Toshkent viloyatida FVV mansabdori pora bilan ushlandi
U tadbirkordan jami qiymati 5 mlrd soʻmdan oshiq loyihalar uchun 63 ming dollar "ulush" talab qilgan.

Tadbirkordan 63 ming dollar talab qilgan mansabdorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent viloyati tumanlaridan biridagi rahbari pora olayotganda ushlandi. U mazkur tuman hududidan oqib oʻtuvchi 3 ta soy qirgʻoqlarini mustahkamlash va beton plitali yoʻl oʻtkazgichlari qurish boʻyicha umumiy qiymati 5,04 mlrd soʻmlik tuzilgan shartnomalarni goʻyoki vazirlikdagi hamkasblari orqali mahalliy masʼuliyati cheklangan jamiyatga olib berganligini roʻkach qilib, uning rahbaridan 63 ming AQSh dollari miqdorida “ulush” talab qilgan va joriy yilning mart-aprel oylarida 24 ming dollarini olgan.
Mansabdor shaxs noqonuniy harakatlarini davom ettirib, masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbaridan qolgan 39 ming AQSh dollarini ham berishini soʻragan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi. U talab qilgan pul mablagʻidan 25 ming dollarini oʻzining “Tracker” rusumli xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
