Shveysariyada Gulnora Karimova bilan bogʻliq yirik korrupsion ish koʻrib chiqiladi
Karimova va uning hamkorlari telekommunikatsiya kompaniyalaridan Oʻzbekiston bozoriga kirish evaziga pora talab qilgan keng qamrovli tarmoqni shakllantirgani taxmin qilingan.

Shveysariyada Gulnora Karimova bilan bogʻliq yirik korrupsion ish koʻrib chiqiladi.
Shveysariyada Gulnora Karimova ishi boʻyicha sud jarayoni boshlanmoqda, joriy yil boshida u yana soʻroq qilingani maʼlum boʻldi.
27 aprel kuni Shveysariyaning Bellinsona shahridagi Federal jinoyat sudi uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan yirik korrupsiya ishini koʻrib chiqishni boshlaydi.
Ish markazida Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova turibdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Karimova va uning hamkorlari telekommunikatsiya kompaniyalaridan Oʻzbekiston bozoriga kirish evaziga pora talab qilgan keng qamrovli tarmoqni shakllantirgani taxmin qilinmoqda. Ushbu tizim bir necha yil davomida faol boʻlgan.
Shveysariya Bosh prokuraturasi 2012 yilda Karimovaga nisbatan korrupsiya, jinoiy guruhda ishtirok etish va pul yuvish ayblovlari bilan ish ochgan. Keyinchalik, 2015 yilda Jenevadagi xususiy bank sobiq xodimi ham tergovga tortilib, noqonuniy mablagʻlarni yashirishga yordam berganlikda gumon qilingan.
Ishning eʼtiborli jihatlaridan biri — tergov va sud jarayoni yillar davomida choʻzilib, hozirgacha davom etayotganidir. Voqealar 2008 yillarga borib taqaladi. Hatto Shveysariya sud amaliyotida ilk bor sud chet davlatga chiqib, soʻroq oʻtkazgan. 2026 yil boshida Karimova Toshkentda yana soʻroq qilingani aytilmoqda.
“Karimovaning 2014 yildan buyon Oʻzbekistonda qamoqda saqlanayotgani va uning hibs sharoitlari xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilingani ham ishga qoʻshimcha murakkablik kiritgan”, deb yozmoqda Shveysariyaning moliyaviy nashri Finews.
Nashrning qoʻshimcha qilishicha, sud jarayonida yana bir muhim savol bor: asosiy ayblanuvchilar Bellinsonadagi sud majlisida shaxsan ishtirok etadimi yoki yoʻq? Karimovaning ishtiroki ehtimoli past deb baholangan, uning sherigi qayerdaligi esa nomaʼlum.
