platina.uz
Siyosat

Prezident yangi barpo etilgan “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi bilan tanishdi

Bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat koʻrsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan. Loyiha qiymati 1,7 trln soʻmni tashkil etadi. 

Prezident yangi barpo etilgan “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi 1-sonli texnikumda yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish ishlari bilan tanishdi.

Bugun mamlakatlarning raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslar, balki inson kapitali, bilim va zamonaviy kasb egalarining salohiyati bilan ham belgilanmoqda. Shu bois, Oʻzbekistonda professional taʼlim tizimini isloh qilish, ayniqsa, hududlardagi texnikumlarni amaliy bilim, innovatsiya va tadbirkorlik markazlariga aylantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Quva tumanidagi texnikum faoliyati ham mazkur islohotlarning amaliy ifodasidir.

Texnikum binosida zamonaviy kasblarga oʻqitish va startaplarni qoʻllab-quvvatlash markazlari tashkil etilgan.

Xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda nemis va xitoy tillarini oʻqitish bilan birga logistika, qishloq xoʻjaligida dronlarni boshqarish, “aqlli” irrigatsiya, quyosh panellarini oʻrnatish va taʼmirlash kabi zamonaviy yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.

Dual taʼlim tizimi joriy etilib, 550 nafar oʻquvchi nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan bogʻlagan holda olmoqda.

Startap markazi yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Bu yerda robototexnika, SMM, mobilografiya, dizayn kabi talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha ham oʻquv kurslari tashkil etilgan.

Loyiha doirasida 200 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Ushbu tajribani respublikadagi yana 10 ta qishloq xoʻjaligi texnikumida joriy etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz kasb oʻrganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi, ularning oʻqishi va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Margʻilon shahridagi “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat koʻrsatish obʼektlari bilan tanishdi.

Fargʻona viloyatining turizm salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻz natijasini bermoqda. Keyingi yillarda hududga xorijiy sayyohlar tashrifi bir necha barobar oshgani ham buning yaqqol dalilidir.

Qadimiy Margʻilon shahri bu borada katta imkoniyatlarga ega. Davlatimiz rahbarining 2025 yil 1 apreldagi qarori asosida bu yerda “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi barpo etildi. Milliy meʼmorchilik anʼanalari, Margʻilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uygʻunlashgan ushbu majmua qadim shahar ichidagi shaharchadir.

35 gektar maydonni egallagan majmuada sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat koʻrsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan.

Buyuk alloma Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilish majmuaning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish koʻzda tutilgan.

Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “Oʻtkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uygʻunlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.

Qiymati 1,7 trillion soʻm boʻlgan loyihaning bosh rejasi Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majmua ikki bosqichda barpo etiladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 oʻrinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat koʻrsatish nuqtasi hamda 300 oʻrinli bozor tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari majmua boʻylab yurib, bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari, bozor rastalari bilan tanishdi. Jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat qurdi.

Majmua toʻliq ishga tushgach, viloyatga yiliga oʻrtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish oʻrni yaratiladi, byudjetga 52 milliard soʻm tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti taʼminlanadi.

Shuningdek, “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi tajribasini Buxorodagi “Boqiy Buxoro”, Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofi, Qoʻqondagi Oʻrda, Namangandagi “Axsikent” yodgorligi hamda Toshkentning Eski shahar hududlarida ham keng joriy etish rejalashtirilgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid