Fargʻonada moliya boʻlimi boshligʻi hokimlik pullarini talon-toroj qilgani aniqlandi
U savdo doʻkonlari atrofini obodonlashtirish maqsadida MChJ hisob raqamiga pul oʻtkazib, 380 mln soʻmini naqdlashtirgan.

Bagʻdod tumanida hokimlik jamgʻarmasidagi pullarni talon-toroj qilgan sobiq moliya boʻlimi boshligʻi aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bagʻdod tumani boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subʼektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda Bagʻdod tumani Iqtisodiyot va moliya boʻlimining sobiq boshligʻi U.M. (muqaddam JKning 167-moddasi bilan sudlangan) hokimlik jamgʻarmasidagi 600 mln soʻmni “Chek-Xitoy” MFY hududidagi savdo doʻkonlari atrofini obodonlashtirish maqsadida "T.W." MChJ hisob raqamiga oʻtkazib, 380 mln soʻmini naqdlashtirgani aniqlandi. Amaldor ushbu pullar hisobidan MChJ rahbari J.T.dan 27 000 AQSh dollarini olib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
