Fargʻonada kambagʻallik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushgani qayd etildi
Taʼlim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning OTMlarga kirish koʻrsatkichi boʻyicha viloyat respublikada 3-oʻringa koʻtarildi. Fargʻona shahrida IT-Park universiteti, Margʻilonda INHA universitetining filiali ochiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahrida Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda.
Davlatimiz rahbari avvalo keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotida roʻy bergan oʻzgarishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Ilgari viloyat daromadining 70 foizi neft-kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobidan shakllanardi.
Oʻtgan davrda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvatlar ishga tushdi, tadbirkorlik uchun 100 trillion soʻm resurs berildi, tijorat maydoni 10 million kvadratga koʻpaydi, 13,5 ming kichik va oʻrta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra oʻsdi.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oshdi. Asosiysi, soʻnggi toʻrt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambagʻallik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.
Mahalliy budjet boʻyicha hokimlarga juda katta imkoniyat yaratilgani uchun bu yil birinchi chorakda har bir tumanda kamida 5-10 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoldi.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash boʻyicha ham katta oʻzgarishlar boʻlmoqda.
Masalan, ilgari Margʻilonda bir xonadonda oʻrtacha 2-3 oila yashardi. Bir yilda Ipakchi va Qirguli mahallalarining oʻzida 241 ta eski hovlilar oʻrnida 2,5 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etildi. Margʻilonning Navroʻz mahallasida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila koʻchib kiradi.
Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qoʻqon va Fargʻona shaharlarida ham jadal ketmoqda.
Soʻnggi oʻn yilda Fargʻonada 74 ming oʻrinli maktab, 145 ming oʻrinli bogʻcha hamda 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, 167 ta xususiy maktab paydo boʻldi, ularda 40 mingdan ortiq oʻquvchi taʼlim olyapti.
Taʼlim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning oliygohga kirish koʻrsatkichi boʻyicha viloyat respublikada 3-oʻringa koʻtarildi.
Tibbiyotda ham oʻzgarishlar katta. Birgina Beshariq tumanida oʻn yil oldin atigi 2 ta xususiy klinika boʻlgan boʻlsa, hozir 50 taga yetdi.
Viloyatda 15 ming gektar sanoatlashgan bogʻ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Bugun ishning koʻzini bilgan bogʻbonlar gektaridan 500 million soʻmgacha daromad olyapti.
Meva-sabzavot eksporti 3 karra koʻpayib, 400 million dollarga yetdi. Bu respublikada eng yaxshi koʻrsatkich.
Fargʻona, Soʻx, Quva tumanlari, Margʻilon va Qoʻqon shahrida turizm jadal oʻsmoqda. Toʻqqiz yilda 3 ming oʻrinli mehmonxona va mehmon uylari ishga tushdi. Oʻtgan yili xorijiy turistlar ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar esa 3 milliondan oshdi. Turizm eksporti 185 million dollarga yetdi.
Soʻnggi yillarda Fargʻonada IT xizmatlari 4 karra oʻsdi, eksport 23 million dollardan oshdi.
Bu yil Fargʻona shahrida jami maydoni 30 ming kvadrat metr boʻlgan IT-Park ishga tushirildi. Yaqinda Quvadagi 1-sonli texnikumda “IT-klasteri” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur klasterda yiliga 100 nafar yoshlar dasturlash, robototexnika, grafik dizayn va xorijiy tilga oʻqitiladi.
Mutasaddilarga yangi oʻquv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda 1 tadan texnikumda bunday kadrlar tayyorlashni boshlash topshirildi.
Fargʻona shahrida IT-Park universiteti, Margʻilonda INHA universitetining filiali ochilib, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yoʻnalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Besh yilda yurtimizda elektron tijorat hajmi 20 karra oshdi. Lekin Fargʻonaga buning bor-yoʻgʻi 2,5 foizi toʻgʻri keladi. Elektron tijorat hozirgi surʼatda rivojlansa, kelasi besh yilda 3,5 million kvadrat metrli tijorat omborlari kerak boʻladi.
Fargʻonada kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shuning 30 ming kvadrat metrini joriy yil ishga tushirish kerakligi qayd etildi.
Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi 10 nafardan tadbirkorni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga oʻrgatish topshirildi.
Viloyatdagi 1 ming 77 gektar ekin yerlari sanoat zonalari uchun ajratib berilgan. Tuman hokimlari investitsiya sifatini asosiy mezon qilib belgilab, har bir gektar yer yiliga kamida 50 milliard soʻmlik mahsulot olib kelishi boʻyicha izlanishlari shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Sanoat zonalarida 5 milliard dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi. Beshariqdagi Andarxon mahallasidagi 7 gektar maydonda erkin savdo zonasi tashkil etilishi belgilandi.
Qoʻqondagi 11 gektarda joylashgan mexanika zavodi bor-yoʻgʻi 20 foiz quvvatda ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bu yerda 70 million dollarlik yirik savdo kompleksini barpo qilish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
“Tarixiy obidalar va betakror tabiatni oʻzida jamlagan Fargʻonada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa boʻladi”, – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun Qoʻqon va Margʻilonni ziyorat turizmiga, Soʻx, Quva, Beshariq va Fargʻona tumanlarini tibbiy va ekoturizmga ixtisoslashtirish zarurligi qayd etildi.
Kecha Quvada “Karkidon” suv ombori hududidagi turistik majmua bilan tanishildi. Ushbu suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida favqulodda vaziyatlar markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Yurtimizda alohida toifalangan yana 25 ta suv ombori bor. Ularni ham bosqichma-bosqich aholi va turistlar gavjum maskanlarga aylantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Kecha Margʻilonda “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilish marosimi oʻtkazildi. Mazkur majmua milliy qadriyatlarimiz va tariximizni dunyoga namoyon qiladigan goʻzal maskanga aylanadi.
Fargʻona tumanida ham 2 ming 400 gektarda “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” koʻngilochar turizm majmuasi, “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi qurilmoqda.
Bundan unumli foydalanib, kelasi yil yakunigacha 300 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
