Transportlarni jarima maydonchasidan olib chiqish boʻyicha elektron tartib belgilandi
Murojaat qiluvchi YaIDXP (my.gov.uz) yoki mobil ilova orqali murojaat qilganda, soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.

Avtomototransportlarni jarima maydonchasidan olib chiqish yuzasidan elektron murojaat qilish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (208-son, 28.04.2026 y.) bilan “Avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish yuzasidan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga koʻra, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati va uning hududiy boʻlinmalari mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.
Davlat xizmati quyidagilardan biri orqali koʻrsatiladi:
- YaIDXP (my.gov.uz);
- Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi;
- Davlat xizmatlari markazlari.
Murojaat qiluvchi YaIDXP (my.gov.uz) yoki mobil ilova orqali murojaat qilganda, soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Soʻrovnomaga kiritilgan murojaat qiluvchi maʼlumotlarining haqqoniyligi avtomatlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi.
Vakolatli organ murojaatni koʻrib chiqish jarayonida quyidagilarni tekshiradi:
-avtomototransportni jarima maydonchasiga joylashtirish sabablari va ushlab turish asoslari bartaraf etilgani;
- yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilingani.
Murojaatni koʻrib chiqish natijasiga koʻra, yuqoridagilar tasdiqlanganda, murojaat qiluvchiga YaIDXP yoki mobil ilova orqali 1 ish kuni ichida avtomototransportni jarima maydonchasidan olib chiqish mumkinligi haqida xabarnoma yuboriladi.
