Toshkentda kuchli taʼsir qiluvchi dorilar savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh aniqlandi
Yangihayotdagi tezkor tadbirda 2 nafar shaxs ushlanib, ularning yonidan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Toshkent viloyatida narkolaboratoriya aniqlandi.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.
Xususan, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 2 nafar shaxs ushlanib, ularning yonidan 500 dona kuchli tasir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Maʼlum boʻlishicha, ular dorilarni tarqatish bilan shugʻullanishgan.
Keyinroq, ularga aloqador boʻlgan yana bir tarqatuvchi qoʻlga olinib, uning yonidan ham 500 dona kuchli tasir qiluvchi dorilar topildi.
Shundan soʻng ushbu dorilarning manbasini aniqlash maqsadida tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida 3 nafar shaxs qoʻlga olinib, ularning yashash manzili koʻzdan kechirilganda narkolaboratoriya tashkil etilganligi maʼlum boʻldi va 9 kg “Pregabalin”, 500 gr “Tropikamid”, 600 dona “Pregabalin” kuchli tasir qiluvchi dori vositalari hamda qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
