platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev va Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlik boʻyicha deklaratsiya imzoladilar

Iqtisodiyot, sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlik, diplomatik kadrlarni tayyorlash va boshqa masalalarda ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi. 

Shavkat Mirziyoyev va Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlik boʻyicha deklaratsiya imzoladilar

Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston bilan Chexiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu tashrif Oʻzbekiston – Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida taʼkidladi.

Barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar oʻrnatildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Parlamentlarda “Doʻstlik guruhlari” tashkil etilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshdi. Mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bir qator yangi kooperatsiya yoʻnalishlari boʻyicha ish olib borilmoqda.

Oʻzaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, iqtisodiyot, sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlik, diplomatik kadrlarni tayyorlash, metrologiya laboratoriyasini birgalikda loyihalashtirish va tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash, metrologiya sohasidagi ilmiy-innovatsion hamkorlik, geologiya sohasidagi hamkorlik, elektropoyezdlarni yetkazib berish toʻgʻrisida va boshqa ikki tomonlama kelishuvlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid