Bokuda BMTning urbanizatsiya boʻyicha eng yirik global forumi boʻlib oʻtadi
Ushbu tadbir shaharlarni barqaror rivojlantirish va zamonaviy urbanizatsiya masalalariga bagʻishlangan jahondagi eng asosiy, bosh platforma hisoblanadi.

2026 yilning 17–22 may kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon shaharlar forumi oʻn uchinchi sessiyasi (WUF13) boʻlib oʻtadi. Mazkur nufuzli tadbir shaharlarni barqaror rivojlantirish va zamonaviy urbanizatsiya masalalariga bagʻishlangan jahondagi eng asosiy, bosh platforma hisoblanadi.
BMTning aholi punktlari boʻyicha dasturi (UN-Habitat) va Ozarbayjon hukumati hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu Forum davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillarini yagona muloqot maydonida birlashtiradi.
Jahon shaharlar forumi (WUF) ilk bor 2001 yilda BMT tomonidan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri — jadal urbanizatsiya jarayonlarini hamda uning jamiyatlar, iqtisodiyot, iqlim oʻzgarishi va siyosatga taʼsirini oʻrganish maqsadida taʼsis etilgan. 2002 yilda Nayrobida (Keniya) boʻlib oʻtgan birinchi yigʻilishdan buyon har ikki yilda bir marta oʻtkazib kelinayotgan mazkur Forum oʻz koʻlami va qamrovini muttasil kengaytirib bormoqda.
Bugungi kunda WUF ilgʻor tajribalar va innovatsiyalar bilan oʻrtoqlashish, shuningdek, barqaror urbanizatsiya muammolarini hal qilish uchun yuqori darajadagi ochiq va inklyuziv minbar sifatida eʼtirof etiladi.
Bokuda oʻtkaziladigan navbatdagi Forumda qator dolzarb masalalar muhokama qilinib, quyidagi ustuvor maqsadlarga erishish koʻzlangan:
• Aholi va barcha manfaatdor tomonlarning barqaror urbanizatsiya haqidagi xabardorligini oshirish;
• Ochiq bahs-munozaralar, siyosiy yondashuvlar va tajriba almashinuvi orqali shaharlarning barqaror taraqqiyoti boʻyicha umumiy bilimlarni boyitish;
• Ushbu jarayonga jalb qilingan turli soha vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash.
Ozarbayjon mezbonlik qiladigan WUF13 doirasida qator yirik tadbirlar, xususan, assambleyalar, maxsus sessiyalar, muloqotlar va davra suhbatlari boʻlib oʻtadi. Shuningdek, ishtirokchilar BMT, Ozarbayjon hukumati va boshqa hamkorlar tomonidan tashkil etiladigan «Urban Expo» yirik koʻrgazmasida shaharsozlik sohasidagi eng soʻnggi yechimlar bilan tanishishlari mumkin.
Asosiy dasturdan tashqari, Forumda hamkor tashkilotlar tomonidan yettita yoʻnalishda maxsus tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan:
• «Harakatdagi Barqaror rivojlanish maqsadlari» (SDGs in Action);
• «Yagona BMT» (ONE UN);
• «Shaharlar ovozi»;
• Aloqalarni mustahkamlashga oid uchrashuvlar (Networking Events);
• WUF akademiyasi anjumanlari;
• «Shahar kutubxonasi» (Urban Library);
• «Shahar kinosi» (Urban Cinema).
Mazkur Jahon shaharlar forumi global kun tartibidagi eng muhim urbanistik yondashuvlarni ishlab chiqish va kelajak shaharlarining qiyofasini belgilab berishda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.
