44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ishdan olindi
Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov boshchiligida tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi.

44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ishdan olindi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Joriy yilning 24 aprel kuni Prezident raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari energiya samaradorligi masalalariga alohida toʻxtalib, elektr energiyasi yoʻqotishlari 20 foizdan yuqori boʻlgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonalaridagi holatni tanqid qilgan edi.
Shu munosabat bilan, xulosa chiqarmagan rahbarlarni zudlik bilan ishdan olish, ularning oʻrniga yosh kadrlarni tayinlash hamda yoʻqotishlarni kamida ikki barobar qisqartirish boʻyicha aniq KPI belgilash zarurligi taʼkidlangan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov boshchiligida tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda tarmoq rahbarlari, hududiy elektr va gaz korxonalari mutasaddilari ishtirok etib, energiya samaradorligi va energiya resurslari yoʻqotishlarini kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, kechiktirib boʻlmaydigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlarda ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tomonidan jami 106 140 ta transformator punktining texnik holati oʻrganilib, 25 668 tasi taʼmirtalab ekani aniqlandi va ayni paytda ularni taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, yuqori yuklamaga ega tarmoqlarda simlarni almashtirish, zarur hududlarda tarmoqlarni tezkor modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek, noqonuniy holatlarning oldini olish choralarini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda, shuningdek, elektr energiyasi yoʻqotishlarini kamaytirishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish loyihasini jadallashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Gaz taʼminoti masalalari boʻyicha olib borilayotgan ishlar ham tanqidiy koʻrib chiqilib, bu borada jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygani uchun “Hududgaz Xorazm” gaz taʼminoti filiali rahbarini ishdan olish boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilish yakunida elektr energiyasi yoʻqotishlari 20 foizdan yuqori boʻlgan hududlar kesimida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Andijon filialidagi 14 ta, Jizzax filialidagi 7 ta, Samarqand filialidagi 10 ta, Qashqadaryo filialidagi 4 ta, shuningdek Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona filiallaridagi 2 tadan tuman (shahar) elektr korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etildi.
