Toshkent shahar hokimiga ikki oʻrinbosar tayinlandi
Dauletiyar Xudaybergenov hokimning moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari boʻldi. U avval Prezident Administratsiyasida faoliyat yuritgan.

Toshkent shahar hokimiga ikki nafar oʻrinbosar tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xudaybergenov Dauletiyar Baxtiyarovich Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari — Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.
Dauletiyar Xudaybergenov 1990 yilda Nukus shahrida tugʻilgan. 2013 yilda Toshkent davlat yuridik institutini bakalavriat, 2015 yilda magistratura bosqichlarini tamomlagan. 2024 yilda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetini qayta tayyorlash yoʻnalishi boʻyicha tugatgan.
2025 yilda Oʻzbekiston Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014 yilda boshlab, qator masʼuliyatli vazifalarni bajarib kelgan.
Prezident Administratsiyasida ishlagan davrida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etish, sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, qurilish va kommunal sohani hamda hududlarni rivojlantirish boʻyicha islohotlarda bevosita ishtirok etgan.
Shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshqarma boshligʻi lavozimida ishlagan.
Dusmuhamedov Alisher Ismatillaevich Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha oʻrinbosari — Raqamli rivojlanish departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi.
Alisher Dusmuhamedov 1981 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2002 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini, 2006 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2013 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini, 2021 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2003 yilda boshlab, qator masʼuliyatli vazifalarda ishlagan. 2023 yil 29 martdan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
