13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo qoʻllaniladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu hududlar sanoat rejasiga chiqa olmaganini tanqid qildi.

Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqoʻrgʻon, Furqat, Shovot, Shayxontohur, Sergeli tumanlari sanoat rejasiga chiqa olmagani uchun ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab, intizomiy jazo chorasi koʻriladi.
Ichki bozorda mis taklifi koʻpaytirilgan boʻlsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat oʻsishi prognozdagi 11,2 foiz oʻrniga 7,8 foizga, eksport rejasi bor-yoʻgʻi 57 foizga bajarildi.
Elektrotexnika eksporti uchun 100 million dollar resurs berib, aylanma mablagʻga garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratildi. Lekin birorta bank ushbu shartlarda kredit ajratmaganiga eʼtiroz bildirildi.
Mutasaddilarga ishlab chiqarishi, eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, eksportini moliyalashtirish, investitsiya loyihasi boʻyicha qanday masalasi boʻlsa, joyida hal qilish topshirildi.
Umuman, ikkinchi chorak yakuni bilan sohada ishlab chiqarishni 25 trillion soʻmga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, kartoshkaga boʻlgan talabni qoplash uchun bu yilga reja qilingan 180 ming gektardan 118 ming gektariga urugʻlik ekildi. Lekin Qashqadaryoda bor-yoʻgʻi 41 foiz, Surxondaryoda 44 foiz maydonda kartoshka ekilgan. Mart oyining oʻzida kartoshka Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda 9 foizga qimmatlashgani koʻrsatib oʻtildi.
“Takror aytaman: mablagʻ bor, resurs bor. Goʻsht va kartoshkadan hech qanday masala boʻlmasligi kerak”, dedi Prezident.
Kartoshkachilikka ixtisoslashgan Xoʻjaobod, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqoʻrgʻon, Toshloq, Fargʻona tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz deb baholandi.
Sustkashlikka yoʻl qoʻygan viloyat hokimlarining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari va tuman hokimlarining masʼuliyati hamda javobgarligini oshirish topshirildi.
