platina.uz
Jamiyat

1 maydan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?

"Umra" tadbiriga olib borish "Haj va Umra" yagona portalida majburiy roʻyxatga olish orqali amalga oshiriladi. Baʼzi hududlarda "Aqlli" migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. 

1 maydan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?

2026 yil 1 maydan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhi taqdim etildi.

Har qanday darajadagi standartlardan foydalanishga ixtiyoriy tus beriladi, xalqaro (mintaqaviy, xorijiy) standartlarni respublika hududida qabul qilishning xalqaro amaliyoti joriy etiladi hamda standartlaring rasmiy roʻyxati milliy standartlar darajasida shakllantiriladi.

Yangi quriladigan koʻp kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir podʼezdga, liftlarga va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon komplekslari oʻrnatish nazarda tutiladi.

"Umra" tadbiriga olib borish "Haj va Umra" yagona portalida majburiy roʻyxatga olish orqali amalga oshiriladi.

Eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish boʻlinmalarida oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilgan, sunʼiy intellekt asosida faoliyat yuritadigan "Aqlli" migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi.

Xalqaro dasturlar ("Stent for Life" va "Action Plan for Stroke") asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona toʻlovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etiladi:

- taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ularni oʻrnatishdan kamida 3 oy oldin "Yagona darcha" bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi;

- vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yigʻimlar (toʻlovlar) miqdori va kalkulyatsiyasi "Yagona darcha" bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi.

Arxiv xizmatlarini koʻrsatishda quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:

- talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazishda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati;

- mavzuli soʻrovlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma berishda soʻralayotgan hujjatning nusxasi;

- davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini, shuningdek, Milliy arxiv fondining nodavlat qismiga kiritilgan arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berishda arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtkazish shaklini tasdiqlovchi hujjatlar;

- tijorat tashkiloti hujjatlarining belgilangan tartibda davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma. Bunda mazkur hujjat davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar tomonidan Arxiv axborot tizimi orqali mustaqil ravishda olinadi.

Nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironligi boʻlgan, I va II guruh nogironlari) boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yoʻllanmani shakllantirish va elektron navbatga qoʻyish kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, barcha turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida"gi Qonun bilan tartibga solinadi hamda faqat" Litsenziya" axborot tizimi yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi (bundan Markaziy bank hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli boʻlgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari mustasno).

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid