“Ayrimlar hali ham “uygʻongani yoʻq” – Shavkat Mirziyoyev
Prezident birinchi chorak koʻrsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak koʻrsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtyapti.
Prezident nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da Oʻzbekiston 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻʼtadil erkin” davlatlar qatoridan joy olganini eʼtirof etgan.
“Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtganimizni bilganlar biladi. Umuman, yil boshidan erishilgan natijalar, koʻrsatkichlar mehnatimizga yarasha boʻldi. Lekin ishlamay quruq oylik olib oʻtirganlar ham ishlaganlar bilan “bitta poyezdda ketyapti”. Zamon, iqtisodiyot va odamlar talabi kun sayin ortmoqda. Yilning uchdan biri oʻtib boʻldi. Afsuski, ayrimlar hali ham “uygʻongani yoʻq”, – dedi Prezidentimiz.
Birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xoʻjaligi 5,1 foizga oʻsgan. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiya hajmi esa 13,7 milliard dollarni tashkil qilgan. Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1 foizgacha pasaygan.
Bularning hisobiga yanvar-mart oylarida byudjet daromadlari oʻtgan yilga nisbatan 35 foizga koʻpayib, 103 trillion soʻmga yetgan. Mahalliy byudjetlarda qoʻshimcha 2,2 trillion soʻm mablagʻ shakllangan. Shundan 1,4 trillion soʻm tuman va shaharlar ixtiyorida qolgan.
