platina.uz
Siyosat

Prezidentning Fargʻona viloyatiga tashrifi boshlandi

Shavkat Mirziyoyev Qoʻqon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishi bilan tanishdi. Massivni barpo etish uchun jami 1 trillion 850 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. 

Prezidentning Fargʻona viloyatiga tashrifi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyatiga tashrifi Qoʻqon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlandi.

Mamlakatimizda aholining yashash sharoitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik andozalarini hududlarga olib kirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada joylarda barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yirik ijtimoiy loyihalardan biri boʻlmoqda.

Qadimiy Qoʻqon shahrida qad rostlayotgan yangi massiv ham nafaqat uy-joy majmuasi, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini oʻzgartiruvchi zamonaviy markaz sifatida shakllanmoqda.

Qoʻqon azaldan aholi zich yashaydigan, tadbirkorlik rivojlangan shaharlardan biri. Shu bois, bu yerda turar joyga boʻlgan talab yil sayin ortib bormoqda. Eskirgan infratuzilma va cheklangan yashash maydonlari shaharni yangi asosda kengaytirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimizning ikki yil avval Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida bunyod etilayotgan mazkur massiv aynan shu ehtiyojga amaliy yechim boʻlmoqda. Bu yerda oilalar zamonaviy va barcha qulayliklarga ega xonadonlar bilan taʼminlanmoqda.

Massivni barpo etish uchun jami 1 trillion 850 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Hududda 25 ming nafar aholi yashashiga moʻljallangan yaxlit infratuzilma shakllantirilmoqda. 84 ta koʻp qavatli uy bilan birga zamonaviy maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, oliy oʻquv yurti, biznes va savdo markazlari hamda aholi dam olishi uchun bogʻlar barpo etilishi koʻzda tutilgan.

Bu ishlar yangi massiv aholisi uchun uyidan uzoqlashmagan holda ishlash, taʼlim olish, savdo va xizmatlardan foydalanish, mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatini yaratadi.

Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi, 4 ming 394 ta xonadondan iborat 56 ta oʻn qavatli uy foydalanishga topshirildi. Tayyor taʼmirli xonadonlar aholiga 35 foizlik boshlangʻich toʻlov asosida, yillik 16 foiz stavka bilan 20 yil muddatga berilmoqda.

Davlatimiz rahbari yangi xonadonlardan biriga kirib, yaratilgan sharoitlar va jihozlanishi bilan tanishdi. Massivning ijtimoiy ahamiyatiga alohida toʻxtalib, bu yerda shakllanayotgan yangi muhit odamlarning dunyoqarashi, hayot sifati va turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.

Fargʻonalik nuroniylar bilan samimiy suhbat boʻlib oʻtdi.

Ular ijtimoiy davlat tamoyili asosida joylarda inson manfaatlari taʼminlanayotgani, zamonaviy taʼlim va tibbiyot muassasalari, obod mahallalar, yangi korxonalar va tadbirkorlik imkoniyatlari aholi hayotini oʻzgartirayotganini taʼkidladi. Nuroniylar bu ishlar yurtda toʻkinlik, farovonlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlayotganini aytib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Shu yerning oʻzida Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” massivining ikkinchi bosqichi hamda Qoʻqon shahrini rivojlantirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid