platina.uz
Iqtisod

Prezident Quvasoyda keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi

Davlat rahbari “Quva Agrostar” korxonasida ham boʻldi. Ushbu majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulotni yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha boʻlgan jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan.

Prezident Quvasoyda keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvasoy shahridagi “Crown Ceramic” qoʻshma korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Yurtimizda mahalliy xomashyo asosida import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda respublikada 47 ta keramik plita ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yili ular tomonidan 47,2 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, ichki talab 128,6 foizga qoplandi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 dekabrdagi Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq, 2025 yilda Quvasoy shahrida “Crown Ceramic” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarishga moʻljallangan loyiha 1 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatlariga ega.

Korxonada mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etmoqda. Uning asosiy qismi Quvasoydagi konlardan, shuningdek, Toshkent viloyatining Angren hududidan keltiriladi. Ishlab chiqarish jarayonida bir kunda 600 tonna saralangan tosh, 100 tonna qizil kaolin va 100 tonna kulrang kaolin ishlatiladi.

Bu yerda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bozorlarida kam uchraydigan yirik formatdagi eksportbop keramogranit plitalar ishlab chiqarilib, 6 xil oʻlchamdagi mahsulot tayyorlanadi.

Zavodda oddiy soy toshidan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot yaratilmoqda. Dala shpati ishlab chiqarish, kaolin tarkibidagi koʻmirni tozalash jarayonlari yoʻlga qoʻyilgan. Bu yuqori sifatli keramogranit ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Jarayonlar toʻliq raqamlashtirilib, energotejamkor uskunalardan foydalanilmoqda. Ekologik talablarga ham alohida eʼtibor qaratilgan: zamonaviy chang yutish moslamalari va filtrlar oʻrnatilgan. Yomgʻir suvlari yigʻib olinib, ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ishlatilgan suvni tozalash va ishlab chiqarishga qayta yoʻnaltirishning yopiq zanjiri yaratilgan.

Zamonaviy texnologiyalar hisobiga xomashyo tayyorlashda elektr energiyasi sarfi 20 foizgacha kamaytirilgan. Kunduzgi ish jarayonida tabiiy yorugʻlikdan foydalaniladi.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan keramik plitalar sifat va texnik koʻrsatkichlari boʻyicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Joriy yil yanvar-mart oylarida korxona Qirgʻiziston va Tojikistonga 400 ming dollarlik 80 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berdi. Eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Qozogʻiston, Rossiya va Yevropa davlatlari bilan shartnomalar imzolash choralari koʻrilmoqda.

Korxonada hozirda import qilinadigan glazur mahsulotlarini mahalliylashtirish boʻyicha ilmiy-amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Qiymati 20 million dollar boʻlgan, yiliga 50 ming tonna glazur ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyiha 2026 yil sentabrda ishga tushiriladi. Uning natijasida yana 100 ta ish oʻrni yaratilishi, qoʻshimcha 10 million dollarlik eksport amalga oshirilishi, sirlash mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning 85 foizini korxonaning oʻz kuchi bilan qoplash rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari korxonada mahsulot ishlab chiqarish va saqlash jarayonlari, joriy etilgan texnologiyalar hamda eksport rejalari bilan tanishdi. Bunday qoʻshma korxonalar mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish orqali hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida “Quva Agrostar” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida mahsulotni yetishtiribgina qolmay, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish hajmlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tashkil etilib, uning taʼsischiligida 21 ta tumanda ixtisoslashtirilgan agrar majmualar ish boshladi.

Sohadagi asosiy muammolardan biri ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi edi. Dehqon mahsulot yetishtirar, ammo uni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish imkoniyati cheklangan edi. Ixtisoslashgan agrokomplekslar esa aynan shu boʻshliqni toʻldirmoqda.

Ulardan biri “Quva Agrostar” korxonasi. Quva tumanida joylashgan majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulotni yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha boʻlgan jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan.

Korxonaning Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalari va Global GAP, ISO 22000, Halal va HACCP kabi xalqaro sertifikatlari mahsulot sifati va milliy brendga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tizimli yondashuv natijasida 2025 yilda ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda 25 million dollarlik mahsulotni tashqi bozorga yetkazish rejalashtirilgan.

Tumandagi 33 ta mahalladan 3 mingta xonadon va 1 mingta dehqon xoʻjaligi bilan kooperatsiya aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million soʻmgacha daromad olish amaliyoti oʻrgatilmoqda.

Shu yerning oʻzida aholiga tomorqadan samarali foydalanishni oʻrgatish va mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.

Tomorqa shunchaki qoʻshimcha daromad manbai emas, balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yoʻnalishiga aylanishi muhim ekani taʼkidlandi. Aholiga urugʻ tanlash, agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash boʻyicha amaliy koʻnikmalar berish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari “Quva Agrostar” erishgan natijalarni yuqori baholab, yerdan samarali foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish orqali yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, eng muhimi, dehqon va tomorqa egalari daromadini sezilarli darajada oshirish muhim ekanini taʼkidladi. Shu maqsadda Fargʻona viloyatida 50 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida ilgʻor agrotexnologiyalarga asoslangan qishloq xoʻjaligi tizimi joriy etilishi belgilandi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid