildan boshlab tatbiq etilgan ushbu sana YuNESKO Bosh konferensiyasining 26-sessiyasi tavsiyasiga koʻra BMT Bosh Assambleyasi tomonidan taʼsis etilgan. Bu kunning asosiy maqsadi – demokratik jamiyatlarda matbuot erkinligining ahamiyatini taʼkidlash va oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan jurnalistlarni himoya qilishdir. Jahon matbuot erkinligi kuni, shuningdek, OAV mustaqilligi va axborotga kirish imkoniyati bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ham xizmat qiladi.

Tahlikali kasb egalari

Jahon matbuot erkinligi kuni arafasida bu kasbning nafaqat mashaqqatli va hatto xavfli ekani yodga olinadi. Tahlillarga koʻra, 2025 yil jurnalistlar uchun soʻnggi oʻn yilliklar ichida eng halokatli yillardan biri boʻldi. Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilda dunyo boʻylab 129 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi oʻldirilgan.

Bu koʻrsatkich CPJ 1992 yildan buyon statistika yuritishni boshlaganidan beri eng yuqori daraja boʻlib, ketma-ket ikkinchi yil oʻsish qayd etilganini koʻrsatadi.

Hujjatga koʻra, oʻldirilgan 129 jurnalistdan 104 nafari harbiy toʻqnashuvlar paytida halok boʻlgan. Ularning 86 nafari 2024 yilda, Falastin-Isroil mojarosi eng yuqori nuqtaga chiqqan paytda Isroil armiyasi tomonidan oʻldirilgan.

CPJ taʼkidlashicha, jurnalistlar tobora koʻproq dronlar orqali amalga oshirilgan hujumlar natijasida halok boʻlmoqda. 2025 yilda bunday holatlarda kamida 39 jurnalist oʻldirilgan. 2023 yilda esa qoʻmita bunday holatlarning atigi ikkitasini qayd etgan.

2024 yilda jami 124 nafar jurnalist halok boʻlgan, 2025 yilda bu koʻrsatkich yana oshgan va bu jurnalistlarning global xavfsizligi borasida jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil dekabridan 2025 yil dekabrigacha dunyo boʻylab 67 nafar OAV xodimi oʻldirilgan. Ularning aksariyati urush hududlarida yoki uyushgan jinoyatchilik harakatlari natijasida halok boʻlgan. Oʻlimlarning deyarli yarmi Gʻazoga toʻgʻri kelgan, Rossiya, Xitoy va Myanma esa jurnalistlar uchun qamoqxonalar roʻyxatida yetakchilik qilgan.

Yangi hisobotda taʼkidlanishicha: jurnalistlar oʻz-oʻzidan oʻlmaydi, ular oʻldiriladi. “Oʻldirilgan jurnalistlar soni yana oshdi, bu muntazam va nomuntazam qurolli tuzilmalar, shuningdek, uyushgan jinoyatchilik harakatlari natijasidir. Bir yil davomida halok boʻlgan 67 nafar OAV mutaxassisidan kamida 53 nafari urush yoki uyushgan jinoyatchilik qurboniga aylangan”, deyiladi soʻnggi maʼlumotlarda.

Soʻnggi 12 oy ichida oʻlgan jurnalistlarning qariyb yarmi (43 %) Gʻazoda Isroil qurolli kuchlari oʻqlaridan halok boʻlgan.

Ayni paytda Ukrainada Rossiya armiyasi mahalliy va xorijiy muxbirlarga hujum qilishni davom ettirmoqda. Sudan ham jurnalist kasbi uchun ayniqsa xavfli urush hududi sifatida namoyon boʻldi. Meksikada esa jurnalistlar oʻlimi oshishining asosiy sababi uyushgan jinoyatchilik boʻlib qolmoqda – 2025 yil kamida soʻnggi uch yil ichida eng halokatli yil boʻldi va mamlakat dunyoda jurnalistlar uchun ikkinchi eng xavfli davlatga aylandi: bu yerda toʻqqiz nafar jurnalist oʻldirilgan.

Eng koʻp jabrni mahalliy jurnalistlar chekmoqda – mamlakat tashqarisida faqat ikki nafar xorijiy jurnalist halok boʻlgan: Ukrainada dron zarbasi natijasida oʻlgan fransuz fotojurnalisti Antoni Lallikkan va Hondurasda oʻn yildan ortiq vaqt davomida yashab kelgan salvadorlik jurnalist Xaver Erkules oʻldirilgan. Qolgan barcha jurnalistlar oʻz mamlakatlarida ish jarayonida oʻldirilgan.

Shu bilan birga, oʻldirishdan tashqari, jurnalistlar boshqa turdagi zoʻravonliklarga ham duch kelmoqda. Dunyo boʻylab turli mamlakatlarda 503 nafar jurnalist qamoqda saqlanmoqda. Eng yirik qamoqxonalar Xitoyda (121 nafar) va Rossiyada (48 nafar) boʻlib, Rossiya Myanmadan (47 nafar) oʻzib ketgan va eng koʻp xorijiy jurnalistlarni qamoqda saqlayotgan mamlakat hisoblanadi – 26 nafar Ukraina fuqarosi. Rossiya, shuningdek, xorijiy jurnalistlar soni eng koʻp boʻlgan (26 nafar) mamlakatga aylangan.

2024 yil 1 dekabrdan boshlab OAV sohasidagi 67 nafar mutaxassis oʻz kasbiy faoliyati bilan bogʻliq holda oʻldirildi. Ularning kamida 79 foizi muntazam va nomuntazam qurolli kuchlar (37 nafar jurnalist) yoki uyushgan jinoyatchilik (16 jurnalist) qurboniga aylangan.

Soʻz erkinligi oʻrniga – qamoq

Dunyo boʻylab turli mamlakatlarning qamoqxonalarida 503 nafar jurnalist – vijdon tutqunlari saqlanmoqda. 2025 yil 1 dekabr holatiga koʻra, 47 mamlakatda 503 nafar jurnalist hibsda boʻlgan. Birinchi oʻrinda – Xitoy (121). Ikkinchi oʻrinni endi Rossiya (48) egallagan. “Faxrli” uchinchi oʻrindan 47 nafarni qamoqda ushlab turgan Myanma joy olgan. Belarus toʻrtinchi oʻrinni egallab, mazkur davlatlardan keyin joy olgan holda, postsovet hududida OAV faoliyati uchun eng xavfli mamlakatlardan biri boʻlib qolmoqda, deb hisobotda qayd etilgan.

Sirli gʻoyib boʻlganlar

Bedarak yoʻqolgan jurnalistlarning 72 foizi Yaqin Sharq va Lotin Amerikasida gʻoyib boʻlgan. 2025 yilda 37 mamlakatda 135 nafar jurnalist haligacha bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida qolmoqda, ularning ayrimlari 30 yildan ortiq vaqtdan beri topilmagan. Muammo barcha qitʼalarda mavjud boʻlsa-da, ayniqsa, ikki mamlakatda – Meksika (28) va Suriya (37)da juda keskin tus olgan.

Hozirgi vaqtda Suriyada 37 nafar jurnalist bedarak yoʻqolgan deb hisoblanadi. Koʻp hollarda gap “Islom davlati” tomonidan garovga olingan yoki Bashar Asad rejimi tomonidan asirga olingan shaxslar haqida bormoqda, biroq ID yoʻq qilinishi va Damashqdagi rejim qulashiga qaramay, ularni hozircha topish imkoni boʻlmagan, deb hisoblanadi.

Maʼlumki “Chegara bilmas muxbirlar”1995 yildan boshlab jurnalistlarga nisbatan zoʻravonliklar boʻyicha har yillik sharh tayyorlab keladi. U nashr etiladigan yilning 1 yanvaridan 1 dekabrigacha toʻplangan ishonchli maʼlumotlarga asoslanadi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti maʼlumotlarni sinchiklab yigʻib, jurnalistning hibsga olinishi, oʻgʻirlanishi, bedarak yoʻqolishi yoki oʻlimi uning kasbiy faoliyatining bevosita natijasi ekanini toʻliq ishonch yoki juda yuqori ehtimol bilan tasdiqlash imkonini beradi. Aslida “mahmadonaligi” uchun boʻlsa-da, xalqaro obroʻga dogʻ tushirmaslik uchun boshqa ayblar – firibgarlik, narkotiklar savdosi kabi “navbatchi” jinoyatlarda ayblangan jurnalistlar bu roʻyxatga kirmay qolishi ham mumkin.

RSF faqat oʻz mandatiga kiruvchi jurnalistlar holatlarini hisobga oladi, yaʼni har qanday aloqa vositalari orqali muntazam ravishda yoki kasbiy vazifalari doirasida axborot va gʻoyalarni jamlaydigan, qayta ishlaydigan va tarqatadigan, jamiyat manfaatlari va asosiy huquqlariga xizmat qiladigan shaxslar, shuningdek, soʻz erkinligi tamoyillari va kasbiy etikaga rioya qilgan holda faoliyat yurituvchilar nazarda tutiladi.

2025 yil uchun RSF sharhida keltirilgan statistika kasbiy va nokasbiy jurnalistlar, shuningdek, OAV xodimlarini ham oʻz ichiga oladi.

Oʻzgarishlar bor, ammo kam

Ushbu tashkilot eʼlon qilgan hisobotga koʻra, jumladan, Oʻzbekiston 2026 yilgi matbuot erkinligi jahon indeksida 180 mamlakat orasida 147-oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston oʻtgan yilga nisbatan bir pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa-da, umumiy ball biroz pasaygan.

“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan yangi Jahon matbuot erkinligi indeksida Oʻzbekiston 100 balldan 34,95 ball oldi. Bu 2025 yilgi koʻrsatkichdan (35,24 ball) biroz past boʻlib, OAV faoliyati uchun vaziyatni “juda murakkab” deb baholaydi. Bir pogʻonaga koʻtarilish siyosiy muhit, huquqiy tizim va madaniy-ijtimoiy sharoit kabi uchta asosiy koʻrsatkich boʻyicha balllar pasayganiga qaramay yuz bergan. OAV iqtisodiyoti va jurnalistlar xavfsizligi koʻrsatkichlari esa biroz yaxshilangan.

Tashkilot iddaosiga koʻra, “2016 yilda prezident Islom Karimov vafotidan soʻng mamlakatda matbuot erkinligi bilan bogʻliq vaziyat faqatgina ozgina yaxshilangan: hokimiyatni tanqid qilish hamon qiyin, blogerlar va OAVning katta qismi esa davlat tuzilmalari bilan yaqin bogʻliqligicha qolmoqda”.

RSF hisobotiga koʻra, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida matbuot erkinligi hanuz eng past oʻrinlardan birida qolmoqda, qoʻshni mamlakatlarda ham vaziyat shunga oʻxshash murakkab: Qirgʻiziston – 146-oʻrin, Qozogʻiston – 149-oʻrin, Turkmaniston – 173-oʻrin.

Shimoliy Yevropa mamlakatlari jahon miqyosida reyting yetakchilari boʻlib qolmoqda: Norvegiya oʻninchi yil ketma-ket birinchi oʻrinni egallab turibdi, undan keyin Niderlandiya, Estoniya, Daniya va Shvetsiya keladi. Eng soʻnggi oʻrinlarda Xitoy, Shimoliy Koreya va Eritreya joylashgan.

RSF qayd etishicha, soʻnggi 25 yil ichida ilk bor dunyo mamlakatlarining yarmidan koʻpi matbuot erkinligi boʻyicha “murakkab” yoki “juda murakkab” vaziyatga ega davlatlar sifatida baholanmoqda, bu esa OAVga nisbatan global bosim kuchaygani va avtokratik tendensiyalar oʻsib borayotganini aks ettiradi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid