Qoʻqon, Namangan, Andijon va Margʻilonni bogʻlovchi elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu yoʻnalishdagi ilk poyezdda Qoʻqon shahridan Margʻilon shahriga keldi.

Fargʻona vodiysida Qoʻqon, Namangan, Andijon va Margʻilon shaharlarini bogʻlovchi yangi elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu yoʻnalishdagi ilk poyezdda Qoʻqon shahridan Margʻilon shahriga keldi.
Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 27 dekabrdagi “2030 yilga qadar temir yoʻl transportida mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish koʻrsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Loyiha aholi zich yashaydigan Fargʻona vodiysida transport qatnovini yaxshilash, fuqarolarga qulay, xavfsiz va arzon xizmat koʻrsatish, yoʻlovchi tashish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
324 kilometrlik ushbu temir yoʻl halqasi vodiy viloyatlarini oʻzaro yanada yaqinlashtirib, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Yangi poyezd Toshkent yoʻlovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodida ishlab chiqarilgan. Olti vagondan iborat, 586 oʻrinli poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Chipta narxi 15 ming soʻm etib belgilangan. Bu avtomobil transportiga nisbatan ancha arzon va qulaydir. Kuniga 1,5 ming, yiliga qariyb 600 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati hududda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

Vagonlarda iqlim nazorati tizimi va konditsionerlar oʻrnatilgan. Bepul Wi-Fi, gadjetlar uchun USB-portlar mavjud. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus koʻtargichlar, keng joylar va moslashtirilgan hojatxonalar koʻzda tutilgan. Velosipedlarni tashish uchun mahkamlagichlar yoʻlovchilarning safardan keyin harakatlanish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
Vagonlardagi videokuzatuv va zarba kuchini kamaytiruvchi kresh-tizimlar xalqaro xavfsizlik standartlariga mos keladi.
Yoʻl davomida Prezidentimiz viloyat faollari bilan hududda roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqida suhbatlashdi.

Yangi temir yoʻl halqasi Fargʻona vodiysining turizm salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi. Bekatlar atrofida xizmat koʻrsatish shoxobchalari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish maskanlarini tashkil etish zarurligi, bu mahalliy aholi uchun qoʻshimcha daromad manbaini yaratishi qayd etildi.
