AQShdan deportatsiya qilingan 26 oʻzbekistonlik Toshkentga olib kelindi
Ular AQSh migratsiya qonunchiligini buzgan.

AQShning migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya qilingan 26 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan charter reys Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Bu haqda "Dunyo" agentligi xabar berdi.
Vatandoshlarning qaytarilishi Oʻzbekiston va AQShning tegishli idoralari muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari natijasida amalga oshirildi.
Ikki tomonlama hamkorlik doirasida fuqarolarning shaxsini aniqlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va ularning xavfsiz olib kelinishini taʼminlash kabi barcha zarur tashkiliy va huquqiy tartib-taomillar tezkorlik bilan kelishib olindi.
Oʻzbekiston migratsiya sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni doimiy ravishda rivojlantirib, migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olishga, shuningdek, chet eldagi oʻz fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratmoqda, deyiladi xabarda.
Avvalroq Avstriya noqonuniy migrantlarni Oʻzbekiston orqali deportatsiya qilmoqchi ekani xabar berilgandi.
