platina.uz
Maqola

AQShda olimlar sirli ravishda gʻoyib boʻldi: NUJ aybdormi yoki josuslar?

Bunday holatlarning eng soʻnggisi AQSh havo kuchlarining isteʼfodagi generali Uilyam Nil Makkaslend bilan bogʻliq. U 27 fevral kuni Nyu-Meksiko shtatidagi Albukerke shahridagi uyidan gʻoyib boʻlgan.

AQShda olimlar sirli ravishda gʻoyib boʻldi: NUJ aybdormi yoki josuslar?
Fotokollaj: Platina.uz

FTB, Oq uy va Kongress AQShdagi olimlarning sirli yoʻqolishi va halokati yuzasidan tekshiruv boshladi. Ularning barchasi maxfiy loyihalar ustida ishlagan. NBC News yozishicha, soʻnggi toʻrt yil ichida kamida 11 kishi bedarak yoʻqolgan yoki noaniq holatlarda vafot etgan. Shu bilan birga, olimlar AQShning kosmik, yadroviy va mudofaa dasturlariga kirish vakolatiga ega boʻlgan.

Birinchi qurbon

Keng qamrovli tekshiruvga Emi Eskridjning oʻlimi sabab boʻldi. 34 yoshli ayol 2022 yil iyun oyida toʻpponcha oʻqidan halok boʻlgan. Uning oʻlimi rasman oʻz joniga qasd qilish sifatida baholangan, ammo tafsilotlar oshkor etilmagani turli konspirologik taxminlarni keltirib chiqardi. Global Times yozishicha, Eskridj “antigravitatsiya tadqiqotlari” deb atagan eksperimental dvigatel konsepsiyalari bilan shugʻullangan.

Olima ayol halokatidan bir necha oy oldin bergan intervyulardan birida oʻz ishini “jamoatchilikdan chetlashtirish” maqsadida unga bosim oʻtkazilayotganini aytgan edi.

Konspirologiyami yoki maxfiy xizmatlar aralashuvi?

NBC News AQShning yadroviy yoki kosmik dasturlariga zarar yetkazish maqsadida ehtimoliy fitna haqidagi ovozalarga ishora qiladi. Nashr 11 ta shubhali holatni sanab oʻtgan: ularning barchasi AQShning yadroviy yoki raketa texnologiyalari sohasida ishlagan mutaxassislar bilan bogʻliq.

Soʻnggi holat fevral oyida sodir boʻlgan. AQSh havo kuchlarining isteʼfodagi general-mayori Nil Makkasland Nyu-Meksikodagi uyidan gʻoyib boʻlgan. Uning uyida koʻzoynagi va telefoni qolgan, 38-kalibrli revolveri ham tegilmagan holda topilgan. Ofitser hayotligida qurollar uchun materiallar va qayta foydalaniladigan kosmik apparatlar ishlab chiqish bilan shugʻullangan. Senator Tim Berchett Makkasland taqdirini aniqlashga uringanini, ammo maxsus xizmatlar qarshiligiga duch kelganini aytgan.

Yana ikki holat 2023 yilda roʻy bergan. Oʻshanda NASA reaktiv harakat laboratoriyasi xodimi Maykl Devid Xiks toʻsatdan vafot etgan. Shu laboratoriyada materiallarni qayta ishlash guruhi rahbari boʻlgan Monika Reza esa sayr paytida bedarak yoʻqolgan. NASA xodimlaridan tashqari, sirli ravishda yoʻqolgan yoki halok boʻlganlar roʻyxatida farmatsevtika sohasidagi tadqiqotchi va yadroviy qurol komponentlari ishlab chiqarishda ishtirok etgan davlat pudratchisi ham bor.

Hukumat hamon jim

Rasmiy hokimiyatning sukut saqlashi fonida ijtimoiy tarmoqlar va matbuot bu fojialar oʻrtasida bogʻliqlik izlamoqda. Turli versiyalar ilgari surilmoqda, hatto NUJ (nomaʼlum uchar jismlar – oʻzga sayyoraliklar) bilan bogʻliq nazariyalar ham aytilmoqda. New York Post yozishicha, endilikda ishni FTB tekshiryapti. Agentlar bu sirli holatlar oʻrtasida ehtimoliy bogʻliqlikni aniqlashga harakat qilmoqda. AQSh vakillar palatasining nazorat qoʻmitasi ham oʻz tekshiruvini boshlagan.

Qoʻmita aʼzolaridan biri Jeyms Komer Fox News’ga shunday dedi: “Bu yerda qandaydir xavfli narsa yuz berayotgan boʻlishi ehtimoli yuqori”. Uning soʻzlariga koʻra, bu tasodif boʻlishi juda kam ehtimol, Kongress bu masaladan jiddiy tashvishda va uni milliy xavfsizlikka tahdid sifatida koʻrib chiqmoqda.

Qoʻmita FTB, NASA, energetika va mudofaa vazirliklariga soʻrov yuborib, 27 aprelga qadar javob berishni talab qilgan. Sirli oʻlimlar va yoʻqolishlar zanjiriga Donald Tramp ham eʼtibor qaratgan. U yigʻilish oʻtkazganini maʼlum qilib, barcha holatlar tasodif boʻlishiga umid bildirgan. Shu bilan birga, vaziyatni jiddiy baholab, xulosalar taqdim etishga vaʼda bergan.

NUJlar atrofidagi sirlar oshkor qilinadi

Shu bilan birga, AQSh prezidenti fazodagi sivilizatsiyalar haqidagi materiallarni maxfiylikdan chiqarishga vaʼda berdi.

Donald Tramp NUJ va “nomaʼlum uchuvchi hodisalar” bilan bogʻliq maxfiy materiallarni oshkor etish hamda oʻzga sayyora aqli mavzusini oʻrgangan yetakchi amerikalik olimlarning sirli oʻlimlari va yoʻqolishlari sabablarini aniqlash niyatida. Oq uy rahbarining bayonotlari Kongress tomonidan AQSh uchun yana bir “tashqi tahdid” masalasini oʻrganish boʻyicha bosim kuchayib borayotgani fonida yangradi. Yerdan tashqari sivilizatsiyalar mavzusi AQSh siyosat kun tartibiga 2016 yilgi saylov kampaniyasida demokratlar nomzodi Hillari Klinton prezident boʻlgan taqdirda “NUJ haqidagi barcha haqiqatni aytish”ga vaʼda berganidan oʻn yil oʻtib yana qaytmoqda.

Oʻnlab yillar davomida amerikalik siyosatchilar, ekspertlar va OAV eʼtiborini oʻziga tortib kelgan Pentagonning yerdan tashqari sivilizatsiyalar haqidagi maxfiy hujjatlari yaqin orada jamoatchilikka taqdim etilishi mumkin. Bu mavzuni yoritishga qoʻyilgan taqiqni olib tashlashga prezident Tramp vaʼda berdi. “Bu tasodif boʻlishiga umid qilaman, ammo biz buni yaqin bir yarim hafta ichida aniqlaymiz”, dedi Tramp 19 aprel kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida. U ushbu fikrni yadroviy fizika va kosmos sohasida tadqiqotlar olib borgan hamda NUJni oʻrganishga aloqador 11 nafar amerikalik olimning sirli oʻlimi va yoʻqolishiga izoh berar ekan bildirdi.

Avvalroq, 17 aprel kuni Arizona shtati Finiks shahrida oʻtkazilgan Turning Point USA konservativ tashkiloti tadbirida soʻzlagan nutqida ham Tramp nomaʼlum uchuvchi obʼektlar bilan bogʻliq materiallarga toʻxtalgan edi. U Pentagon yaqin vaqt ichida oʻzga sayyora aqli bilan bogʻliq hujjatlarni eʼlon qilishini aytdi.

Arizonadagi yosh konservatorlar uchrashuvi Sedona shahridagi Qizil qoyalar fonida oʻtdi. U yerda DUMB (Deep Underground Military Bases) turkumiga mansub harbiy baza joylashgani aytilmoqda. Ayrim ommalashgan konspirologik nazariyalarga koʻra, Yer poʻstlogʻi ostida texnogen tabiatga ega maxfiy sivilizatsiya yashirinib yotishi mumkin va AQSh hukumati koʻp yillar davomida jamoatchilikdan yashirin holda koʻp qavatli DUMB bazalari orqali oʻzga sayyora texnologiyalarini oʻzlashtirish bilan shugʻullanib kelmoqda.

Shunchaki xalqni katta muammolardan chalgʻitish uchunmi?

Yerdan tashqari sivilizatsiyalar va ularning Amerika hayotidagi oʻrni haqidagi mavzu ekzotik qoʻrqinchli hikoyadan AQShda Kongressga oraliq saylovlar arafasida ichki siyosiy kurash masalalaridan biriga aylanmoqda.

Soʻnggi haftalarda maxfiy materiallarni oshkor etish tashabbusi ayrim amerikalik qonun chiqaruvchilardan chiqqan boʻlib, ular NUJni ham oʻz ichiga olgan nomaʼlum anomaliyalarni tekshirish bilan shugʻullanuvchi Pentagonning maxsus boʻlimi faoliyatidan norozilik bildirgan.

Vakillar palatasining nazorat va hukumat islohotlari qoʻmitasi aʼzosi Tim Berchet Newsmax telekanaliga bergan intervyusida shov-shuvli bayonot bilan chiqib, goʻyoki “mavjud barcha idoralar”dan yerdan tashqari sivilizatsiyalar haqida maʼlumot olganini aytdi. “Agar ular men koʻrgan narsalarni oshkor qilsa, siz tunlari uxlay olmas edingiz”, dedi kongressmen Berchet.

Savollar koʻpayib borayotgani munosabati bilan oʻtgan oyda Vakillar palatasining nazorat qoʻmitasi mudofaa vaziri Pit Xegsetdan 14 aprelga qadar 46 ta videoni oshkor etishni talab qildi. Bu videolar amerikalik tadqiqotchilar tomonidan NUJ mavjudligining isboti deb atalmoqda.

Ushbu videolarda NUJlarning Fors koʻrfazi, Afgʻoniston va Sharqiy Xitoy dengizi ustidagi parvozlari, shuningdek, 2023 yil fevralda Michigan shtatidagi Guron koʻli ustida (Kanada bilan chegarada) nomaʼlum uchuvchi obʼektning yoʻq qilingani aks etgani taxmin qilinmoqda. Nomaʼlum metall sharni urib tushirish buyrugʻini AQShning avvalgi prezidenti Jo Bayden bergan.

Yerdan tashqari sivilizatsiyalar mavzusiga qiziqishni Tramp Fox News’ga bergan intervyusida tilga olgan, yadroviy fizika, termoyadroviy sintez, aerokosmik texnologiyalar va ilgʻor dvigatellar sohasidagi maxfiy loyihalar bilan bogʻliq amerikalik olimlarning ketma-ket yoʻqolishi va oʻlimlari haqidagi xabarlar yanada kuchaytirmoqda.

Yana mansabdor harbiylar…

Bunday holatlarning eng soʻnggisi AQSh havo kuchlarining isteʼfodagi generali Uilyam Nil Makkaslend bilan bogʻliq. U 27 fevral kuni Nyu-Meksiko shtatidagi Albukerke shahridagi uyidan gʻoyib boʻlgan. 68 yoshli bu yuqori lavozimli harbiy isteʼfoga chiqqanga qadar Havo kuchlari tadqiqot laboratoriyasi rahbari lavozimida ishlagan va NUJga oid oʻta maxfiy maʼlumotlarga kirish imkoniga ega boʻlgan.

Makkaslendning yoʻqolishi mustaqil tekshiruvlarning yangi toʻlqinini keltirib chiqardi. Ularning mualliflari hukumat idoralari xodimlari, harbiylar va olimlar oʻrtasidagi aloqalarni aniqlashgan – ularning ayrimlari oʻldirilgan yoki oʻlik holda topilgan. Ularning bir qismi umumiy loyihalar ustida ishlagan. Bu voqealar haqida kongressmen Berchet “juda koʻp sirli tasodiflar bor” deb taʼkidlagan.

Trampning yerdan tashqari sivilizatsiyalar haqidagi materiallarni maxfiylikdan chiqarish vaʼdasi AQSh ichki siyosiy hayotiga uzoq vaqt davomida taqiqlangan mavzuni yana qaytarmoqda. Eslatib oʻtamiz, bundan oʻn yil oldin – 2016 yilgi saylovlarda respublikachi Donald Trampga qarshi prezidentlik uchun kurashgan demokratlar nomzodi Hillari Klinton Oq uy rahbari boʻlgan taqdirda NUJga oid qator materiallarni oshkor qilishini, shuningdek, Las-Vegasdan 134 km masofada joylashgan va AQSh havo kuchlarining maxfiy obʼekti hisoblangan mashhur “51-hudud” boʻyicha tekshiruv oʻtkazish masalasini koʻrib chiqishini vaʼda qilgan edi.


Ochilmagan sirlar: sirli va maxfiy “51-hudud”


Ushbu mavzuni oshkora muhokama qilish gʻoyasining faol tarafdorlaridan biri Hillari Klintonning saylovoldi shtabi rahbari Jon Podesta boʻlgan. U avvalroq Bill Klinton prezidentligi davrida Oq uyda ishlagan va oʻsha paytdayoq yerdan tashqari sivilizatsiyalar mavjudligini hujjatlar bilan tasdiqlashga chaqirgan. 2014 yilda Bill Klintonning oʻzi ham bu masala boʻyicha fikr bildirib, “51-hudud” va 1947 yilda koʻpchilik tomonidan oʻzga sayyora kemasi deb hisoblanadigan obʼekt qulagan Rozuell shahriga tashriflari haqida gapirgan.

Joriy yil fevral oyida Hillari Klinton “Epshteyn ishi” boʻyicha guvohlik berish uchun Vakillar palatasiga chaqirilganda, undan kutilmaganda oʻzga sayyoraliklar haqida ham soʻrashgan. U bu savollarni “gʻalati” deb atagan boʻlsa-da, oxir-oqibat NUJ bilan bogʻliq sirlar pardasini qisman ochish taklifini qoʻllab-quvvatlagan.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid