Toshkentda 8 ming dollar talab qilgan elektr muhandislari ushlandi
Ular MChJ rahbaridan hisoblangan 400 mln soʻm jarimani 65 mln soʻmga tushirib berish evaziga pora soʻrashgan.

Elektr tarmoqlari korxonasi muhandislarining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Toshkent shahri tumanlaridan biridagi elektr tarmoqlari korxonasining 2 nafar muhandisi tijorat bank filiali binosida oʻrnatilgan elektr hisoblagich notoʻgʻri sxema orqali tarmoqqa ulanganligi natijasida elektr energiyasi xato hisoblanayotganligi boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirishgan.
Ular elektr hisoblagichni tarmoqqa ulagan MChJ rahbaridan mazkur dalolatnoma boʻyicha hisoblangan 400 mln soʻm jarimani 65 mln soʻmga tushirib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda muhandislar soʻralgan pul mablagʻini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
