Buxoroda 17 nafar IIB amaldoriga xizmat tekshiruvi tayinlandi
Yigʻilishda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlari – polkovniklar Diyorbek Sattarov va Rustam Mirzayev ishtirok etgan.

Buxoro viloyatida xizmat faoliyati davomida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 17 nafar rahbarning kelgusidagi xizmat faoliyatini qayta koʻrib chiqish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.
24 aprel kuni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlari – polkovniklar Diyorbek Sattarov va Rustam Mirzayev raisligida Buxoro shahridagi Shayx ul-Olam mahallasida jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida amaliy oʻrganishlar oʻtkazilgan.
Jarayonda “Chilonzor tajribasi” asosida hududni kichik sektorlarga boʻlish, har bir xonadon bilan individual ishlash va manzilli profilaktik tadbirlarni tashkil etish masalalari tahlil qilingan.
Soʻng Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida yilning birinchi choragi yakunlariga bagʻishlangan kengaytirilgan, tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtgan.
Chorak yakunlari boʻyicha xizmatda yuqori natijalarga erishib, hamkasblariga namuna boʻlayotgan bir guruh xodimlar ham ragʻbatlantirilgan.
