Olis hududlarga maktab avtobuslari berildi
HAYOT Foundation ijtimoiy platformasi faoliyatini ana shunday xayrli ish bilan boshladi.

Oʻzbekistonda davlat, biznes va jamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirib, insonlar hayoti sifati hamda davomiyligini oshirishga qaratilgan HAYOT Foundation ijtimoiy platformasi oʻz faoliyatini boshladi. Platforma inson hayoti, tabiat va madaniy muhitni yaxshilash kabi uchta asosiy yoʻnalishda faoliyat yuritadi.
Platformaning ilk amaliy qadami sifatida taʼlim olish yoʻlidagi xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan “Maktabga xavfsiz harakat” loyihasiga start berildi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda 506 ta maktabning 146 mingdan ortiq oʻquvchisi darsga piyoda qatnaydi va kuniga 2 soatgacha vaqtini yoʻlda oʻtkazadi. 11 yillik oʻqish davomida bir oʻquvchi piyoda bosib oʻtadigan masofa 40 000 kilometrni, yaʼni Yer ekvatori uzunligini tashkil etishi mumkin.
Ushbu muammoning yechimi sifatida loyihaning birinchi bosqichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidagi 18-maktab, Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi 18-maktab, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 92-maktab hamda Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 10-maktabga yangi maktab avtobuslari topshirildi.
Loyiha rahbari Kamoliddin Beknazarovning taʼkidlashicha, platforma davlat tashkilotlari va xususiy sektor vakillarini birlashtiruvchi yangi tizim hisoblanadi. Loyihaning ikkinchi bosqichi yangi oʻquv yili arafasida avgust oylarida amalga oshiriladi. Hozirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda navbatdagi ehtiyojmand hududlar oʻrganilmoqda.
Ushbu tashabbus Kapitalbank va Gross sugʻurta kompaniyasi koʻmagida amalga oshirilgan boʻlib, ochilish marosimi doirasida qator vazirlik va idoralar bilan ijtimoiy hamkorlik memorandumlari ham imzolandi.
