Sirdaryoda soliq boshqarmasi mansabdori ushlandi
U zargarlik buyumlari savdosi bilan shugʻullanuvchi MChJga jarima qoʻllamaslik va kelgusida rahnamolik qilish evaziga pora soʻragan.

Sirdaryoda soliq boshqarmasining mansabdor xodimi pora bilan ushlandi.
DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Soliq boshqarmasi komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boʻlimi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Jumladan, Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining shoʻʼba boshligʻi xizmat mavqeidan foydalanishga uringan. U zargarlik buyumlari savdosi bilan shugʻullanuvchi MChJ goʻyoki 1 mlrd soʻmdan yuqori savdo aylanmasini yashirib, majburiy toʻlovdan boʻyin tovlagani vaji bilan, unga nisbatan sunʼiy shakllantirilgan 145 mln soʻm jarimani qoʻllamaslik va kelgusi faoliyatida rahnamolik qilish evaziga uning rahbaridan qiymati 10 mln soʻmlik tilla taqinchoqni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
