Koʻp kvartirali uylarning kirish yoʻlaklari va zinapoyalari har hafta tozalanishi kerak boʻladi
Shu muddatda lift xonalari ham tozalanadi hamda lift uskunalari doimiy texnik monitoring qilinadi.

Endilikda koʻp kvartirali uylarning kirish yoʻlaklari va zinapoyalari haftada 1 marta tozalanishi kerak.
Adliya vazirligi Koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 3824, 29.04.2026 y.)ni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
Unga koʻra, koʻp kvartirali uylar uchun boshqarish organlari tomonidan umumiy texnik pasport yuritiladi.
Boshqarish organlari yuk koʻtaruvchi konstruksiyalar, kuzatuv kameralari va domofonlar soz holatda saqlanishi, xomashyo, materiallar, yoqilgʻi, inventar va xoʻjalik anjomlarini sotib olish ishlarini amalga oshirishadi.
Koʻp kvartirali uyning fasad qismlarida va umumiy foydalanish hududlarida mulkdorlar umumiy yigʻilishining qarori bilan meʼmorchilik detallari, reklamalar, afishalar, va eʼlonlarni oʻrnatish mumkin.
Uylarda shovqin darajasi belgilangan sanitariya meʼyorlaridan oshmasligi shart.
Uylar (zinapoyalar, liftlar, chiqindi kamerasi, chiqindilarni toʻplash moslamalari yertoʻlalari va boshqalar), tutash hududlar zaruratga koʻra, boshqarish organi tomonidan deratizatsiyalanishi, dezinseksiya va dezinfeksiyalanadi.
Uylarning yertoʻla qismidagi quvurlarda avariya holati yuzaga kelishi natijasida suv yoki oqova suv toʻplanib qolsa boshqarish organi 24 soat mobaynida yertoʻladagi suv va oqova massalarini chiqarib yuborishi lozim.
Haftada 1 marta koʻp kvartirali uylarning lift xonalar tozalanadi hamda lift uskunalari doimiy texnik monitoring qilinadi.
