Eron oliy rahbari xalqqa murojaat bilan chiqdi
Bayonotda Islom Respublikasining yadroviy va raketa salohiyatini "milliy boylik" sifatida himoya qilish niyatiga urgʻu berilgan.

28 fevraldan beri omma oldida koʻrinmagan Eron Oliy Rahbari Mojtaba Xomanaiy xalqqa murojaat qildi.
Fors koʻrfazi milliy kuni munosabati bilan ushbu murojaat Eron televideniyesi suhandoni tomonidan oʻqib eshittirildi va Xomanaiyning rasmiy veb-saytida eʼlon qilindi.
Bayonotda Islom Respublikasining yadroviy va raketa salohiyatini "milliy boylik" sifatida himoya qilish niyatiga urgʻu berilgan. Eron rahbarining soʻzlariga koʻra, ularni mamlakat ichida va tashqarisida yashovchi "90 million magʻrur va olijanob eronliklar" himoya qiladi.
Oyatulloh shuningdek, Fors koʻrfazidagi voqealarga murojaat qilib, uning kelajagi "Amerikasiz" ekanligini eʼlon qildi. "... oʻz manfaatlari va yovuz niyatlari bilan minglab kilometr masofani bosib oʻtgan chet elliklar uchun (Fors koʻrfazida - tahr) uning tubidan boshqa joyi yoʻq", deb taʼkidladi u.
Oʻz xabarida Mojtaba Xomanaiy Hormuz boʻgʻozida "dushmanning oʻz manfaati yoʻlida harakat qilishining oldini olishga" vaʼda berdi va Eron boʻgʻozdan oʻtayotgan kemalar uchun toʻlov olish qaroridan voz kechishni niyat qilmasligini aniq koʻrsatdi.
"Boʻgʻoz uchun yangi boshqaruv tizimi mintaqadagi barcha mamlakatlarga farovonlik va taraqqiyot olib keladi, iqtisodiy foyda esa odamlar qalbini quvonchga toʻldiradi", deyiladi bayonotda.
Fors koʻrfazi milliy kuni - 1622 yilda Shoh Abbos I va Britaniyaning "Ost Indiya" kompaniyasining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan portugallarning Hormuz orolidan quvib chiqarilishini xotirlash uchun tashkil etilgan rasmiy bayramdir.
